Logo

Oltin narxi oshishi Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilmoqda?

Iqtisodchilar yuqori inflatsiya, davlat va aholi qarzlarining ortishi hamda iqtisodiyotning bitta xomashyo mahsulotiga qaram bo‘lib qolayotgani xavotir uyg‘otayotganini urg‘ulamoqda. Ular bugungi vaziyatni 1990-yillar boshidagi paxta bilan bog‘liq holatga qiyoslamoqda.

Oltin narxi oshishi Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilmoqda? © NMMC

So‘nggi haftalarda jahon bozorida oltinning bir troya unsiyasi narxi qariyb 4 ming dollar atrofida saqlanib turibdi. O‘zbekistonning Navoiy viloyatidagi Soykechar qishlog‘i yaqinida ishlayotgan kichik konchilar esa narxdagi har bir o‘zgarishni diqqat bilan kuzatmoqda. Ular telefonidagi ilovalar, televideniye va hatto norasmiy bozordagi narxlarni ham muntazam tekshirib boradi.

Masalan, 34 yoshli kon uskunalari boshqaruvchisi Doniyorning aytishicha, daromad oshgani sababli oilasi uchun yaxshi kiyim-kechak, sifatli oziq-ovqat xarid qilish va xususiy shifoxonalarda davolanish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Oltin narxi iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘ldi

So‘nggi yillarda oltin narxining keskin oshishi Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Hukumatlar iqtisodiy o‘sishni islohotlar natijasi sifatida baholayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar bunga oltin narxining qimmatlashuvi ham katta hissa qo‘shganini aytmoqda. Bu o‘sish oddiy fuqarolar daromadiga ham ta’sir qilgan. Masalan, Soykechardagi konchilar so‘nggi bir yil ichida maoshlari qariyb 20 foizga oshganini bildirgan.

Ammo iqtisodchilar yuqori inflatsiya, davlat va aholi qarzlarining ortishi hamda iqtisodiyotning bitta xomashyo mahsulotiga qaram bo‘lib qolayotgani xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlamoqda. Buyuk Britaniyadagi Birmingem universiteti iqtisodchisi Franko Galdinining fikricha, bugungi vaziyat 1990-yillar boshidagi holatni eslatadi.

«O‘sha paytda mamlakatga asosiy valuta tushumi paxtadan kelardi. Hozir esa bu vazifani oltin bajarmoqda», — deydi u.

Oltin narxi bir necha baravar oshdi

2024-yil boshida xalqaro bozorda bir troya unsiya oltin 2050 dollar bo‘lgan. 2026-yilning fevralida narx 5200 dollardan oshdi, keyinchalik esa 4100 dollar atrofida barqarorlashdi. Taqqoslash uchun, bundan 10 yil oldin oltin narxi taxminan 1300 dollar edi.

Mintaqa mamlakatlari katta daromad oldi

2025-yilda O‘zbekiston eksporti tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich — 33 milliard dollarga yetdi. Shundan 9,9 milliard dollari, ya’ni qariyb 30 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keldi. Qirg‘iziston va Tojikistonning ham eng qimmat eksport mahsuloti oltin hisoblanadi. Qirg‘izistondagi «Qumtor» koni mamlakat YIMining qariyb 10 foizini ta’minlaydi.

Qozog‘iston dunyodagi yirik uran ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lsa-da, oltin mamlakatning neftdan keyingi ikkinchi eng yirik eksport mahsuloti sanaladi. Markaziy Osiyoda faqat Turkmanistonda yirik oltin qazib olish sanoati mavjud emas.

Oltin davlat zaxiralarini ham ko‘paytirdi

Mutaxassislarning fikricha, oltin narxining oshishi davlatlarning oltin-valuta zaxiralari qiymatini ham sezilarli ravishda ko‘paytirgan. Bu esa investorlar ishonchini mustahkamlab, xorijdan arzonroq kredit olish imkonini yaratgan. Masalan, Qirg‘izistonning xalqaro zaxiralari 2024-yil oxiridagi 5,1 milliard dollardan 8,6 milliard dollargacha oshgan. Ularning qariyb 75 foizi oltindan iborat.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston aynan shu imkoniyatdan foydalanib, so‘nggi yillarda tashqi qarz hisobidan ko‘proq mablag‘ jalb qilgan. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hatto mamlakat tashqi qarzini istalgan vaqtda to‘lash imkoniyati borligini ta’kidlagan.

Soliq tushumlari ham oshdi

Oltin narxining ko‘tarilishi davlat budjetiga ham katta foyda keltirdi. Dunyoning eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» 2025-yilda davlat budjetiga 2,64 milliard dollar soliq to‘lagan. Bu O‘zbekistonning yillik soliq tushumlarining qariyb 12 foiziga teng bo‘lib, 2024-yildagiga nisbatan ikki baravar ko‘p.

Qozog‘istondagi xususiy oltin kompaniyalari ham rekord daromad ko‘rmoqda. Masalan, «AltynGold» kompaniyasining 2026-yil birinchi choragidagi oltin savdosi 29 foizga oshgan bo‘lsa, daromadi 122 foizga ko‘paygan.

Shu sababli Qozog‘iston hukumati oltin qazib olish solig‘ini ham oshirdi. Endilikda eng yirik kompaniyalar 11 foizlik soliq to‘laydi. Avval bu stavka 7,5 foiz edi.

Oddiy konchilar ham foyda ko‘rmoqda

Soykechar yaqinidagi konlarda ishlayotgan konchilar kuniga 8–12 soat, haftasiga 6–7 kun mehnat qiladi. O‘zbekiston 2018-yildan boshlab xususiy shaxslarga kichik hajmda oltin qazib olishga ruxsat bergan. Kon uchastkalari muntazam auksion orqali sotiladi.

48 yoshli ekskavator haydovchisi Gulum 2004-yildan 2025-yilgacha Rossiyada qurilishda ishlagan. Keyin oilasi bag‘riga qaytish uchun O‘zbekistonga kelgan. So‘nggi bir yil ichida uning oyligi 500 dollardan 650 dollargacha oshgan. Ammo u bu daromad ham yetarli emasligini aytadi.

«Oziq-ovqat narxlari, elektr, gaz, suv to‘lovlari va kreditlar sabab maoshning ko‘pi shularga ketib qoladi», — deydi u.

Xitoy va noqonuniy qazib olish xavotiri

Mutaxassislar yana bir muammoni tilga olmoqda — Xitoy kompaniyalarining mintaqadagi ta’siri tobora kuchaymoqda. Tojikistonda oltin qazib olishning katta qismi allaqachon Xitoy kompaniyalari nazoratida. O‘zbekistonda esa 2025-yilda Navoiy viloyatidagi ko‘plab kon uchastkalarini xitoylik investorlar ishtirokidagi kompaniyalar qo‘lga kiritgan.

Mahalliy konchilarning aytishicha, hududda xitoylik ishchilar soni ham sezilarli oshgan. Bundan tashqari, noqonuniy oltin qazib olish ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Joriy yil boshida Navoiy viloyatida bir nechta noqonuniy konchilar guruhi qo‘lga olingan.

Oltinga qaramlik xavfi saqlanib qolmoqda

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar kelajakda oltin narxi keskin tushib ketsa, O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Franko Galdinining fikricha, yaqin yillarda bunday xavf katta emas. Chunki oltin qazib olish xarajatlari ortib bormoqda va dunyo markaziy banklari oltinni faol xarid qilishda davom etmoqda.

Shunga qaramay, iqtisodchi mintaqa iqtisodiyotining asosiy muammolari hal bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

«Iqtisodiyotning fundamental asoslari o‘zgarmayapti», — deydi u.

Kon ishchisi Doniyor ham shunga o‘xshash fikrda. U qo‘shimcha daromad hisobiga chorva sotib olgan va yangi uy qurishni rejalashtirmoqda. Ammo uning aytishicha, oltin narxining oshishi qishloq hayotini tubdan o‘zgartirmagan.

«Kompaniya ko‘proq foydani o‘zi olmoqda», — degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oltin narxi o‘sishi O‘zbekiston budjetiga 70 trln so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad keltirishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid