add

Dividend to‘lanmasligi qachon qonun buzilishi hisoblanadi?

Bugun 17:363 daqiqa

Foyda bo‘la turib dividend to‘lanmasligi har doim qonunga zid emas, ammo ayrim holatlarda aksiyador huquqlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi hisoblanadi.

Dividend to‘lanmasligi qachon qonun buzilishi hisoblanadi?

Aksiyadorlik jamiyatiga sarmoya kiritgan investor uchun dividend asosiy kutilyotgan daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Amaliyotda esa foyda mavjud bo‘lsa ham dividend e’lon qilinmasligi yoki e’lon qilingan dividendlarning vaqtida to‘lanmasligi holatlari tez-tez uchraydi. Bu vaziyat har doim ham qonun buzilishi emas, biroq ayrim holatlarda aksiyador huquqlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi hisoblanadi.

Dividend masalasini baholashda ikkita mutlaqo turli huquqiy holatni aniq ajratish zarur.

Oddiy aksiyalar aksiyadorga dividend olish huquqini beradi, biroq bu dividend har yili majburiy to‘lanadi, degani emas. Dividend faqat aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi tomonidan e’lon qilinganidan keyingina jamiyat zimmasidagi majburiyatga aylanadi.

Agar umumiy yig‘ilish dividend e’lon qilish bo‘yicha qaror qabul qilmagan bo‘lsa, dividend to‘lanmasligi avtomatik ravishda qonun buzilishi hisoblanmaydi. Bu holat jamiyatning dividend siyosati va aksiyadorlar qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Agar jamiyat yillar davomida foyda ko‘rsa-yu, lekin dividend masalasi muntazam ravishda kun tartibiga ham kiritilmasa, bu allaqachon korporativ boshqaruv sifati bilan bog‘liq savollarni keltirib chiqaradi.

Qonunchilikda dividend e’lon qilish va to‘lash mumkin bo‘lmagan holatlar aniq belgilangan.

Xususan, jamiyat ustav fondi to‘liq to‘lanmagan bo‘lsa, dividend to‘lash natijasida to‘lovga layoqatsizlik holatiga tushib qolsa yoki bunday xavf mavjud bo‘lsa, yoki sof aktivlar qiymati ustav va zaxira fondlari yig‘indisidan kam bo‘lsa dividend e’lon qilish huquqiga ega emas. Bu holatlarda dividend to‘lanmasligi jamiyat ixtiyoriga bog‘liq holat emas, balki huquqiy cheklov hisoblanadi.

Dividend umumiy yig‘ilish tomonidan e’lon qilingan bo‘lsa, u jamiyatning to‘lanishi shart bo‘lgan majburiyatiga aylanadi. To‘lov muddati, shakli va tartibi qarorda aniq ko‘rsatilishi lozim. Agar e’lon qilingan dividend belgilangan muddatda to‘lanmasa, aksiyador dividendni sud tartibida undirish huquqiga ega. Ayrim holatlarda penya yoki foiz hisoblash masalasi ham ko‘tarilishi mumkin.

«Dividend e’lon qilingan, lekin texnik sabab bilan to‘lanmadi», degan holat uzoq cho‘zilsa, bu endi texnik muammo emas, balki majburiyatni bajarmaslik hisoblanadi. Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividend shartlari odatda jamiyat ustavida yoki emissiya shartlarida oldindan belgilanadi. Ayrim holatlarda imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividend jamiyat foyda ko‘rmagan taqdirda ham zaxira fondi hisobidan to‘lanishi mumkin. Biroq bu ham har doim va har qanday holatda to‘lanadi degani emas. Aniq mexanizm faqat ustav va emissiya hujjatlari orqali aniqlanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, jamiyat zaxira fondini ustav fondining kamida 15 foizi miqdorida shakllantirishi va har yili sof foydaning kamida 5 foizini ajratib borishi shart. Zaxira fondi moliyaviy barqarorlik yostig‘i, ayrim hollarda imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividend manbai sifatida xizmat qiladi.

Agar jamiyatda foyda mavjud bo‘lsa-yu, zaxira fondi shakllanmagan bo‘lsa, bu moliyaviy intizom bilan bog‘liq muammodir. Dividend to‘lanmasligi har doim ham qonun buzilishi emas. Biroq dividend e’lon qilingan bo‘lsa, u jamiyat zimmasidagi aniq moliyaviy majburiyatga aylanadi. Shu nuqtadan boshlab masala korporativ siyosat emas, huquqiy javobgarlik doirasiga o‘tadi.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid