«Apple» iPhone egalariga 250 million dollar tovon puli to‘laydi
Har bir mos keladigan smartfon uchun taxminan 25 dollar to‘lanadi. Agar murojaatlar soni kam bo‘lsa, tovon puli 95 dollargacha yetishi mumkin.
© Business TodayAmerikaning «Apple» kompaniyasi sun’iy intellekt (Apple Intelligence) funksiyalari va Siri yangilanishlari bo‘yicha chalg‘ituvchi reklama qilgani yuzasidan berilgan jamoaviy da’voni kelishuv orqali yakunlashga rozi bo‘ldi. Shu sabab kompaniya 250 million dollar tovon puli ajratadi.
Da’vogarlar «Apple» 2024-yildagi WWDC taqdimotida hali tayyor bo‘lmagan sun’iy intellekt imkoniyatlarini reklama qilib, xaridorlarni qimmatroq iPhone sotib olishga undaganini ta’kidladi. Kelishuvga ko‘ra, «Apple» o‘z aybini tan olmaydi, biroq kompensatsiya to‘lash uchun mablag‘ ajratadi.
Tovon pulini 2024-yil 10-iyundan 2025-yil 29-martgacha sotib olingan iPhone 15 Pro, iPhone 15 Pro Max va iPhone 16 turkumidagi smartfon egalari olishi mumkin. Har bir mos keladigan smartfon uchun taxminan 25 dollar to‘lanadi. Agar murojaatlar soni kam bo‘lsa, tovon puli 95 dollargacha yetishi mumkin.
Arizalarni qabul qilish bo‘yicha xabarnomalar 2026-yil 31-avgustgacha yuboriladi. To‘lovlarni yakuniy tasdiqlash esa 2027-yil 29-sentabrda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Apple» kompaniyasi bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha «Nvidia»ni ortda qoldirib, yana dunyodagi eng qimmat ommaviy kompaniyaga aylangandi. Kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 4,9 trillion dollarga yetgandi.
