Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi

Prezident maktabni oltin va kumush medal bilan tamomlayotgan 11 ming nafardan ortiq o‘quvchilarning kelajakda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni mamlakatdagi maktab bitiruvchilarini tabriklab, yoshlarni katta maqsadlar qo‘yish va kelajak uchun muhim ko‘nikmalarni egallashga chaqirdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, 2026 yilda ilk bor 11 ming nafardan ortiq o‘quvchi maktabni oltin va kumush medallar bilan tugatmoqda. Prezident ushbu yoshlar keyingi hayotida ham tengdoshlariga namuna bo‘lib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, bu yil 171 nafar yosh dunyoning yetakchi universitetlariga qabul qilingani, yana minglab bitiruvchilar mamlakat oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylangani qayd etildi.

Yoshlar yutuqlari

Prezident o‘z murojaatida keyingi yillarda turli sohalarda katta natijalarga erishgan yoshlarni misol sifatida keltirdi. U shunday muvaffaqiyatlar yangi avlod uchun muhim ruhiy tayanch va motivatsiya bo‘lishini ta’kidladi.

Jumladan, shaxmat va futbol sohasidagi natijalar, shuningdek milliy ijodkorlarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki ham alohida e’tirof etildi.

«Bugungi hayotimizda sizlar uchun o‘rnak bo‘ladigan yutuqlarimiz, yosh-yosh qahramonlarimiz ko‘p. To‘rt-besh yil oldin maktabni tugatgan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov kabi mashhur sportchilarimiz shaxmat va futbol olamida butun dunyoni qoyil qoldirmoqda. Yosh kino ijodkorlarimiz jahondagi obro‘li kino anjumanlaridan biri bo‘lgan Kann festivalida Gran-pri mukofotini olishga sazovor bo‘ldi. Kuni kecha futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatdik. Barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan bunday yutuqlar ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan.

Ko‘ryapsizlarmi, chin dildan intilsa, harakat qilsa, Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk marralarni zabt etishga qodir! Men ishonaman, sizlarning orangizdan ham ana shunday millat qahramonlari, Yangi O‘zbekiston iftixorlari yetishib chiqadi!», deyiladi tabrikda.

Kelajak eshiklari

Davlat rahbari bitiruvchilarga kamida bitta xorijiy til va zamonaviy kasbni egallashga intilish bo‘yicha chaqiriq yo‘lladi. Bu kelajak uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, yoshlarga katta maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmaslik, o‘z kuchiga ishonish va hamisha olg‘a intilish zarurligi aytildi. Prezident barcha bitiruvchilarga baxt, omad va muvaffaqiyat tiladi.

Teglar

Mavzuga oid