Yangi qonun: O‘zbekistonda islomiy bank va moliya operatsiyalari tartibi belgilandi
Islomiy moliya tizimi O‘zbekistonda rasman joriy etilmoqda. Qonun bank operatsiyalari va QQS imtiyozlarini belgiladi.

O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqdagi tegishli qonun kecha, 27-mart kuni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bankning islomiy moliya operatsiyalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
*foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
*vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
*tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish;
*tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish;
*birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish;
*mol-mulkni islomiy ijaraga berish (sotib olish huquqi bilan).
O‘zbekistonda bank faoliyatini amalga oshirishga ushbu Qonunda belgilangan tartibda tashkil etilgan va Markaziy bank tomonidan beriladigan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar haqlidir.
Mazkur litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi.
Islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Qonunga ko‘ra, Markaziy bankda 5 nafar a’zodan iborat bo‘lgan Markaziy bankning islomiy moliya kengashi tashkil etiladi.
Islomiy moliya faoliyati doirasida jami daromadlar tarkibiga quyidagi daromadlar kiritiladi:
*islomiy moliya faoliyati bo‘yicha mukofot tarzidagi daromad;
*islomiy sug‘urta va islomiy qayta sug‘urta tashkilotining sug‘urta, qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha daromadi.
Quyidagilar QQS solishdan ozod qilinadi:
*islomiy qimmatli qog‘ozlar (sertifikatlar) bilan bog‘liq operatsiyalar.
*islomiy moliya faoliyati doirasida ishonchli boshqaruv (vositachilik) shartnomalari asosida bank va mikromoliya tashkiloti tomonidan ishonchli boshqaruvning muassisiga (komitentga) pulli asosda ko‘rsatilgan xizmatlar;
*islomiy moliya faoliyati doirasida mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berishda ushbu mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berish bo‘yicha barcha ijara to‘lovlari summasi va sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq;
*banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya faoliyati doirasida tuziladigan shartnomalar bo‘yicha mijozga (xaridorga) realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama.
Islomiy moliya faoliyati doirasida ko‘chmas mulklarni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) beruvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari mol-mulk solig‘i to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.





