Logo

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yirik bitimlar paketi imzolandi

Tomonlar 2 trln so‘mdan ortiq memorandum va tijorat shartnomalarini imzoladi. Shuningdek, qiymati 1,8 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 80 ta qo‘shma sanoat loyihasi amalga oshirilayotgani, ularning bir qismi allaqachon ishga tushirilgani hamda yana 1,5 mlrd dollarlik 59 ta yangi investitsiya tashabbusi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yirik bitimlar paketi imzolandi

O‘zbekiston va Qozog‘iston temir yo‘l yo‘laklarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 35 million tonnadan 60 million tonnagacha oshirish bo‘yicha qo‘shma rejani amalga oshirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston hukumati Oqtau shahrida o‘tgan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 23-yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, chegaraoldi temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda qo‘shimcha o‘tkazish punktlarini ochish masalalarini muhokama qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunlarida ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 16 foizga o‘sib, 32,3 million tonnaga yetgan. Endi yangi loyihalar mazkur ko‘rsatkichni yanada oshirish uchun xizmat qilishi kutilmoqda.

Savdo hajmi oshmoqda

Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,8 mlrd dollarga yetgan. 2026 yilning dastlabki besh oyida esa bu ko‘rsatkich 37 foizga o‘sib, 2,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish maqsadini yana bir bor tasdiqladi. Buning uchun umumiy qiymati 7,8 mlrd dollar bo‘lgan investitsiya va savdo loyihalari bo‘yicha yo‘l xaritasini amalga oshirishga kelishildi.

Sanoat sohasida hozirda qiymati 1,8 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 80 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan 15 tasi ishga tushirilgan bo‘lib, qariyb 5 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Yana 59 ta yangi investitsiya tashabbusi ishlab chiqilmoqda.

Yangi kelishuvlar imzolandi

Oqtauda Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari tashabbusi bilan tashkil etilgan Hududlar rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda chegaraoldi hamkorlik, turizm va hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida umumiy qiymati 80 mlrd tengeden ortiq, ya’ni 2 trln so‘mdan ziyod bo‘lgan memorandum va tijorat shartnomalari imzolandi.

Tomonlar ushbu kelishuvlar Markaziy Osiyodagi iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini jadallashtirish va chegaraoldi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid