add

Asosiy stavka pasayib borsa ham, nega kreditlar arzonlamadi?

Kecha 09:383243 daqiqa

Markaziy bankning asosiy stavkasi 3 yil ichida 17 foizdan 14 foizgacha pasaydi. Shunga qaramay, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foizlar unchalik o‘zgarmadi. Iste’mol kreditlari o‘sishi ortidan bu holat tizimli xavflarga sabab bo‘lishi mumkin.

Asosiy stavka pasayib borsa ham, nega kreditlar arzonlamadi?

O‘tgan hafta Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz ko‘rinishida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu 2025 yil hisobidan so‘nggi bor asosiy stavkani ko‘rib chiqilishi edi. 

«Iqtisodiy sharh» jurnali navbatdagi sonida iste’mol kreditlarining o‘sishi xavfi haqida tahliliy maqola chop etdi. Unda asosiy stavkaning so‘nggi 3 yilda 3 foizga пасайgaниga qaramasdan, kredit foizlari deyarli o‘zgarmagani va buning sabablari tahlil qilingan. 

So‘nggi yetti yilda aholi daromadlari va to‘lov qobiliyati ikki baravar oshdi, bu esa iste’mol talabi o‘sishiga olib keldi. Shunga ko‘ra, so‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlari sub’ektlari va jismoniy shaxslarni kreditlash hajmining keskin o‘sishi kuzatilmoqda. 

Xususan, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshida kreditlarning umumiy yillik hajmi 13 foizga oshdi. Bunda iqtisodiyot tarmoqlarini kreditlash 10 foizga, aholini kreditlash esa 19 foizga o‘sdi.

So‘nggi yillarda aholi daromadlarining o‘sishi moliya sektorini raqamlashtirish darajasining sezilarli darajada oshishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Yangi sharoitda moliyaviy bozor ishtirokchilari tomonidan raqamli banking, fintex-kreditlash, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash texnologiyalari (Buy now, pay later, BNPL) foyda o‘sishining asosiy omillariga aylandi.

Umuman olganda, ushbu ijobiy o‘zgarishlar va kutilmalar bilan birga, so‘nggi paytlarda tartibga soluvchi vakillar, jamoatchilik va kredit tashkilotlaridagi nufuzli ekspertlar tomonidan iste’mol kreditlari hajmida kuzatilayotgan jadal o‘sish bo‘yicha xavotir bildirilmoqda.

Xavotirlarga O‘zbekiston sharoitida kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining hamon yuqoriligi, shuningdek, aholining daromadlari va moliyaviy savodxonligi darajasi nisbatan pastligi sabab bo‘lmoqda. 

 

Paradoksal holat

Gap shundaki, tushuntirish talab qilinadigan ma’lum bir paradoks kuzatilmoqda. Bu vaqt ichida Markaziy bankning asosiy stavkasi sezilarli darajada pasayganiga qaramay, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foizlar unchalik o‘zgarmadi (keltirilgan jadvalga qarang).  

kredit stavkalari

Aslida tarmoqni sezilarli darajada raqamlashtirish kredit tashkilotlarining mijozlarga xizmat ko‘rsatish va jarayonlarni optimallashtirish bilan bog‘liq operatsion xarajatlarini kamaytirishi kerak edi.

Bu paradoksni taxminan quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin:

1) aholi daromadlarining o‘sishi hisobiga kreditlarga bo‘lgan talabning o‘sishi ularning taklifidan sezilarli darajada oshib ketadi;

2) iste’mol tovarlarini marketing qilish va ilgari surishning ilg‘or (shu jumladan, ba’zi hollarda manipulyativ) texnologiyalari qo‘llanilishining tarqalishi;

3) segmentda o‘rtachadan yuqori daromad olish tabiiy intilish hisoblangan bozorga yangi, yanada texnologik qurollangan, shu jumladan, xorijiy o‘yinchilarning kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan raqobatning kuchayishi;

4) yangi moliyaviy texnologiyalar kreditlar qiymatini oshirish va qamrab olish ta’siri tufayli ishonchsiz qarz oluvchilarning risklarini qoplash («hammaga yuklash») imkonini beradi.

Markaziy bank tomonidan asosiy stavkaning kamaytirilishiga kreditlar bo‘yicha foizlar deyarli ta’sir ko‘rsatmasligiga aynan iste’mol kreditlariga bo‘lgan talabning ortib borayotgani xizmat qilmoqda, deb taxmin qilish mumkin. 

Bu taxminni 2022 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda asosiy stavka pasaytirilganiga qaramay jismoniy shaxslar uchun bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha foiz 24,4 dan 25,8 ga oshgani, shuningdek, mikroqarzlar bo‘yicha o‘tgan yildagi ko‘rsatkichlar tasdiqlaydi.

Xususan, 2024 yilda O‘zbekiston aholisi, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 45,8 trln so‘m miqdorida mikroqarz oldi, bu 2023 yilga nisbatan 59 foizga ko‘pdir. O‘tgan besh yil ichida mikroqarz olganlar soni 2019 yildagi 500 mingdan 2024 yil yakunida 2,3 mln nafarga ko‘paydi (+460 foiz). 

Joriy yil boshida har bir kishiga mikroqarz bo‘yicha o‘rtacha 1,8 ta shartnoma to‘g‘ri keldi. 2025 yilning birinchi choragida jismoniy shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan kreditlar hajmi 34,9 trln so‘mga teng bo‘lib, 2024 yilning shu davriga nisbatan 74 foizga o‘sdi. Bunda fuqarolar tomonidan olingan kreditlarning yarmidan ko‘pini mikroqarzlar tashkil etdi.

Shu maqsadda, Markaziy bank chakana kreditlash segmentida risklarning oldini olish va bank tizimi barqarorligini ta’minlash maqsadida mikroqarzlar bo‘yicha qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqda. 

Yaqin yillarda banklarning kredit portfelida mikroqarzlar ulushini 25 foizgacha cheklash rejalashtirilgan. Ko‘plab banklar yangi talablarga moslashishni boshlab yuborgan.

Teglar

Mavzuga oid