Logo

Yevroosiyo transport tarmog‘iga sarflanayotgan pullarning qanchasi Markaziy Osiyoga to‘g‘ri keladi?

Bugun 16:153 daqiqa

Mintaqada umumiy qiymati 71,75 milliard dollardan oshadigan 114 ta loyiha amalga oshirilmoqda yoki rejalashtirilgan.

Yevroosiyo transport tarmog‘iga sarflanayotgan pullarning qanchasi Markaziy Osiyoga to‘g‘ri keladi? © aiib.org

Yevroosiyo transport tarmog‘iga 345 milliard dollardan ortiq investitsiya yo‘naltirilmoqda, uning beshdan bir qismi Markaziy Osiyoga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot bankining «Transport koridorlari infratuzilmasi: Yevroosiyo transport tarmog‘i loyihalari monitoringi va interaktiv xaritasi – 2026» hisobotida keltirilgan.

Yevroosiyoning transport tizimi yaqin yillarda katta kengayishga tayyorlanmoqda. Hozirda mintaqada umumiy qiymati 345 milliard dollar bo‘lgan 402 ta transport loyihasi amalga oshirilmoqda yoki rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yana 100 milliard dollarlik yangi loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari Yevroosiyo transport tarmog‘ini rivojlantirish uchun ajratilayotgan jami investitsiyalarning 21 foizdan ortig‘ini egallaydi. Mintaqada umumiy qiymati 71,75 milliard dollardan oshadigan 114 ta loyiha amalga oshirilmoqda yoki rejalashtirilgan.

Yevroosiyo transport tarmog‘i loyihalari monitoring platformasi 13 ta davlatdagi transport koridorlari rivojlanishini kuzatib boradi. Unga Armaniston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belarus, Gruziya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kiradi. Mazkur platforma transport infratuzilmasidagi o‘zgarishlarni kuzatish, ustuvor loyihalarni aniqlash va investitsiya qarorlarini samaraliroq qabul qilishga yordam beradi.

Markaziy Osiyoda 6 milliard dollardan ortiq loyihalar yakunlandi

2025-yilda Yevroosiyo hududida umumiy investitsiya hajmi 10 milliard dollardan oshgan transport infratuzilmasi obyektlari foydalanishga topshirildi. Markaziy Osiyoda esa umumiy qiymati 6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yirik loyihalar yakunlandi. Ular orasida:

Qozog‘iston: Dostyk–Mo‘yinti temiryo‘l liniyasi modernizatsiya qilindi. Ikkinchi asosiy yo‘llar qurilishi hisobiga uning o‘tkazish quvvati 5 baravar oshdi;

Turkmaniston: Ashxobod–Mari–Turkmanobod avtomobil yo‘li hamda Xalqaro Shimol–Janub transport yo‘lagining Turkmanboshi–Garabog‘oz–Qozog‘iston chegarasi yo‘nalishidagi qismi ishga tushirildi;

Qirg‘iziston: Muqobil Shimol–Janub avtomobil yo‘lidagi Ko‘k-Art dovoni tunneli foydalanishga topshirildi;

Tojikiston: Obigarm–Nurobod yo‘lining ayrim qismlari qurib bitkazildi;

O‘zbekiston: Buxoro–Urganch–Xiva temiryo‘lini elektrlashtirish yakunlanib, yuqori tezlikdagi yo‘lovchi qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

Markaziy Osiyoda asosiy e’tibor avtomobil yo‘llariga qaratilgan

Markaziy Osiyo davlatlaridagi investitsiyalarning qariyb 56 foizi avtomobil yo‘llarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bu xalqaro tranzit va savdoni rivojlantirishda avtomobil transportining muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Yana 29,8 foiz investitsiyalar Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi transport koridorlaridagi temiryo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirishga sarflanmoqda.

Mintaqadagi Yevroosiyo transport tarmog‘ini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan eng katta mablag‘ — 42,8 milliard dollar — TRACECA koridori, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini (TITR) rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Markaziy Osiyodagi eng yirik transport loyihalari

Markaziy Osiyodagi eng yirik 10 ta transport loyihasi Yevroosiyo transport tarmog‘iga yo‘naltirilayotgan jami investitsiyalarning 42 foizini tashkil qiladi. Ular orasida:

  • Transafg‘on temiryo‘l koridori — 4,8 milliard dollar;

  • Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li — 4,7 milliard dollar;

  • Toshkent–Andijon pullik avtomobil yo‘li — 4,3 milliard dollar;

  • Ostona–Qo‘stanay–Rossiya chegarasi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish — 4,1 milliard dollar;

  • Toshkent–Samarqand yuqori tezlikdagi temiryo‘li — 3 milliard dollar;

  • Markaz–G‘arb avtomobil yo‘li (Astana–Shalkar–Qandiag‘ash qismi) — 2,6 milliard dollar;

  • Ashxobod–Turkmanboshi avtomobil yo‘li — 2,5 milliard dollar;

  • Yangi Toshkent xalqaro aeroporti — 2,5 milliard dollar;

  • Seraxs–Mari–Serhetobod avtomobil yo‘li — 2,2 milliard dollar;

  • Toshkent–Samarqand pullik avtomobil yo‘li — 2,2 milliard dollar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda O‘zbekiston boshqaruvidagi Hayraton — Mozori Sharif temiryo‘l liniyasida yangi quruqlik porti ochilgandi.

Teglar

Mavzuga oid