Logo

O‘zbekistonda sug‘urta bozori uchun yangi imkoniyatlar yaratildi

Bugun 11:192 daqiqa

Endi avtomobilni haydovchilar soni cheklanmagan holda sug‘urtalash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, sug‘urta tovonini olish tartibi yengillashtirilib, elektron tijorat sohasi uchun yangi talablar joriy etilmoqda.

O‘zbekistonda sug‘urta bozori uchun yangi imkoniyatlar yaratildi © the-sun.com

O‘zbekistonda sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish hamda elektron tijorat sohasini tartibga solishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda 2026 yil 22-iyunda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunda belgilab qo‘yildi.

Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, transport egasi transportning soni cheklanmagan haydovchilar tomonidan boshqarilishida ularning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish maqsadida majburiy sug‘urta shartnomasini tuzishga haqli.

Transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomasida transport mulkdori va uning yaqin qarindoshlari, transport vositasining egasi ko‘rsatilmaydi.

Haydovchilarning tanloviga ko‘ra aybdor tarafning sug‘urtalovchisidan sug‘urta tovonini olish maqsadida sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish to‘g‘risidagi ariza o‘rniga sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi ariza rasmiylashtirilib, aybdor tarafning sug‘urtalovchisiga murojaat qilinishi mumkin. 

Bunda ariza aybdor tarafning sug‘urtalovchisi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.

Qonun bilan yana bir muhim norma ham belgilandi. Hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanadigan shaxslarning bir vaqtning o‘zida budjet mablag‘lari hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, elektron tijorat operatorlari uchun faoliyatni boshlash yoki tugatish haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi joriy etildi. Mazkur o‘zgarishlar elektron savdo bozorini yanada shaffoflashtirish va davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda sug‘urta bozori uchun yangi imkoniyatlar yaratildi | Vaqt.uz