Davlat korxonalarining 80 foizdan ortig‘ini xususiylashtirish mumkin — XVJ
Xalqaro valuta jamg‘armasida O‘zbekistonda davlat korxonalarining iqtisodiyotdagi o‘rnini tahlil qildi. Jamg‘armaga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonalarning 80 foizdan ortig‘ini xususiylashtirish mumkin. Aktivlar bo‘yicha davlat banklari ulushi xalqaro me’yorlardan qariyb uch baravar yuqori bo‘lib turibdi.
© Foto: Bloomberg.comXalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) «O‘zbekistonda davlat korxonalari: muammolar va rivojlanish imkoniyatlari» mavzusida hisobotini e’lon qildi. Unda davlat sektori va uning mamlakat iqtisodiyotidagi roli bo‘yicha tashkilotning bir qancha tavsiyalari keltirib o‘tilgan.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda davlat korxonalari iqtisodiyotda hanuz juda katta ulushga ega. 2024-yil yakuniga ko‘ra, ularning aktivlari mamlakat iqtisodiyotining (yalpi ichki mahsulot) 101 foiziga teng bo‘lgan.
Shundan 52 foizi davlat ishtirokidagi moliyaviy korxonalarga, 49 foizi esa moliyaviy bo‘lmagan korxonalarga to‘g‘ri kelgan. XVJ bunday katta davlat ishtiroki resurslar samarali taqsimlanishiga to‘sqinlik qilishi va budjet uchun qo‘shimcha xatarlar keltirib chiqarishi mumkinligini aytmoqda.
Hisobotga ko‘ra, davlat korxonalari iqtisodiyotda nafaqat aktivlari, balki bandlikdagi ulushi bilan ham muhim o‘rin tutadi. 2024-yil yakuniga kelib, ularda 566 ming nafardan ortiq kishi ishlagan. Bu mamlakatdagi umumiy bandlikning 4 foizi, rasmiy bandlikning 8 foizi hamda markaziy davlat sektoridagi ish o‘rinlarining qariyb beshdan bir qismiga teng.

Davlatning moliya sektoridagi ishtiroki ham xalqaro ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bank aktivlarining 63 foizi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Taqqoslash uchun, o‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 23 foizni tashkil etadi. Jamg‘arma bunday yuqori davlat ulushi moliya tizimi barqarorligiga xatar tug‘dirishi va kelajakda davlat budjeti zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklashi mumkinligini qayd etadi.
Jamg‘arma yana bir muhim xulosani ilgari suradi: davlat korxonalarining katta qismi raqobat kuchli bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritmoqda. Hisobotda aytilishicha, korxonalarning 84 foizi raqobatli bozorlarda ishlaydi, 80 foizdan ortig‘ini esa xususiylashtirish yoki tugatish mumkin.

XVJ fikricha, aynan shu yo‘l davlat ulushini qisqartirish, xususiy sektor uchun teng sharoit yaratish va iqtisodiyot samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Davlat korxonalarida moliyaviy holat qanday?
Shu bilan birga, hisobot davlat korxonalarining moliyaviy samaradorligi ham kutilgan darajada emasligini ko‘rsatadi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bazasiga kiritilgan 2 148 ta davlat korxonasidan atigi 982 tasi, ya’ni 46 foizi 2024-yilni foyda bilan yakunlagan. Qolganlari zarar ko‘rgan, faoliyat yuritmayotgan, tugatilish jarayonida bo‘lgan yoki moliyaviy natijalarini taqdim etmagan.
Jamg‘arma tahliliga ko‘ra, davlat korxonalari orasida eng katta foyda konchilik tarmog‘iga to‘g‘ri keladi. Ushbu soha moliyaviy bo‘lmagan davlat korxonalari foydasining 69 foizini hamda davlat budjetiga to‘langan dividendlarning 87 foizini ta’minlagan. Aksincha, elektr energetikasi, kommunal xizmatlar va suv xo‘jaligi eng ko‘p zarar ko‘rayotgan yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.
Nega davlat korxonalari islohoti sust ketmoqda?
Hisobotda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda davlat korxonalarini isloh qilish borasida muayyan qadamlar tashlangan. Jumladan, korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilgan, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) joriy etilgan, UzNIF milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgan hamda bir qator davlat aktivlari xususiylashtirilgan. 2020-yilda qabul qilingan islohotlar strategiyasidan buyon davlat korxonalari soni qariyb 3 mingdan 2 mingtagacha qisqargan.
Biroq XVJ bu natijalarni yetarli deb hisoblamaydi. Tashkilotga ko‘ra, strategiyada davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini keskin kamaytirish maqsad qilingan bo‘lsa-da, yirik korxonalarning aksariyati hanuz davlat nazoratida qolmoqda.
Bunga temir yo‘l, aviatsiya va energetika sohalaridagi qayta qurish jarayonlarining cho‘zilishi, ayrim tarif islohotlarining kechikishi hamda geosiyosiy omillar sabab bo‘lgani qayd etiladi.
Shuningdek, islohotlarning sust kechishiga davlat korxonalariga berilayotgan keng ko‘lamli imtiyozlar ham ta’sir qilayotgani aytilgan.
Davlat ulushi mavjud korxonalar subsidiya, imtiyozli kreditlar, davlat kafolatlari va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalaridan foydalanmoqda. Ular ayrim hollarda yer ajratish, davlat xaridlari va boshqa yo‘nalishlarda ham ustunliklarga ega.
XVJ bunday amaliyot xususiy biznes uchun teng raqobat muhitini zaiflashtirib, yangi investorlarning bozorga kirishini qiyinlashtirishini ta’kidladi.
Nima tavsiyalar berilmoqda?
XVJ fikricha, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonining muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Shu bois tashkilot raqobat mavjud bo‘lgan tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan davlat korxonalarini, agar ular foydali bo‘lsa, xalqaro amaliyot asosida xususiylashtirishni, zarar ko‘rayotganlarini esa tugatishni tavsiya qilmoqda.
Hisobotda bu davlat budjetiga tushayotgan yukni kamaytirishi, resurslarning samaraliroq taqsimlanishiga xizmat qilishi va xususiy sektor rivojlanishini tezlashtirishi ta’kidlangan.
Strategik ahamiyatga ega bo‘lgani sababli davlat tasarrufida qoladigan korxonalar uchun esa korporativ boshqaruvni kuchaytirish, kuzatuv kengashlari mustaqilligini ta’minlash, davlat ko‘magini bosqichma-bosqich qisqartirish hamda ularning faoliyatini bozor tamoyillari asosida tashkil etish tavsiya etilgan.
Shuningdek, davlat korxonalarining barchasi moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotlarini o‘z vaqtida e’lon qilib borishi kerakligi qayd etilgan.





