Logo

«O‘zbekistonning yopiq siyosati qo‘shnilarga foyda keltirmagan» — iqtisodchi Asqar Akayevga raddiya berdi

Mirkomil Xolboyev bir davlatning iqtisodiy izolyatsiyasi mintaqaning boshqa davlatlariga ustunlik bermasligini, aksincha, ularni ham kambag‘allashtirishini raqamlarni solishtirgan holda tushuntirib berdi.

«O‘zbekistonning yopiq siyosati qo‘shnilarga foyda keltirmagan» — iqtisodchi Asqar Akayevga raddiya berdi © Видеодан кадр

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayevning O‘zbekistonning yopiq siyosati qo‘shni davlatlarga foyda keltirgani haqidagi da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va bu jarayon butun mintaqa uchun zararli bo‘lgan. Bu haqda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tahlil qildi.

Asqar Akayev: «Islom Karimovga Qirg‘izistonda haykal o‘rnatgan bo‘lardim»

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti podkastlardan birida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haqida fikr bildirdi.

Uning fikricha, agar O‘zbekiston o‘sha paytda ham hozirgidek tashqi dunyoga ochiq iqtisodiy siyosat yuritganida, qirg‘iz tadbirkorlari o‘zbek biznesi bilan raqobat qilish imkoniga ega bo‘lmas edi.

«Chunki mening nazarimda bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz bilan o‘zbek birodarlar butun Markaziy Osiyoni egallab, boshqaradigandek edi. Sababi ular Sovet davridayoq bunga tayyor edi. Ammo biz barchamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U kishi o‘zbeklarni O‘zbekistonda dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu bilan u qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratib berdi. Men shu uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim. U bizga yo‘l ochib bergani uchun qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib oldi. Agar Islom Karimov mana hozir Mirziyoyev kabi O‘zbekistonni butun dunyoga ochganda edi, biz ular bilan raqobatlasha olmas edik», - degandi Akayev.

Mirkomil Xolboyev tahlili

Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekistonning dunyoga yopilishi mamlakat aholisini kambag‘alroq qilgani rost bo‘lsa-da, bu holat Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonga foyda bermagan. Iqtisodiy qonuniyatlarga asosan, savdodagi nisbiy ustunlik sababli bir davlatning boyishi ikkinchisini kambag‘al qilib qo‘ymaydi.

«Bu fikrlar bir tomonlama to‘g‘riligi shubhasiz, ya’ni O‘zbekistonning qo‘shnilar va dunyoga yopilishi amalda o‘zbekistonliklarni kambag‘alroq qildi. Ya’ni agar ochiqroq iqtisodiy siyosat yuritganimizda, bugun o‘rtacha daromadimiz hozirgidan ko‘proq bo‘lar edi. Lekin O‘zbekistonning yopilishi Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonga foyda bergan aks holda bu davlatlar O‘zbekiston bilan raqobat qilolmasdi degan fikr to‘g‘ri emas. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdoda bir davlatning boyishi, ikkinchi davlatni albatta kambag‘alroq qilib qo‘ymaydi. Chunki savdoni yuzaga keltiradigan asosiy kuch bu nisbiy ustunlik, Ya’ni O‘zbekiston hamma narsani Qirg‘izistondan arzonroq ishlab chiqargan taqdirda ham O‘zbekiston bilan savdo qilish Qirg‘izistonga foyda olib keladi», - deya tushuntirmoqda Xolboyev.

U asos qilib keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1996-2016 yillarda Qirg‘izistonda o‘rtacha real iqtisodiy o‘sish 4,6 foizni tashkil etgan. Jon boshiga nominal daromadlar esa yiliga o‘rtacha 5,3 foizga o‘sgan. 2017 yildan keyingi davrda O‘zbekistonning dunyoga ochilishi Qirg‘izistoni raqobatda yutib ulardagi o‘sishni pasaytirib qo‘ymagan. Masalan, 2017 yildan keyin Qirg‘izistonda o‘rtacha real iqtisodiy o‘sish 7,4 foizgacha, jon boshiga nominal daromadlarning o‘sishi esa 11,4 foizgacha tezlashgan.

«Ta’kidlash kerakki, bu davr o‘z navbatida o‘sishga salbiy ta’sir qilgan pandemiya bilan birga mintaqamizga ijobiy (ayniqsa Qirg‘izistonga) ta’sir qilgan geosiyosiy keskinliklarni ham o‘z ichiga oladi. Ya’ni o‘sish tezlashishining qanchadir qismi ayni shu mintaqaviy qulay shart- sharoitlar bilan izohlanadi. O‘zbekistonning savdo va odamlar harakatini qo‘shnilar bilan yumshatishi, Qirg‘izistonga zarar yetkazganda bu zarar qaysidir jabhada ko‘rinayotgan bo‘lishi kerak edi. Yoki xuddi shunday O‘zbekistonning ochilishi O‘zbekistonning o‘ziga zarar yetkazganda bu odamlar hayotida yoki iqtisodiy o‘sishda sezilishi kerak edi. Lekin biz har ikki davlatda ham umuman teskari tendensiyani ko‘ryapmiz», - deya yozdi mutaxassis.

Uning ta’kidlashicha, savdo umuman davlatlar o‘rtasidagi qo‘shnichilik aloqalari shunday ishlaydiki, unda bir davlatning yopilishi yoki o‘sishishining sekinlashishi ikkinchi davlatga foyda keltirmaydi balki zarariga ishlaydi. Qo‘shnilarning bir-biriga chegaralarni ochishi esa ikki davlatda ham o‘sishni tezlashtiradi. Agar mustaqillikdan keyingi davrda O‘zbekiston dunyoga «yopilmaganida» katta ehtimol O‘zbekiston kabi Qirg‘iziston ham hozirgidan boyroq bo‘lishi mumkin edi.

Xolboyevning ta’kidlashicha, agar Akayevning gapi faqat savdo emas, balki investitsiya yoki logistika masalalariga qaratilgan bo‘lsa ham, O‘zbekistonning yopilishidan butun mintaqa yutqazgan.

«Ya’ni mintaqa mustaqillikdan keyin xuddi hozirgidek integratsiyalashganda, Qirg‘iziston kichikroq pirogning kattaroq ulushi emas balki kattaroq pirogdan ulushga ega bo‘lardi. Bu esa kichikroq pirogdagi ulushdan tabiiyki yirikroq bo‘lar edi. Agar qo‘shningiz va asosiy hamkoringiz dunyoga yopilsa, bilingki bu siz uchun yaxshi yangilik emas. Chunki qo‘shningizning yopilishi sizni ham kambag‘alroq qiladi», - deya xulosa qilgan mutaxassis.

Teglar

Mavzuga oid