Yaponiyada ham kuchli zilzila sodir bo‘ldi
Yaponiyaning shimoli-sharqiy sohillarida 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Sunami xavfi e’lon qilinmagan.
© ReutersYaponiyaning Ivate prefekturasi Tinch okeani sohillari yaqinida 25-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:30 da 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi.
Mamlakat Meteorologiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 44 kilometr chuqurlikda joylashgan. Sunami xavfi e’lon qilinmagan. Shu bilan birga, idora aholini keyingi bir hafta davomida kuchli takroriy yer silkinishlari sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Zilzila Aomori prefekturasidagi Hashikami va Hachinoxe shaharlarida 7 darajagacha sezilgan. Bu darajada odamning tik turishi qiyinlashadi, jihozlar siljiydi va buyumlar ag‘darilishi mumkin.
Mahalliy yong‘in xavfsizligi xizmatlari ma’lum qilishicha, kamida to‘rt kishi yengil jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan. Ular orasida o‘smirlar hamda 50 yoshlardagi fuqarolar bor.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi hukumat zilzilaning oqibatlari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va vaziyatni baholash ishlarini davom ettirayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 24-iyun kuni kechqurun Venesuela poytaxti Karakasdan g‘arbda 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita kuchli zilzila ketma-ket sodir bo‘lganligi haqida xabar berilgandi.





