Saida Mirziyoyeva Hindistonga bordi

Bugun 12:282 daqiqa

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Hindistonga tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan qabul marosimida qatnashdi.

Saida Mirziyoyeva Hindistonga bordi © Саида Мирзиёеванинг ижтимоий тармоқдаги саҳифасидан

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Hindistonga tashrifi munosabati bilan Nyu-Dehli shahrida uyushtirilgan qabul marosimida qatnashdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.

«Amerikalik hamkorlarimiz bilan savdo aloqalarini kengaytirish va yangi investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha jonli hamda mazmunli muloqotimizni davom ettirish imkoniyatidan mamnunman», – deb yozadi Mirziyoyeva.



Saida Mirziyoyeva e’lon qilgan rasmdan ko‘rish mumkinki, marosimda Marko Rubio bilan birga AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, AQSHning Hindistondagi elchisi Serjio Gor ham qatnashgan. U ham «X»dagi sahifasida post qoldirib, Saida Mirziyoyevaga minnatdorlik bildirgan.

«Mening aziz do‘stim Saida Mirziyoyevaga Toshkentdan kelib, ushbu oqshomda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio sharafiga tashkil etilgan maxsus kechki ziyofatda ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston bilan hamkorligimiz eng yuqori darajadagi aloqalarga chiqqan», – deydi Gor.



Serjio Gor va Saida Mirziyoyevaning oldingi uchrashuvlari

O‘tgan yili oktabr oyida Sejio Gor Toshkentga kelgan va Saida Mirziyoyeva bilan muzokara o‘tkazgandi. Keyingi oyda Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor yangi tashkil etilgan AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari etib tayinlandi.
Joriy yil fevral oyida Toshkentda ushbu kengashning ochilish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Serjio Gor va Saida Mirziyoyeva boshqa ko‘plab mavzular qatorida ikki davlat o‘rtasida tijorat diplomatiyasini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Aprel oyida esa Saida Mirziyoyeva AQSH prezidenti Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida Serjio Gor bilan uchrashdi. Bu safar tomonlar muloqot davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Keyin Mirziyoyeva Vashingtonga ham bordi. U Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini rasman ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu kengash O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada mustahkamlash, investitsiya muhitini yaxshilash va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni faollashtirishga xizmat qiladi. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi.
18-may kuni London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO jarayonini boshlashiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi va Saida Mirziyoyeva unda ishtirok etdi. Tadbirda Serjio Gor ham ko‘rinish berdi. Keyinchalik Gor Mirziyoyeva bilan ham uchrashdi. Muloqot davomida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollariga to‘xtalib, oldinga qo‘yiladigan qadamlar borasida aniq kelishib olingani aytildi.

Teglar

Mavzuga oid