O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimlarining korrupsion sxemasi fosh etildi
Agentlik xodimlari tadbirkorlik subyektlaridan tovarlarni import qilishda rasmiylashtiriladigan hujjatlar uchun norasmiy «stavka»lar belgilab olib, pora talab qilgan.
© istockBosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etilgan korrupsion sxema fosh etildi.
Tergov materiallariga ko‘ra, agentlik tizimida import operatsiyalari bilan bog‘liq turli ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish uchun norasmiy to‘lov «stavka»lari shakllangan. Jumladan, karantin ko‘rigi dalolatnomasi uchun 100 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha, import karantin ruxsatnomasi uchun 300 ming so‘mdan 5 million so‘mgacha pul talab qilingan.
Shuningdek, ko‘chat va urug‘lik mahsulotlari uchun 500 dollardan 5 ming dollargacha, fitosanitar sertifikatlari uchun 50 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha hamda xorijiy eksportyorlar reyestriga kiritish uchun 3 ming dollardan 10 ming dollargacha mablag‘ so‘ralgani ma’lum qilindi.
Milliardlab so‘mlik pul aylanmasi
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish doirasida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro G.U. Turkiyaning “Y.T.” kompaniyasini xorijiy eksportyorlar reyestriga kiritib berish evaziga ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvlarda u agentlikning bosh mutaxassisi M.G. bilan til biriktirib, Rossiya va Turkmanistondan mahsulot import qilish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish bahonasida 2,9 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani ham aniqlangan.
Shuningdek, G.U.ning ikki bank kartasi orqali jami 10,9 milliard so‘m mablag‘ aylantirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mablag‘ning 6,1 milliard so‘mi naqdlashtirilgan, 1,6 milliard so‘mi turli to‘lovlarga sarflangan, qolgan 3,1 milliard so‘mi esa shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatilgan.
Tahlillar davomida agentlik va uning quyi tashkilotlari hisob raqamlariga kelib tushgan 91,7 milliard so‘mlik to‘lovlar ham o‘rganildi. Natijada 14,9 milliard so‘mlik operatsiyalar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani aniqlangan.
Ularning 174 nafari agentlik xodimlari, 34 nafari esa ularning yaqin qarindoshlari ekani ma’lum qilindi.
Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.





