Trampning salomi Toshkentga yetkazildi: Prezident AQSH Savdo vakilini qabul qildi
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
© Foto: prezident.uzO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Amerika rasmiysi davlat rahbariga AQSH prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
Muzokaralarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, ayniqsa, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar keyingi yillarda ishbilarmonlik aloqalari faollashib, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi izchil o‘sib borayotganini ijobiy baholagan.
Uchrashuvda yaqinda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amerika kompaniyalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatining amaliy natijalari ham muhokama qilingan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida hamkorlik qilish va ushbu jarayonlar kelgusida ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi loyihaviy tashabbuslarni aniqlash va ilgari surish uchun Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi mexanizmidan samarali foydalanish muhimligi qayd etilgan.





