Logo

Yarim yilda O‘zbekistonga 9,3 mlrd dollar pul o‘tkazildi — Markaziy bank

Bugun 18:302 daqiqa

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan talab 20 foizga oshib, qariyb 32 mlrd dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga, valuta taklifi yanada tezroq o‘sib, 27,8 mlrd dollar qiymatida baholangan.

Yarim yilda O‘zbekistonga 9,3 mlrd dollar pul o‘tkazildi — Markaziy bank © NGOC THANG

Markaziy bankning ichki valuta bozori sharhiga ko‘ra, yarim yilda xorijiy valutaga bo‘lgan umumiy talab qariyb 32 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga oshgan.

Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, ichki valuta bozoridagi xorijiy valuta taklifi 27,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning yanvar—iyun oylariga nisbatan 31 foizga yuqori.

Eksport tushumlari valuta taklifini oshirdi

Hisobot davrida yuridik shaxslarning xorijiy valutaga bo‘lgan talabi 19 foizga, taklifi esa 29 foizga oshgan.

Eksport tushumlari hisobidan shakllangan valuta taklifi 10,1 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga ko‘paygan.

Shundan 5,6 mlrd dollar yoki eksport tushumlarining 55 foizi ichki valuta bozorida sotilgan. Bu 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan 1,2 mlrd dollarga yoki 26,4 foizga ko‘p.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, importni moliyalashtirishda ichki valuta bozorida sotib olingan mablag‘lar ulushi 67,2 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 63,1 foiz bo‘lgan. Xorijiy valutadagi o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan import ulushi esa 22,6 foizni tashkil etgan.

Aholi banklarga 12,3 mlrd dollar sotdi

Jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan valuta operatsiyalarida ham ijobiy saldo kuzatilgan.

2026-yilning yanvar—iyun oylarida aholi tijorat banklariga 12,3 mlrd dollar sotgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,4 baravar ko‘p. Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 9,1 mlrd dollarni tashkil etgan.

Shu davrda fuqarolar banklardan 6,8 mlrd dollar sotib olgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga oshgan.

Natijada jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan xorijiy valuta hajmi xarid qilingan valutadan 5,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘lgan.

Pul o‘tkazmalarida 8 mlrd dollarlik ijobiy saldo qayd etildi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga 9,3 mlrd dollar kelib tushgan.

Shu davrda mamlakatdan 1,3 mlrd dollar miqdorida mablag‘ chiqib ketgan. Natijada xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha 8 mlrd dollarlik ijobiy saldo shakllangan.

Markaziy bank qayd etishicha, jismoniy shaxslarning ijobiy valuta saldosi ichki valuta bozorida xorijiy valuta taklifining muhim manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, birinchi chorakda O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalarida Rossiya ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaygandi.

Teglar

Mavzuga oid