Logo

Kredit restrukturizatsiyasi nima va uni qanday hollarda talab qilish mumkin?

Kecha 23:217 daqiqa

Moliyaviy qiyinchilikka uchragan qarzdor bankdan kredit muddatini uzaytirish, foiz stavkasini qayta ko‘rib chiqish yoki jarima va penyalarni kamaytirishni so‘rashi mumkin. Bank bunday arizani qabul qilish, o‘zining ochiq mezonlari asosida ko‘rib chiqish va rad etsa, qarorini asoslantirishga majbur. Biroq murojaatning o‘zi qarzdorga avtomatik ravishda imtiyoz berilishini anglatmaydi.

Kredit restrukturizatsiyasi nima va uni qanday hollarda talab qilish mumkin?

Ishdan ayrilish, uzoq muddat kasal bo‘lib qolish, oila daromadining keskin kamayishi yoki favqulodda vaziyat tufayli ayrim qarz oluvchilar kredit bo‘yicha navbatdagi to‘lovni amalga oshira olmay qolishi mumkin.

Bunday vaziyatda eng ko‘p uchraydigan savol bor. Qarzdor bankdan kreditni restrukturizatsiya qilishni talab qila oladimi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, qarzdor bankka kredit shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza berishi mumkin. Bank esa bunday arizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha alohida ichki tartibga ega bo‘lishi va uni rasmiy saytida e’lon qilishi shart.

Ammo qonunchilik qarzdorga kredit muddatini uzaytirish yoki foizlarni kamaytirishni bir tomonlama talab qilish huquqini bermaydi. Qarz oluvchining asosiy huquqi arizani bankka taqdim etish, uning ro‘yxatga olinishini, belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqilishini va bankning asoslantirilgan javobini olishdir.

Restrukturizatsiya nima?

Kreditni restrukturizatsiya qilish — amaldagi kredit shartnomasining ayrim shartlarini qarzdorning moliyaviy holatiga moslashtirib o‘zgartirishdir.

Bunda kreditning umumiy muddati uzaytirilishi, asosiy qarzni to‘lash bo‘yicha imtiyozli davr berilishi, oylik to‘lov miqdori kamaytirilib yangi jadval tuzilishi yoki foiz stavkasi vaqtincha yoxud doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Shuningdek, kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblangan jarima va penyalarni kamaytirish, to‘lov sanalarini o‘zgartirish hamda qarzdorga individual shartlar asosida boshqa yengilliklar berish ham restrukturizatsiya shakllariga kiradi.

Biroq restrukturizatsiya qarzning bekor qilinishini anglatmaydi. Qarzdor, odatda, kreditni to‘lashda davom etadi, faqat uning to‘lov muddati, oylik yuklamasi yoki boshqa shartlari o‘zgartiriladi.

Masalan, bank kredit muddatini ikki yilga uzaytirsa, qarzdorning har oy to‘laydigan summasi kamayishi mumkin. Shu bilan birga, kreditdan foydalanish muddati uzaygani sababli kredit bo‘yicha jami to‘lanadigan foiz miqdori ko‘payishi ehtimoli mavjud.

Shu sababli restrukturizatsiya shartlarini qabul qilishdan oldin qarzdor faqat yangi oylik to‘lov miqdoriga emas, balki kredit bo‘yicha yakunda jami qancha mablag‘ to‘lashiga ham e’tibor berishi kerak.

Bank qanday tartibga ega bo‘lishi shart?

2026 yil yanvar oxiridan tijorat banklari moliyaviy qiyinchilik, murakkab hayotiy vaziyat yoki fors-major sababli to‘lovlarni amalga oshirishga qiynalayotgan mijozlarning arizalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq tartibga ega bo‘lishi shart.

Ushbu tartibda kamida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

  • restrukturizatsiyaning bank tomonidan taklif etiladigan turlari;

  • qaysi holatlar moliyaviy qiyinchilik yoki murakkab hayotiy vaziyat deb tan olinishi;

  • qarzdor qanday hujjatlarni taqdim etishi;

  • ariza qayerga va qanday shaklda berilishi;

  • murojaatni ko‘rib chiqish muddati;

  • qarzdorning moliyaviy holatini baholash mezonlari;

  • qabul qilingan qaror haqida mijozga xabar berish tartibi;

  • arizani rad etish sabablari va asoslantirilgan javob berish tartibi.

Demak, bank qarzdorga shunchaki «restrukturizatsiya qilinmaydi» degan umumiy javob berishi bilan cheklanmasligi kerak. Rad etish bankning e’lon qilingan ichki mezonlari, qarzdorning moliyaviy holati va taqdim etilgan hujjatlar asosida izohlanishi lozim.

Qaysi holatlar bu uchun asos bo‘lishi mumkin?

Qonunchilik barcha banklar uchun moliyaviy qiyinchiliklarning yagona yopiq ro‘yxatini belgilamagan. Har bir bank bunday holatlarni o‘z ichki tartibida aniq ko‘rsatadi. Biroq biz misol sifatida bir necha banklardagi shartlarni ko‘rib chiqishimiz mumkin.

TBC Bank shartlari

TBC Bank mijozga to‘lov sanasini o‘zgartirish, kredit muddatini uzaytirish yoki vaqtincha imtiyozli davr berishi mumkin. Muddat uzaytirilganda oylik to‘lov kamayadi, biroq kredit bo‘yicha jami to‘lov miqdori oshishi mumkin.

Ishdan ayrilish, og‘ir kasallik, yaqin insonning xastaligi, yong‘in, turmush o‘rtog‘ining vafoti yoki homiladorlik ta’tili restrukturizatsiya so‘rash uchun asos bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyat, nogironlik holatidan tashqari, ariza berilishidan ko‘pi bilan to‘rt oy oldin yuz bergan bo‘lishi kerak.

TBC Bankdagi muhim talab murojaat vaqtida mijozning nafaqat ushbu bankda, balki boshqa banklarda ham kechikkan qarzdorligi bo‘lmasligidir. Ariza topshirilganidan keyin ham amaldagi jadval bo‘yicha to‘lovlar davom ettiriladi. Hujjatlar 30 kun ichida ko‘rib chiqilib, bank yangi shartlarni taklif qilishi yoki arizani rad etishi mumkin.

Anorbank shartlari

Anorbank jismoniy shaxslar bilan birga tadbirkorlar va yuridik shaxslarning kreditlarini ham restrukturizatsiya qilishi mumkin. Bank kredit muddatini uzaytirish, foiz stavkasini vaqtincha pasaytirish, asosiy qarz yoki foizlar bo‘yicha kredit ta’tili berish, jarima va penyalarni kamaytirish yoxud bekor qilishni nazarda tutgan.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayollar uchun to‘lovlar o‘n oygacha, boshqa holatlarda esa bir yilgacha kechiktirilishi mumkin. Biroq kechiktirish davrida foizlar, odatda, hisoblanishda davom etadi.

Restrukturizatsiya og‘ir kasallik, nogironlik, kamida ikki oy ishsiz qolish, daromad manbasini yo‘qotish, farzand tug‘ilishi, bozor talabining pasayishi, asosiy aktivning buzilishi yoki fors-major kabi holatlarda ko‘rib chiqiladi. Arizachi moliyaviy qiyinchilikni hujjatlar bilan tasdiqlashi, o‘zi to‘lay oladigan oylik summani va to‘lov qobiliyatini tiklash muddatini ko‘rsatishi kerak.

Bank qisqa muddatli qiyinchilikni yetarli asos deb hisoblamasligi mumkin. Masalan, daromadning faqat bir oyga yoki 20–30 foizga kamayishi, hujjatlarning yetishmasligi va kredit majburiyatlarining muntazam buzilishi rad etish uchun asos sifatida ko‘rsatilgan. Arizalar odatda 15 ish kunida, qo‘shimcha tekshiruv zarur bo‘lsa bir oygacha ko‘rib chiqiladi.

Uzum Bank shartlari

Uzum Bank kreditni so‘ndirish muddatini uzaytirish, foiz stavkasini qayta ko‘rib chiqish va kechiktirilgan to‘lovlar uchun jarima hamda penyalarni kamaytirishni nazarda tutgan.

Ishdan ayrilish, uzoq davom etgan kasallik, I yoki II guruh nogironligi, tabiiy ofat, epidemiya va davlat organlari joriy etgan cheklovlar restrukturizatsiya uchun asos bo‘lishi mumkin. Homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayollarning arizalari majburiy tartibda ko‘rib chiqilib, kredit to‘lovlari o‘n oygacha uzaytirilishi mumkin.

Uzum Bank tartibida qo‘shimcha mezonlar ham mavjud. Jumladan, qarzdorlik qoldig‘i dastlabki kredit summasining 20 foizidan oshmasligi, kredit muddati tugashiga kamida ikki oy qolgan bo‘lishi va kredit avval restrukturizatsiya qilinmagan bo‘lishi kerak. Avvalgi ariza rad etilgan bo‘lsa, qayta murojaat qilish uchun kamida to‘rt oy o‘tishi talab etiladi.

Ishdan ayrilish kabi ayrim holatlarda vaziyat murojaatdan ko‘pi bilan to‘rt oy oldin yuz bergan va qarzdorning o‘rtacha daromadi kamida 30 foizga kamaygan bo‘lishi kerak. Bunday holatda to‘lov muddatini olti oygacha uzaytirish mumkin.

Uzum Bank barqaror daromad mavjud emasligi, boshqa banklardagi kredit tarixining yomonlashgani, restrukturizatsiyadan keyin ham to‘lov qobiliyati yetarli bo‘lmasligi, hujjatlarning taqdim etilmasligi yoki soxta ma’lumot berilishini rad etish uchun asos sifatida belgilagan. Arizalar 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish zarur bo‘lsa 30 kungacha ko‘rib chiqiladi.

Xulosa qilib aytganda, har bir bank kreditni restrukturizatsiya qilish bo‘yicha o‘z talab va shartlarini belgilashi mumkin. Shu sababli qarzdor aniq qaysi bankda qanday tartib amal qilishini bilish uchun uning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan restrukturizatsiya tartibi bilan tanishib chiqishi lozim.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayollar uchun alohida qoida

Banklarning ichki tartibida homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olgan ayollarning kredit to‘lovlari muddatini o‘n oygacha uzaytirish haqidagi arizalarini ko‘rib chiqish qoidalari majburiy ravishda mavjud bo‘lishi kerak.

Biroq ushbu norma barcha homilador yoki tug‘ish ta’tilidagi ayollarga avtomatik ravishda o‘n oylik kredit ta’tili beriladi, degani emas.

Qonunchilik bankni arizani ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Bank ayolning daromadi, kreditning holati, mavjud ta’minot, to‘lov intizomi va boshqa mezonlarni baholashi mumkin.

Ayrim banklarda asosiy qarzni to‘lashni vaqtincha to‘xtatib, faqat foizlarni to‘lash varianti ham qo‘llanadi. Bunday holatda qarz oluvchi o‘n oy davomida umuman to‘lov qilmasligi emas, balki kreditning asosiy qismi keyingi davrga ko‘chirilishi mumkin.

Ariza berish to‘lovlarni avtomatik to‘xtatadimi?

Restrukturizatsiya haqidagi arizaning bankka yuborilishi amaldagi kredit shartnomasini avtomatik ravishda o‘zgartirmaydi.

Bank ijobiy qaror qabul qilib, taraflar qo‘shimcha kelishuvni imzolamaguncha eski to‘lov jadvali kuchda qoladi. Shu davrda qarzdor to‘lovni amalga oshirmasa, kechikish, jarima, penya va kredit tarixi bilan bog‘liq oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.

Shuning uchun moliyaviy qiyinchilik boshlanishi bilanoq, qarzdor to‘lov muddati o‘tib ketishini kutmasdan bankka murojaat qilgani ma’qul.

Restrukturizatsiya tasdiqlansa, bank kredit shartnomasi va to‘lov jadvalini yangidan rasmiylashtirishi kerak. Qarzdor yangi jadvalni imzolashdan oldin oylik to‘lov, yangi yakuniy muddat, jami foizlar va qo‘shimcha xarajatlarni tekshirishi lozim.

Bank arizani rad etsa nima qilish mumkin?

Bank qarzdorning kreditni restrukturizatsiya qilish haqidagi talabini rad etishga haqli. Chunki kredit shartlarini, jumladan, to‘lov muddati, foiz stavkasi yoki oylik to‘lov miqdorini o‘zgartirish umumiy qoida bo‘yicha taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi. Shu sababli qarzdorning restrukturizatsiya so‘rab murojaat qilishi bank zimmasiga kredit shartlarini majburiy ravishda o‘zgartirish majburiyatini yuklamaydi.

Biroq restrukturizatsiyani rad etish huquqi bank qarzdorning murojaatini ko‘rib chiqmasligi yoki belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmasligi mumkinligini anglatmaydi.

Xususan, bank restrukturizatsiya tartibini o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilmagan, mijozning arizasini qabul qilish yoki ro‘yxatga olishdan bosh tortgan, belgilangan muddatda javob bermagan yoxud arizani o‘zi tasdiqlagan mezonlar asosida ko‘rib chiqmagan bo‘lsa, qarzdorning huquqlari buzilgan deb baholanishi mumkin. Shuningdek, rad javobining sabablari tushuntirilmasligi yoki bir xil holatdagi mijozlarga hech qanday asos bo‘lmagan holda turlicha munosabatda bo‘linishi ham e’tiroz bildirish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda qarzdor bankning yuqori turuvchi organiga murojaat qilishi, shuningdek, Markaziy bankka yoxud sudga shikoyat kiritishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid