Bloger Sirojiddin Odilov ustidan ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Sudda jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi.

Bugun, 24-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida bloger Sirojiddin Odilovga (tarmoqlarda Sirojiddin Media) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.
Sud majlisiga sudya Sanjar Rasulov raislik qilayotgan bo‘lsa, davlat ayblovini prokuror Nodir Jafarov qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bugungi mahkamada ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan umumiy 6 ta epizoddan 5 tasi bo‘yicha ish tafsilotlari o‘rganildi. Majlis davomida jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglanib, ular sudya, prokuror hamda advokatlar tomonidan so‘roq qilindi.

Ma’lumot uchun, bloger Sirojiddin Odilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining:
165-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran sodir etilgan tovlamachilik);

168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlarida (takroran, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

U ushbu ayblovlar bilan joriy yilning 9-mart kuni huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.
O‘sha vaqtda Odilovning advokatlari: Xurshida Nasriddinova va Shohrux Hamidov Pastdarg‘om tuman IIBga borib, himoya order taqdim etishgani, biroq, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari Odilovni binoning orqa darvozasidan olib chiqqan holda sudga sanksiya uchun olib borgani hamda davlat hisobidan advokat qatnashtirishganini keskin tanqid qilib chiqqan edi.

Advokatlar iddaosicha, bu vaziyatda Odilovning himoya huquqi buzilgan, advokatlarning esa professional harakatiga to‘sqinlik qilingan.
Ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 27-iyul kuni o‘tkazilishi belgilandi.





