«Orion» O‘zbekistondagi investitsiyaviy imkoniyatlarni o‘rganmoqda
AQSH hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yirik konsorsium mamlakatda muhim minerallar sohasiga sarmoya kiritishi mumkin.
© Foto: NBKAQSH hukumati qo‘llab-quvvatlaydigan «Orion Critical Mineral Consortium» O‘zbekiston va Qozog‘istonda strategik ahamiyatga ega minerallar sohasiga investitsiya kiritish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
«Reuters» agentligining xabar berishicha, konsorsium, shuningdek, Osiyoda yangi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, «Orion CMC» AQSH va Yaqin Sharqdan tashqari uchinchi yirik mintaqaviy investitsiya yo‘nalishini shakllantirishni rejalashtirgan.
Konsorsiumning rejasiga muvofiq, muhim minerallar sohasida umumiy qiymati 20 milliard dollarlik xalqaro loyihalar portfeli moliyalashtiriladi.
«Orion CMC» O‘zbekiston va Qozog‘istondan tashqari Indoneziya, Viyetnam, Filippin, Avstraliya hamda Afrika va Janubiy Amerikadagi bir qator mamlakatlarda ham investitsiya imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Xitoyga muqobil
«Orion CMC» o‘zini Xitoy investitsiya kompaniyalari va xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi treyderlarga muqobil mexanizm sifatida taqdim etmoqda. Konsorsium asosan o‘rta hajmdagi kon loyihalarini moliyalashtirishga e’tibor qaratadi.
Konsorsium hisob-kitoblariga ko‘ra, XXI asr o‘rtalariga kelib muhim minerallarga bo‘lgan jahon talabini qondirish uchun taxminan 2,4 trillion dollarlik investitsiya talab etiladi.





