
Ilk o‘zbek 3D multfilmi Turkiya telekanalida e’tirof etildi
25-dekabrdan «Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi» multfilmi namoyishi boshlanadi.
O‘zbekistondagi barcha kinoteatrlarda 25-dekabrdan 3D texnologiyasida suratga olingan birinchi to‘liq metrajli animatsion multfilm — «Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi» namoyishi boshlanadi.
5 yoshdan katta bolalarga mo‘ljallangan multfilm Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga binoan Lola Animation studiyasi tomonidan suratga olingan.
Turkiyaning nufuzli TRT Avaz telekanali film haqida maxsus reportaj tayyorlab, unda o‘zbek animatorlarining professional mahorati, yuqori sifatli grafika va mazmunli g‘oyalar alohida ta’kidlandi. Xorijiy ekspertlar filmni mintaqaviy animatsiya bozorida raqobatbardosh mahsulot sifatida baholamoqda.
Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga ko‘ra, multfilmning maqsadi bolalarga do‘stlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi qadriyatlarni singdirishdan iborat.
Film premerasiga qadar merch to‘plami — kitob, raskraska, qahramonlar obrazidagi o‘yinchoqlar, Rubik kubigi, quloqchinlar va boshqa tovarlar sotuvga chiqariladi. Markazning ta’kidlashicha, u Disney, Pixar va DreamWorks kabi kompaniyalar tajribasi asosida ishlab chiqilgan.





