Qirg‘izistonda «Starlink» interneti ishga tushdi

Bugun 10:252 daqiqa

Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston va Turkmaniston davlatlari ushbu global servisga ulanmagan.

Qirg‘izistonda «Starlink» interneti ishga tushdi © getmedigital.com

Qirg‘iziston hududida «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet xizmati rasman ishga tushdi. Xizmatning rasmiy xaritasida mamlakat internetdan foydalanish mumkin bo‘lgan hududlar qatoriga kiritildi.

Endi mamlakat fuqarolari o‘z manzilini kiritish orqali xizmat mavjudligi va hududdagi tariflar haqida ma’lumot olishi mumkin. Shuningdek, foydalanuvchilar qurilmalar to‘plamini buyurtma qilish imkoniyatiga ham ega.

Qirg‘izistonda «Starlink» uskunalari to‘plami 36 270 som yoki taxminan 415 dollar qilib belgilangan. Xizmat ayniqsa internet infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan hududlar uchun ahamiyatli hisoblanmoqda.

Markaziy Osiyo tajribasi

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston sun’iy yo‘ldosh internetini ilk qabul qilgan davlatlardan biri bo‘lgan. U yerda xizmat 2025 yil 13-avgust kuni ishga tushirilgan edi.

Dastlab tizim sinov rejimida ishlab, asosan chekka qishloqlardagi maktablarni internet bilan ta’minlash vazifasini bajardi. Keyinchalik xizmat keng foydalanuvchilar uchun ham ochildi.

Hozirgi vaqtda Qozog‘istonda oylik «Starlink» xizmati 31 ming tenge yoki taxminan 65 dollarga teng. Uskunalar to‘plami esa 201 ming tenge, ya’ni taxminan 427 dollar etib belgilangan.

Shu bilan birga, Tojikiston ham «Starlink» xizmati foydalanayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan.

O‘zbekistonda qachon ishga tushiriladi

«SpaceX» kompaniyasi 2022 yilda O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan edi.

Avval xizmatni 2023 yilda ishga tushirish rejasi aytilgan, keyin muddat 2025 yilga ko‘chirilgan. Keyinchalik bu sana yana bir yilga surildi.

Avvalroq Samarqand viloyatining «Jartepa» postida Tojikistondan kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi «Mercedes-Benz» rusumli avtomashina belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, yukxonada bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan va tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan 1 dona «Starlink» qurilmasi borligi aniqlanib, musodara qilingan.

Shuningdek, Turkmanistonda aprel oyining o‘rtalaridan boshlab «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet antennalari aniqlanib, demontaj qilingan. Qayd etilishicha, mamlakatda aloqa tizimining og‘ir holati, internet tezligining pastligi va tariflarning qimmatligi sababli aholi «Starlink» xizmatiga o‘tishga majbur bo‘lgan. Fevral oyining o‘rtalaridan boshlab Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan joriy etilgan tarmoq «sustlashtirilishi» esa ushbu xizmatga talabni yanada oshirgan.

Teglar

Mavzuga oid