Logo

Yevropa Markaziy banki yevro banknotlarining yangi dizayn variantlari namoyish etdi

Bugun 13:292 daqiqa

Yevropa Markaziy banki yangi yevro banknotlari uchun 10 ta final dizaynni taqdim etdi. Amaldagi yevro banknotlari esa muomalada qoladi. Yangi seriyaning yakuniy dizayni 2026 yil oxirigacha tanlanishi rejalashtirilgan.

Yevropa Markaziy banki yevro banknotlarining yangi dizayn variantlari namoyish etdi © Foto: Bloomberg

Yevropa Markaziy banki yangi avlod yevro banknotlari uchun tanlab olingan 10 ta final dizayn loyihasini e’lon qildi. Shu bilan birga, ularni baholash bo‘yicha ommaviy ovoz berish ham boshlandi.

Jamoatchilik 21-sentabrgacha o‘zlariga ma’qul bo‘lgan variantlar bo‘yicha fikr bildirishi mumkin. Final bosqichiga chiqqan dizaynlar ikki asosiy mavzuga bo‘lingan.

Birinchi yo‘nalish — «Yevropa madaniyati». Unda opera xonandasi Mariya Kallas, bastakor Lyudvig van Betxoven, olim Mariya Sklodovska-Kyuri, yozuvchi Migel de Servantes, rassom va ixtirochi Leonardo da Vinchi hamda tinchlik faoli Berta fon Suttner kabi tarixiy shaxslar aks ettirilgan.

Ikkinchi mavzu — «Daryolar va qushlar». Bu yo‘nalish Yevropa tabiati, biologik xilma-xilligi va ekologik merosini ifodalovchi qushlar hamda daryolar tasvirlarini o‘z ichiga oladi.


banknotlardan namunalar


Yangi himoya texnologiyalari

Yangi yevro banknotlari nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki xavfsizlik jihatidan ham yangilanadi. Ularda qalbakilashtirishga qarshi yanada kuchli himoya elementlari va zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, banknotlar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlar uchun qulayroq bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga ta’sirni kamaytiruvchi materiallardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda.

Yevropa Markaziy banki boshqaruv kengashi yakuniy dizaynni 2026 yil oxirigacha tanlashi kutilmoqda. Shundan keyin texnik sinovlar va ommaviy ishlab chiqarish bosqichi boshlanadi.

Eski banknotlar qoladi

Yangi seriyaning muomalaga chiqishi uchun yana bir necha yil talab etiladi. Shu vaqtgacha amaldagi yevro banknotlari to‘liq kuchda qoladi.

Markaziy bank ma’lum qilishicha, hozirgi banknotlar o‘z qiymatini saqlab qoladi va yangi seriya bilan bir vaqtning o‘zida muomalada bo‘ladi. Bu yevro banknotlarining 2002 yilda yagona valuta muomalaga kiritilganidan buyon amalga oshirilayotgan ilk to‘liq qayta dizayni hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid