Taksimi yoki samolyot? Toshkentdan Xorazmgacha eng maqbul transport qaysi?

Bugun 16:579 daqiqa

O‘zbekistonda viloyatlararo sayohat qilmoqchi, viloyatlardan poytaxt Toshkentga va poytaxtdan viloyatlarga bormoqchi bo‘lganlar bir xil savolga duch keladi: qaysi transportni tanlagan ma’qul? Arzon avtobusmi, tezroq yetkazadigan taksimi, bilet topish mushkul bo‘lgan poyezdmi yoki qimmat bo‘lsa ham samolyotmi? VAQT.UZ mashhur qo‘shiqda masofasi 1100 kilometr ekani aytilgan Toshkentdan Xorazmgacha bo‘lgan yo‘l misolida barcha variantlarning narxi, yo‘l vaqti, qulayligi va xavfsizligini solishtirdi.

Avtobus

Eng hamyonbop variantdan boshlaydigan bo‘lsak, Toshkentdan Xorazmga avtobusda borish hozircha eng arzon yo‘llardan biri hisoblanadi. Ikki hudud orasidagi masofa uzoq bo‘lgani uchun yo‘l o‘rtacha 15–17 soat davom etadi. Hozirda Toshkent avtovokzalidan Xiva yo‘nalishiga muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir kishi uchun chipta narxi 240 ming so‘mni tashkil qiladi.

 Chiptalarni nafaqat avtovokzal kassalaridan, balki onlayn sotib olish ham mumkin. Avtobus talabalar yoki tez-tez qatnaydiganlar uchun ancha tejamkor variant hisoblanadi. Qatnov oldidan yo‘lovchilarga telefon orqali eslatma ham beriladi va avtobuslar, odatda, belgilangan vaqtda yo‘lga chiqadi.

 Biroq doimiy qatnovchilarning aytishicha, qaytish reyslarida ayrim muammolar ham uchrab turadi. Masalan, ba’zi avtobuslar har doim ham toza bo‘lavermaydi. Uzoq yo‘lda eng ko‘p shikoyat qilinadigan masalalardan biri esa telefon quvvatlash uskunalarining ishlamasligi. 15 soatlik safarda gadjet o‘chib qolishi yo‘lovchi uchun ancha noqulay vaziyat tug‘dirishi mumkin.

 Shuningdek, ayrim holatlarda avtobuslar kechikib harakatlanishi ham kuzatiladi. Bu esa Toshkentga yetib kelish vaqtining surilishiga sabab bo‘ladi. Shunga qaramay, narx va qulaylik nuqtayi nazaridan avtobus hali ham eng ommabop variantlardan biri bo‘lib qolmoqda.

 Taksi

 Toshkentdan Xorazmga borishning keyingi nisbatan tejamkor varianti –taksi. Bu yo‘lda mashina orqali safar o‘rtacha 11–12 soat davom etadi. Ya’ni avtobusga nisbatan manzilga biroz tezroq yetib borish mumkin.

 Taksining asosiy ustun tomoni – erkinlik. Poyezd yoki avtobusdagidek vokzalga bog‘lanib qolmaysiz. Qulay vaqtda yo‘lga chiqish mumkin, ayrim holatlarda haydovchi yo‘lovchini uyining oldigacha olib borishi ham mumkin. Albatta, bu ko‘proq haydovchi bilan kelishuvga bog‘liq.

 Hozirda Toshkentdan Xorazmga taksi narxi bir kishi uchun o‘rtacha 350 ming so‘m atrofida. Ammo bayram kunlari yoki talab oshgan paytlarda narxlar keskin oshib, hatto 1 million so‘mgacha chiqishi ham mumkin.

 Bundan tashqari, 350 ming so‘m faqat yo‘l haqi ekanini ham unutmaslik kerak. Uzoq safar davomida kamida bir marta ovqatlanishga to‘g‘ri keladi. Bu esa qo‘shimcha ravishda kamida 50 ming so‘m atrofida xarajat degani. Natijada umumiy safar xarajati 400 ming so‘mdan ham oshib ketishi mumkin.

 Yo‘lovchilarning aytishicha, taksida eng katta muammo – xavfsizlik masalasi. Chunki uzoq yo‘lda barcha mas’uliyat bitta haydovchi zimmasida bo‘ladi. Ayniqsa tungi safarlarda charchoq yoki uyqusizlik xavfni yanada oshirishi mumkin. Shu sababli ko‘pchilik bu variantni tez va qulay deb hisoblasa-da, xavfsizlik bo‘yicha uning poyezd yoki samolyot bilan tenglasha olmasligini ta’kidlaydi.

 Poyezd

 Agar omadingiz kelib bilet topa olsangiz, Toshkentdan Xorazmga borishda poyezd eng xavfsiz va qulay variantlardan biri hisoblanadi. Ammo bu yerda asosiy muammo chipta topish. Ayniqsa yozgi ta’til, qishki dam olish mavsumi yoki bayram kunlarida poyezdga bilet olish ko‘pchilik uchun haqiqiy muammoga aylanadi.

 Doimiy qatnovchilarning aytishicha, agar safardan kamida ikki-uch hafta oldin harakat qilinmasa, kassada «bilet qolmagan» degan javobni eshitish ehtimoli juda yuqori. Shu sababli ko‘pchilik poyezd chiptasini oldindan bron qilishga harakat qiladi.

 Hozirda Toshkentdan Xorazmga Urganch yoki Xiva yo‘nalishida qatnaydigan poyezdlar mavjud. Narxlar vagon turiga qarab farq qiladi. Masalan, platskart chiptalari 245 ming so‘mdan boshlanadi. Bu eng arzon va talab yuqori bo‘lgan variant hisoblanadi.

 Kupe chiptalari o‘rtacha 348 ming so‘m. Lyuks vagonlarda safar qilishni istaganlar uchun esa narx 640 ming so‘mgacha yetadi.

 Yo‘l davomiyligi o‘rtacha 13–15 soatni tashkil qiladi. Masalan, kechqurun  poyezdga chiqqan yo‘lovchi ertasi kuni tushga yaqin Xorazmga yetib borishi mumkin.

 Chiptalarni temiryo‘l kassalaridan tashqari, onlayn sotib olish imkoniyati ham bor.

 Agar tezroq yetib borishni istasangiz, Toshkent  Xiva yo‘nalishida, xalq orasida allaqachon «boylar poyezdi» sifatida qarash boshlangan yangi «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdi ishga tushgan. Bu poyezd orqali Xorazmga atigi 7,5 soatda yetib borish mumkin. Faqat narxini hamyoningiz ko‘tarsa bas. Poyezd ertalab soat 07:00 da Toshkentdan yo‘lga chiqadi va kunduzi 14:31 da Xivaga yetib boradi. Qatnovlar haftasiga uch kun seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

 Biroq tezlik bilan birga narx ham oshadi. Bu poyezd uchun chipta narxi taxminan 780 ming so‘mni tashkil qiladi. Doimiy yo‘lovchilarning aytishicha, tezyurar poyezd uchun bilet topish oddiy poyezddan ham qiyinroq. Ayrim holatlarda chipta qidirishni bir oy oldin boshlashga to‘g‘ri keladi.

2025-2026 yillarda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,8 million so‘mni tashkil etdi. Biroq bu ko‘rsatkich barcha uchun bir xil emas, hududlar kesimida, sohalar bo‘yicha va ijtimoiy qatlamlar o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud.

Elektropoyezd chiptasi 780 ming so‘m. Bu o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 11,5 foizi demakdir. Agar yo‘lovchi borib-kelish chiptasini olsa, oylik daromadining qariyb 23 foizi faqat yo‘l xarajatiga sarflanadi.

Bu nomutanosiblik talabalar misolida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Hozirda oliy ta’lim muassasalarida talabalarning bazaviy oylik stipendiyasi 569 ming so‘mni tashkil etadi. Ya’ni chipta narxi bir oylik stipendiyadan ham baland. Soddaroq aytganda, talabaga poyezdda bir tomonga safar qilish uchun butun bir oy o‘qish uchun oladigan mablag‘ini sarflashga to‘g‘ri keladi, borib-kelish esa stipendiyadan ancha oshib ketadi.

Agar oilaviy safarni olsak, masala yanada og‘irlashadi. Ikki nafar katta va bir boladan iborat oila uchun xuddi shu yo‘nalishda «Jaloliddin Manguberdi» poyezdining chiptalari 1 million 825 ming so‘mga yetadi. Bu ko‘plab oilalar uchun bir oylik daromadning roppa-rosa uchdan bir qismidan ko‘proq mablag‘ni tashkil etadi. Va bu hali faqat bir tomonga.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, «Jaloliddin Manguberdi» kabi yangi tezyurar poyezdlar tobora ommaviy transport vositasidan ko‘ra, ma’lum qatlam uchun mo‘ljallangan xizmatga aylanib borayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Savol esa ochiq qolmoqda: agar poyezd chiptasi oylik daromadning sezilarli qismini tashkil etsa, u hali ham ijtimoiy transport hisoblanadimi?

 Samolyot

Nihoyat, eng «baland» nuqtaga yetib keldik. Agar siz uchun vaqt puldan qimmat bo‘lsa, tanlovingiz aniq. Toshkentdan Xorazmga Airbus A320 havo kemasida umumiy hisobda 1,5-2 soatda yetib borasiz. Ammo aviatsiya sohasidagi narxlar barqaror emas, ular tanlangan tariflarga chiptani sotib olayotgan vaqtingizga qarab o‘zgaradi. Masalan, bir oy oldin bilet sotib olsangiz, ancha arzonroq biletlarni topishingiz mumkin, ammo belgilangan bayramlardagi dam olish kunlari uchun biletlarni qancha oldin qidirsangiz ham narxlarni ancha qimmat bo‘ladi. Negaki, bayram kunlari uchun talab ko‘p bo‘ladi va aviakompaniyalar ham tabiiyki talabga yarasha takliflar beradi. 

Samolyot chiptalari narxining keskin va tez o‘zgarishiga quyidagi asosiy omillar ta’sir qiladi:
• Talab va taklif: Aviakompaniyalar tizimi samolyotdagi bo‘sh joylar kamaygani sari qolgan chiptalar narxini avtomatik ravishda oshirib boradi. Ayniqsa, yozgi ta’tillar va bayram kunlari talab keskin ortishi hisobiga narxlar eng yuqori nuqtaga chiqadi.
• Aviayonilg‘i xarajatlari: Aviakompaniyalar umumiy xarajatlarining qariyb 30-40 foizini aynan aviayonilg‘i tashkil etadi. Yonilg‘i bahosining o‘zgarishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chipta tannarxida aks etadi.
• Xorijiy valuta va lizing: Zamonaviy samolyotlarning ijara to‘lovlari, texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlari xorijiy valutada (dollar yoki yevroda) amalga oshiriladi. Valuta kursining tebranishi narxga ta’sir qilmay qolmaydi.
• Tariflar va aeroport yig‘imlari: Har bir parvoz uchun aeroport xizmatlari to‘lovlari to‘lanadi. Shuningdek, chiptaga bagaj va uni qaytarib topshirish kabi imkoniyatlar qo‘shilgan sari tariflar qimmatlashib boradi.
• Davlat subsidiyalari: hukumat ayrim ichki reyslar uchun aviakompaniyalarga kompensatsiya bersa, bilet arzonlashishi mumkin. Masalan, iqtisod-klass chiptalari uchun subsidiyalar joriy qilingan.

Shu sababli chiptani bir oy oldin va bir kun oldin qidirish o‘rtasida bir necha barobar farq bo‘lishi mumkin.

 Agar siz bir oy keyingi sana uchun chipta buyurtma qilsangiz, kompaniyalarda minimum va maksimum qancha mablag‘ sarflashingiz kerakligini ko‘rib chiqamiz:

• «Uzbekistan Airways»: Milliy aviakompaniyada eng arzon yukni o‘z ichiga olmagan «Ekanom LITE» tarifi 760 ming so‘mdan boshlanadi. Agar sizga 23 kg bagaj va chiptani qaytarish imkoniyati kerak bo‘lsa, «SMART» tarifi taxminan 830 ming so‘mga aylanadi. Ushbu kompaniyadagi maksimal qulaylikka ega bo‘lgan «Biznes PRO» tarifi esa 1 million 780 ming so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

• «Silk Avia»: Ushbu mahalliy aviakompaniyada muddatidan ancha oldin qidirilganda, eng arzon «Oddiy» tarifini (5 kg qo‘l yuki bilan) taxminan 470 ming so‘mga topish mumkin. Agar parvoz yaqin kunlarga to‘g‘ri kelsa yoki joylar kamaysa, xuddi shu reysdagi 20 kg bagajni o‘z ichiga oluvchi «Omad» tarifi taxminan 1 million 60 ming so‘mga, «Omad PLUS» tarifi esa taxminan 1 million 130 ming so‘mgacha ko‘tariladi. Yo‘l vaqti  to‘xtashlarsiz 1 soat-u 55 daqiqa.

• «Centrum Air»: Bu aviakompaniyada bir oy oldin qidirilganda, 8 kg qo‘l yukini o‘z ichiga olgan eng minimal «Base» tarifi taxminan 670 ming so‘mdan boshlanadi. Qo‘shimcha qulayliklarga ega bo‘lgan «Comfort» tarifi esa 1 million so‘mdan oshadi. Yo‘l vaqti  1 soat-u 40 daqiqa.

Demak, agar siz safaringizni kamida bir oy oldin rejalashtirib, chipta qidirsangiz, Toshkentdan Xorazmga uchish uchun samolyot chiptalarini minimal 470 ming so‘mdan maksimal 1 million 784 021 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda topishingiz mumkin.

Bu raqamlarni real hayotimizga solishtirsak, eng arzon samolyot chiptasi (594 871 so‘m) mamlakatdagi o‘rtacha oylik nominal ish haqining 6 800 000 so‘mning taxminan 8,7 foizini tashkil qiladi va talabaning bir oylik bazaviy stipendiyasiga 569 000 so‘m deyarli teng keladi. Maksimal biznes tarif esa o‘rtacha oylik maoshning chorak qismidan ko‘prog‘ini  26,2 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, aeroport shahardan chetroqda joylashgani sababli, u yerga yetib olish va manzilga borish uchun qo‘shimcha taksi xarajatlari ham qo‘shilishini unutmaslik lozim.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, ichki aviareyslar narxi oddiy aholi va ayniqsa talabalar uchun umuman optimal emas, degan xulosaga kelish mumkin. Toshkent-Urganch reysi chiptasi narxiga yana ozgina mablag‘ qo‘shilsa, bemalol chet davlatga uchib ketish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Toshkentdan Xorazmgacha Urganch va Xiva shaharlariga olib boradigan 1000 kilometrdan ortiq masofadagi transport imkoniyatlarini faqat borish uchun sarhisob qilsak, vaziyat quyidagicha:

Avtobus: 240 000 so‘m (O‘rtacha oylik ish haqining 3,5 foizi);
• Oddiy poyezd (Platskart): 245 140 so‘m (O‘rtacha oylik ish haqining 3,6 foizi);
• Oddiy poyezd (Kupe): 348 550 so‘m (O‘rtacha oylik ish haqining 5,1 foizi);
• Oddiy poyezd (Lyuks): 640 390 so‘m (O‘rtacha oylik ish haqining 9,4 foizi);
• «Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdi (Ekonom): 780 000 so‘m (O‘rtacha oylik ish haqining 11,5 foizi);
• Taksi: Odam boshiga kamida 350 000 – 400 000 so‘m (yo‘ldagi ovqatlanish bilan birga oylik ish haqining 5,1  foizi);

• Samolyot: 470 ming so‘mdan 1 million 780 ming so‘mgacha (Tanlangan avikompaniya va tarifga qarab o‘rtacha oylik ish haqining 6,9 foizidan 26 foizigacha).

 Statistik va texnik jihatdan, poyezd eng xavfsiz transport vositasi hisoblanadi. Yo‘l davomiyligi elektropoyezdda 7 yarim soat, oddiy poyezdlarda esa 13-15 soat. Chiptalarni kamida 2 hafta yoki 1 oy oldin sotib olish zarur.

Samolyot vaqt jihatidan eng tezkor va poyezddan keyingi xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan transportdir. Uchish vaqti 1,5-2 soat. Biroq moliyaviy xarajatlar jihatidan eng yuqori o‘rinda turadi.

Avtobus hamyonbop bo‘lsa-da, yo‘l vaqti eng uzoq 15-17 soat va yo‘lovchi uchun jismoniy charchoq darajasi yuqori bo‘lgan vositadir. Xavfsizlik ko‘rsatkichi o‘rtacha.

Taksi vaqt jihatidan avtobusdan tezroq 11-12 soat va unchalik uzoq kutishni talab qilmaydi. Ammo inson omili, yo‘l sharoiti va haydovchining charchoq darajasi yuqoriligi sababli xavfsizlik reytingida eng oxirgi o‘rinda turadi. Narxlar barqaror emas.

Teglar

Mavzuga oid