Xitoy YI sanksiyalariga javoban 14 ta Yevropa kompaniyasiga eksport cheklovlarini joriy qildi
Yangi cheklovlarga ko‘ra, xitoylik eksportchilar mazkur kompaniyalarga ikki xil maqsadda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan (fuqarolik va harbiy sohada ishlatiladigan) mahsulotlarni yetkazib bera olmaydi.
© The Associated PressXitoy Yevropa Ittifoqining (YI) Rossiyaga qarshi qabul qilgan 21-paket sanksiyalariga javob tariqasida 14 ta Yevropa kompaniyasini eksport nazorati ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda «South China Morning Post» nashri Xitoy Savdo vazirligiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu qaror Yevropa Ittifoqining so‘nggi sanksiyalar paketiga javob sifatida qabul qilingan. Avvalroq YI ham 14 ta Xitoy kompaniyasiga nisbatan cheklovlar joriy etgan edi.
Xitoy Savdo vazirligi bayonotida aytilishicha, ushbu qaror mamlakat milliy xavfsizligi va davlat manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishining oldini olish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish maqsadida qabul qilingan. Yangi cheklovlarga ko‘ra, xitoylik eksportchilar mazkur kompaniyalarga ikki xil maqsadda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan (fuqarolik va harbiy sohada ishlatiladigan) mahsulotlarni yetkazib bera olmaydi.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalar va jismoniy shaxslarga ham Xitoyda ishlab chiqarilgan shunday mahsulotlarni ushbu kompaniyalarga qayta yetkazib berish taqiqlandi.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, cheklovlar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar bilan amalga oshirilayotgan barcha amaldagi eksport operatsiyalari darhol to‘xtatilishi kerak. Ro‘yxatdan Yevropa mamlakatlarining bir qator harbiy va sanoat kompaniyalari o‘rin olgan. Ular orasida Germaniyaning yirik mudofaa konserni «Rheinmetall», Chexiyaning yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchisi «Tatra Trucks», Italiyaning elektr dvigatellari ishlab chiqaruvchisi «Lafert», Germaniyaning «Sindlhauser Materials», Fransiyaning dronlar ishlab chiqaruvchisi «Cavok UAS», Fransiyaning «III-V LAB», Niderlandiyaning «IHC Merwede Holding B.V.» hamda Litvaning «Ekspla UAB» kompaniyalari bor.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi qabul qilgan 21-paket sanksiyalari ro‘yxatiga Qirg‘izistonning uchta kompaniyasi ham kiritilgan. Shuningdek, mazkur cheklovlar doirasida Qirg‘izistondagi tijorat banklaridan biri bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish ham taqiqlangan.





