Firibgarlar uchun kuchaytirilgan jazo, 25 milliard dollardan oshgan valutaga talab va Ginnes rekordini o‘rnatgan «Andijon polkasi» — 24-iyun dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun jazo choralari kuchaytirildi
O‘zbekistonda talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun javobgarlik kuchaytirildi. Prezident tomonidan imzolangan yangi qonunga ko‘ra, endi firibgarlik yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblangan shaxslar yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan taqdirda, muddatidan oldin shartli ravishda ozodlikka chiqish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Shuningdek, mansab mavqeidan foydalanib sodir etilgan talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun jazo muddati ham oshirildi. Ilgari bunday holatlarda eng ko‘pi bilan 5–8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan bo‘lsa, endilikda maksimal jazo 10 yilgacha etib belgilandi.
O‘zbekiston Yevropa va AQSHdan gaz investorlarini qidirmoqda — Bloomberg
O‘zbekiston hukumati BP kompaniyasi bilan kelishuvdan so‘ng gaz sohasiga Yevropa va AQSHning yirik energetika kompaniyalarini jalb qilish ishlarini kuchaytirmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili Xurshed Mustafayevning aytishicha, hukumat mahsulotni taqsimlash shartnomalari orqali gaz konlarini rivojlantirish uchun G‘arb investorlarini jalb qilish ustida ishlamoqda.
«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda taxminan 2 trln kubometr tasdiqlangan gaz zaxirasi mavjud, biroq eski konlar tufayli ishlab chiqarish so‘nggi yillarda kamaygan.
O‘zbekistonda valutaga bo‘lgan talab 25 milliard dollardan oshdi
2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston ichki valuta bozorida chet el valutasiga bo‘lgan jami talab 25,7 milliard dollarni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga ko‘p. Mazkur davrda yuridik shaxslar 20,2 milliard dollar, jismoniy shaxslar esa 5,5 milliard dollar miqdorida valuta xarid qilgan.
Shu davrda valuta taklifi ham 22,3 milliard dollarga yetib, bir yil avvalgiga nisbatan 28,6 foizga oshdi. Aholi tijorat banklariga 10,2 milliard dollar, yuridik shaxslar esa 12,1 milliard dollar sotgan. Dollar kursi 11 938–12 320 so‘m oralig‘ida harakatlanib, yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Valuta kursi tebranuvchanligi o‘rtacha 30 so‘m yoki 0,25 foizni tashkil etgan.
«Andijon polkasi» Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
Andijon shahrida 20 ming nafar ishtirokchi bir vaqtning o‘zida «Andijon polkasi»ga raqsga tushib, Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi. Viloyat hokimligi ma’lum qilishicha, tashabbusdan maqsad o‘zbek milliy raqs san’atini jahon miqyosida targ‘ib qilish hamda mazkur natija bilan Ginnes rekordini o‘rnatishdan iborat bo‘lgan.
Tadbir Andijon shahrining 2026 yilda «Turk dunyosining madaniy poytaxti» deb e’lon qilinishi doirasida tashkil etildi. Rekord o‘rnatilishi munosabati bilan shahar markazida milliy kuy-qo‘shiqlar, an’anaviy liboslar va maxsus madaniy chiqishlar namoyish etilgan.





