Hayit kuni Toshkentda jamoat transporti soat 4:00 dan harakatlanadi
Qurbon hayiti namoziga borishda jamoat transportidan foydalanish tavsiya etildi.
© vaqt.uzToshkent shahrida 27-may, chorshanba kuni Qurbon hayiti munosabati bilan avtobus yo‘nalishlari va metropoliten soat 4:00 dan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik, yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida fuqarolarga Qurbon hayiti namoziga borishda jamoat transportidan foydalanishni tavsiya etmoqda.
Qurbon hayiti
Islom olamidagi eng yirik bayramlardan biri bo‘lgan Qurbon hayiti musulmon qamariy taqvimi bo‘yicha Zulhijja oyining 10-kunida nishonlanadi. Joriy yilda bayramning birinchi kuni 27-may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) muqaddas Makka shahridagi Haj ziyoratining yakunlanishini anglatadi va ushbu kunda hayit namozi o‘qilishi, qurbonlik qilinishi hamda yaqinlar holidan xabar olinishi an’ana hisoblanadi.





