Logo

Toshkent ancha ortda: ko‘proq maosh olish uchun qayerga ko‘chib o‘tish kerak?

Bugun 16:464 daqiqa

The Economist ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentning yuqori maosh izlab ko‘chib keluvchilar uchun jozibadorligi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan 36 foiz past. Ostonada esa bu tafovut atigi 4 foizni tashkil etadi.

Toshkent ancha ortda: ko‘proq maosh olish uchun qayerga ko‘chib o‘tish kerak? © Foto: Stat.uz

Yuqoriroq maosh olish uchun boshqa shaharga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan odam, odatda, shaharlardagi o‘rtacha ish haqini solishtiradi. Maosh qayerda ko‘proq bo‘lsa, o‘sha joyda ishlash foydaliroqdek ko‘rinadi.

Ammo shahardagi yuqori o‘rtacha maosh har doim ham aynan o‘rtacha maosh hisobiga shakllanmaydi. Ba’zi shaharlar shunchaki yuqori malakali va baribir katta daromad oladigan mutaxassislarni o‘ziga jalb qiladi.

Boshqa shaharlar esa infratuzilma, yirik kompaniyalar, mehnat bozori va biznes muhiti orqali deyarli barcha xodimlarning maoshini oshiradi.

Ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgan odam uchun aynan ikkinchi turdagi shaharlar manfaatliroq.

Kaliforniya universiteti professori Gaurav Kxanna va uning hamkasblari 513 mln kishining mehnat faoliyatini tahlil qilib, dunyo shaharlarining ish haqiga real ta’sirini hisoblab chiqdi.

Tadqiqot LinkedIn foydalanuvchilarining 191 mamlakatdagi 220 mingdan ortiq joylashuv bo‘yicha ish tarixini qamrab olgan. The Economist bu maqolani taqdim qildi.

Tadqiqotchilar bir shahardan boshqasiga ko‘chib o‘tgan xodimlarning ish haqi qanday o‘zgarganini kuzatgan. Shu orqali maoshdagi farqning qanchasi xodimning malakasi, qanchasi esa yangi shaharning o‘zi bilan bog‘liqligini ajratishga harakat qilgan.

Toshkent global o‘rtachadan 36 foiz past

Tadqiqot asosida The Economist tuzgan hisoblagichda Toshkentning “city premium”, ya’ni shahar joylashuvi hisobiga yuzaga keladigan ish haqi bonusi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan 36 foiz past deb baholangan.

1

Taqqoslash uchun, Ostonada bu ko‘rsatkich global o‘rtachadan atigi 4 foiz past. Demak, ikki poytaxt o‘rtasidagi farq 32 foiz punktni tashkil qiladi.

Buni Toshkentdagi barcha maoshlar dunyo o‘rtachasidan 36 foiz past, deb tushunish noto‘g‘ri. Ko‘rsatkich o‘rtacha nominal maoshni emas, shaharning o‘zi bir xil malakaga ega xodim daromadiga qanday ta’sir qilishini ifodalaydi.

Soddaroq aytganda, bir xil tajriba va malakaga ega xodim boshqa shahardan Toshkentga ko‘chib kelganda, aynan joylashuv hisobiga olishi mumkin bo‘lgan maosh o‘sishi dunyo shaharlari bo‘yicha o‘rtacha natijadan ancha past.

Ostonadagi natija esa global o‘rtachaga yaqinroq. Ya’ni, bir xil malakali xodim Ostonadagi iqtisodiy muhit sabab Toshkentga nisbatan kuchliroq maosh bonusi oladi.

Toshkent va Ostonada maoshlar qanday?

Faqat maoshlar orasidagi farq ikki shahar o‘rtasida (Toshkentdan Ostonaga nisbatan) 21,4 foizni tashkil qiladi. I chorak yakuni bo‘yicha Toshkentda o‘rtacha rasmiy maosh 11 mln 684 ming so‘m bo‘lgan.

Ostonada esa shu davrda bu ko‘rsatkich 609 725 tenge yoki so‘mda 14 mln 871 ming so‘m bo‘lgan.

Dollar hisobida Ostona maoshi taxminan 1 225 dollar, Toshkentniki esa 962 dollar atrofida chiqadi. Bu maqoladagi Toshkentning “city premium” ko‘rsatkichi Ostonaga nisbatan ancha past ekaniga qo‘shimcha kontekst beradi.

Toshkent nega pastroqda?

Tadqiqot Toshkentdagi minus 36 foizlik natijaning aniq sabablarini alohida tahlil qilmagan. Shu sababli bu ko‘rsatkichni faqat bitta omil bilan izohlab bo‘lmaydi.

Ammo umumiy xulosaga ko‘ra, yirik va sanoati xilma-xil shaharlarda joylashuv bonusi odatda yuqoriroq bo‘ladi. Bunday shaharlarda xodimlar ko‘proq kompaniya orasidan ish tanlaydi, o‘z malakasiga mos lavozimni tezroq topadi va yuqori unumdorlikka ega bizneslarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Rivojlanayotgan davlatlardagi yirik shaharlar esa yuqori maoshli xodimlarni jalb qilganiga qaramay, hamma uchun bir xil darajada daromad o‘sishini ta’minlay olmasligi mumkin.

Uy-joy tanqisligi va qimmatligi, tirbandlik, jamoat transportidagi muammolar, elektr va kommunal infratuzilma bilan bog‘liq cheklovlar shaharning iqtisodiy afzalliklarini kamaytiradi.

Eng samarali kompaniyalar ham shunday muammolar sabab yetarlicha kengaya olmaydi va ko‘proq ishchi yollash imkoniyatini yo‘qotadi.

Natijada ish o‘rinlarining katta qismi unumdorligi va maoshi pastroq korxonalarda shakllanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda xodimlarning eng unumdor shaharlarga va o‘sha shaharlardagi eng samarali kompaniyalarga to‘liq taqsimlanmagani daromadlar o‘sishini cheklayotgan asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Bu muammolarning bir qismi Toshkent uchun ham dolzarb. Poytaxt aholisi va iqtisodiy faolligi tez o‘sayotgan bo‘lsa-da, transport, uy-joy va infratuzilma rivoji ishchi kuchi hamda bizneslar o‘sishiga mos sur’atda ketmasa, shaharning yuqori maosh yaratish imkoniyati cheklanadi.

Qayerda ko‘proq maosh olish mumkin?

Tadqiqotda eng yuqori joylashuv bonusi Lixtenshteyn poytaxti Vadutsda qayd etilgan. Yirik davlatlar orasida esa AQSH shaharlari yetakchilik qilmoqda.

San-Fransisko va Nyu-York kabi katta, aholisi zich hamda turli sohalardagi kompaniyalar faoliyat yuritadigan shaharlarda joylashuv bonusi yuqori. Bunday shaharlarga ko‘chib borgan xodimlar faqat nominal maoshning kattaligidan emas, shaharning iqtisodiy muhiti yaratadigan qo‘shimcha imkoniyatlardan ham foydalanadi.

O‘zbekistonliklar uchun nisbatan ommabop bo‘lgan shaharlardan Moskva +18 foiz ko‘rsatkichga ega. Seul shahrida esa joylashuv bonusi +81 foizni tashkil qiladi.

Biroq yuqori joylashuv bonusi ko‘chib o‘tish uchun yetarli asos emas. Uy-joy va kundalik xarajatlar, soliqlar, viza olish imkoniyati, til, ish topish shartlari hamda hayot sifati ham hisobga olinishi kerak.

Tadqiqot LinkedIn foydalanuvchilari ma’lumotlariga asoslangan. Platformadan asosan oliy ma’lumotli, malakali va ofisda ishlovchi mutaxassislar foydalanadi.

Shu sababli natijalar butun mehnat bozori, jumladan norasmiy, jismoniy yoki past malakali mehnat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar holatini to‘liq aks ettirmasligi mumkin.

Shunga qaramay, tadqiqot muhim bir xulosani ko‘rsatmoqda: yuqori daromad faqat insonning bilimi va tajribasiga emas, u yashaydigan shaharning iqtisodiy imkoniyatlariga ham bog‘liq.

Toshkentdagi minus 36 foizlik natija esa poytaxt yuqori malakali odamlarni jalb qilish bilan birga, ularning unumdorligi va maoshini oshiradigan shahar muhitini ham kuchaytirishi kerakligini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid