Birinchi obyekt Namanganda: O‘zbekistonning oltita hududida IT-park quriladi
Namanganda qurilishi boshlangan yangi IT-park loyihasi doirasida 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish Yangi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon Namangan viloyatiga 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kiritilgan. Shuningdek, Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiyalik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan 1 milliard 800 million dollarlik 20 ta yangi quvvat ishga tushirilmoqda. Bu loyihalar orqali farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo sanoatida 6,5 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Oltita hududda IT-park quriladi
Ma’lum qilinishicha, Xitoylik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan 117 million dollarlik yirik dastur doirasida Yangi Namangan IT-parki quriladi. Ushbu loyiha asosida, shuningdek, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida zamonaviy IT-parklar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Yangi Namanganda quriladigan majmua mazkur dasturning birinchi obyekti bo‘ladi. Loyiha davlat rahbarining raqamli xizmatlar eksportini rivojlantirishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Majmua 1,7 gektar maydonda quriladi. Unda 17 qavatli zamonaviy bino, ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalar uchun maxsus xizmatlar tizimi joylashadi.
Eksport va ish o‘rinlari
Prezident Namangan aholisining 1 million 600 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini katta ijtimoiy-iqtisodiy kapital sifatida baholadi. Shu bois yoshlarni axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
IT-park loyihasi doirasida 2 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-park faoliyati natijasida viloyatda axborot texnologiyalari xizmatlari hajmini yillik 500 milliard so‘mga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.





