Logo

Banklar yarim yilda 11 trln so‘m foyda oldi. Kimlar oldinda?

Bugun 12:153 daqiqa

Bank tizimining sof foydasi bir yilda 69 foizga oshdi. «Ipotekabank» zarardan chiqib, eng ko‘p foyda olgan bankka aylandi. 34 ta bankdan faqat AVO bank yarim yillikni zarar bilan yakunladi.

Banklar yarim yilda 11 trln so‘m foyda oldi. Kimlar oldinda? © Vaqt.uz

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar 2026 yilning birinchi yarmida 10 trln 992,4 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu haqda Bankers.uz taqdim qilgan operativ ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.

Banklar foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 trln 484,5 mlrd so‘mga yoki 68,9 foizga ko‘paygan. 2025 yilning birinchi yarmida bank tizimining umumiy sof foydasi 6 trln 507,9 mlrd so‘mni tashkil qilgandi.

Biroq ikki davr ko‘rsatkichlari to‘liq bir xil tarkibdagi banklarni qamrab olmagan. O‘tgan yilgi natijada hozir faoliyat yuritmayotgan Yangi Bank’ning 55,6 mlrd so‘mlik va Yevrosiyo bank’ning 51,6 mlrd so‘mlik zarari ham bor edi.

photo_2026-07-23_12-07-50

6 oy davomida 34 ta bankdan 25 tasi moliyaviy natijasini yaxshilagan. 9 ta bankda foyda kamaygan yoki zarar miqdori oshgan.

«Ipotekabank» zarardan yetakchilikka chiqdi

Eng yuqori natijani OTP Group tarkibidagi «Ipotekabank» qayd etdi. Bank 6 oyda 1 trln 388,7 mlrd so‘m sof foyda olgan.

Taqqoslash uchun, 2025 yilning mos davrida «Ipotekabank» 392,5 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi. Natijada bankning moliyaviy ko‘rsatkichi bir yilda 1 trln 781,2 mlrd so‘mga yaxshilangan.

Bu butun bank tizimidagi 4,48 trln so‘mlik o‘sishning qariyb 40 foiziga teng. Ya’ni umumiy foydaning keskin oshishida «Ipotekabank»ning zarardan chiqishi hal qiluvchi omillardan biri bo‘lgan.

Keyingi o‘rinlarni «Milliy bank» va «Sanoatqurilishbank» egalladi. «Milliy bank»ning sof foydasi 20,8 foizga oshib, 1 trln 214,1 mlrd so‘mga, SQB’niki esa 36,7 foizga ko‘payib, 1 trln 105,1 mlrd so‘mga yetgan.

Kuchli beshlikdan «Hamkorbank» va «Kapitalbank» ham joy oldi. «Hamkorbank» 970 mlrd so‘m, «Kapitalbank» esa 833,6 mlrd so‘m sof foyda olgan. Ularning foydasi mos ravishda 20,2 va 38,4 foizga oshgan.

Eng ko‘p foyda olgan beshta bankning umumiy natijasi 5 trln 511,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Bu bank tizimidagi jami foydaning 50,1 foiziga teng. Kuchli o‘ntalik esa umumiy foydaning 73,2 foizini shakllantirgan.

Qaysi banklar foydasini ko‘proq oshirdi?

Miqdor jihatidan «Ipotekabank»dan keyingi eng katta o‘sish «Xalq banki»da kuzatildi. Bankning sof foydasi 154,6 mlrd so‘mdan 650,5 mlrd so‘mga yetgan.

Bu bir yil ichida 495,9 mlrd so‘mlik o‘sish degani. Natijada «Xalq banki»ning foydasi 4,2 baravarga o‘sdi.

Yuqori o‘sish Uzum Bank’da ham qayd etilgan. Yarim yilda bank foydasi 30,4 mlrd so‘mdan 258,1 mlrd so‘mga yetib, 8,5 baravar oshgan.

TBC Bank foydasini 101 mlrd so‘mdan 288,1 mlrd so‘mga, «Infinbank» esa 136,9 mlrd so‘mdan 353,2 mlrd so‘mga yetkazgan. Shuningdek, «Agrobank», «Ziraat Bank» va «Asakabank» foydasi ikki baravardan ko‘proqqa o‘sgan.

Yana ikkita bank zarar zonasidan chiqqan. «Apeksbank» o‘tgan yilgi 62,4 mlrd so‘mlik zarar o‘rniga 107,6 mlrd so‘m foyda oldi. «Garant bank» esa 9,7 mlrd so‘mlik zarardan 28,5 mlrd so‘mlik foydaga chiqqan.

Foydasi kamaygan banklar

Eng katta pasayish «Biznesni rivojlantirish banki»da kuzatildi. Bankning sof foydasi 319,7 mlrd so‘mdan 208,5 mlrd so‘mga tushgan. Bir yillik kamayish 111,2 mlrd so‘m yoki 34,8 foizni tashkil qiladi.

«Oriyent Finans bank» foydasi 21,9 mlrd so‘mga, «Anorbank»niki 23 mlrd so‘mga kamaygan. «Ipak Yo‘li bank», «Universal bank», «Poytaxt bank», Mybank va Openbank ham o‘tgan yilga nisbatan pastroq natija qayd etgan.

AVO bank yarim yillikni zarar bilan yakunlagan yagona bank bo‘ldi. Uning zarari 1,8 mlrd so‘mdan 7,1 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Xususiy banklar tezroq o‘sdi

Davlat ulushi mavjud banklar birinchi yarim yillikda jami 3 trln 721,8 mlrd so‘m sof foyda olgan. Ularning umumiy foydasi bir yilda 40,9 foizga oshgan. Barcha davlat banklari hisobot davrini foyda bilan yakunladi.

Davlat ulushi bo‘lmagan banklarning sof foydasi esa 88,1 foizga ko‘payib, 7 trln 270,6 mlrd so‘mga yetgan. Ular bank tizimidagi jami foydaning qariyb uchdan ikki qismini shakllantirgan.

Biroq bu guruhdagi yuqori o‘sishga «Ipotekabank»ning katta zarardan foydaga o‘tishi sezilarli ta’sir qilgan. Shu sababli 88 foizlik o‘sishni barcha davlat ulushi bo‘lmagan banklarda bir xil darajadagi yaxshilanish sifatida talqin qilib bo‘lmaydi.

Umuman olganda, yarim yillik natijalar bank tizimining moliyaviy ko‘rsatkichlari sezilarli yaxshilanganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, taqdim qilingan ma’lumotlar foyda aynan nima hisobiga oshganini ko‘rsatmaydi.

O‘sishning qanchalik barqarorligini baholash uchun banklarning foizli daromadlari, xarajatlari, ehtimoliy yo‘qotishlar uchun ajratgan zaxiralari va bir martalik daromadlarini ham tahlil qilish kerak bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid