Xorazmda jamoat transporti to‘lovlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Ayrim avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida elektron to‘lov tizimi 1-iyuldan bosqichma-bosqich joriy etiladi. Keyinchalik mazkur amaliyot barcha jamoat transporti yo‘nalishlariga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarXorazm viloyatida jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lash tizimini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimining tegishli qarorida belgilab berildi.
Qarorga ko‘ra, yangi tizim ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 2026 yil 1-iyuldan SHI-4, SHI-5, SHI-7, SHI-13, SHI-18, SHI-19 va SHI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli «Urganch — Xiva» trolleybus yo‘nalishida yo‘lkira haqi uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Ikkinchi bosqichda esa qolgan avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida brutto-shartnomalar rasmiylashtirilgach, naqd pulsiz to‘lov tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shundan so‘ng ushbu yo‘nalishlarda ham yo‘lkira haqi faqat elektron tarzda qabul qilinadi.
Qaror bilan trolleybuslarda bir yo‘lovchi uchun yo‘lkira haqi 3 ming so‘m etib belgilandi. Shuningdek, og‘irligi 20 kilogrammdan ortiq bagajni tashish uchun 4 ming so‘m miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.
Bundan tashqari, elektron to‘lov tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida D215 «Urganch — Xiva» avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashgan bekatlar infratuzilmasini takomillashtirish ham rejalashtirilgan. Xususan, chiptalarni xarid qilish uchun infokiosklar o‘rnatiladi, shuningdek, zarur texnik vositalar va elektr ta’minoti quvvatlari bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, Xorazm viloyati hokimining 2025 yil 11-iyundagi qarori bilan Urganch va Xiva shaharlarida jamoat transportida elektron to‘lovlar uchun alohida tariflar joriy etilgan bu haqda Xorazm jamoat transporti xabar bergan edi. Unga ko‘ra, naqd pul orqali to‘lov 3 ming so‘m, bank kartalari va ATTO transport kartasi orqali to‘lov esa 2 300 so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, ATTO transport kartasidan foydalangan yo‘lovchilar bir soat ichida ikkinchi marotaba avtobusdan foydalanganda yo‘lkira haqini to‘lamaydi. Mazkur tartib hozirda faqat Urganch shahar yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan avtobuslarda amal qiladi.





