
Avtoraqamlar, boj va tariflar: 2025 yilda nima o‘zgardi?
2025 yil davomida O‘zbekistonda tariflar, boj to‘lovlari, elektron savdo, transport va moliya sohalariga oid qator muhim qarorlar qabul qilindi. Vaqt.uz ushbu iqtisodiy o‘zgarishlarni oyma-oy yodga oladi.
2025 yil O‘zbekistonda iqtisodiy siyosat, tariflar, soliqlar va bozor munosabatlari sohasida aholi hayotiga bevosita ta’sir qilgan qator muhim qarorlar bilan yodda qoldi. Energiya narxlaridan tortib, elektron savdo, transport, bank tizimi va ijtimoiy to‘lovlargacha bo‘lgan yo‘nalishlarda qabul qilingan qarorlar jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Vaqt.uz 2025 yil davomida qabul qilingan eng muhim iqtisodiy qarorlarni oyma-oy yodga oladi.
Yanvar
Yil boshidanoq O‘zbekistonda “tungi iqtisodiyot” konsepsiyasi ishlab chiqildi. Strategik islohotlar agentligi tomonidan tayyorlangan ushbu konsepsiya doirasida 24/7 rejimida ishlaydigan hududlar, tungi bozorlar, madaniy tadbirlar, tungi jamoat transporti hamda “Tungi shahar” platformasini joriy etish nazarda tutildi.
Yanvar oyida qabul qilingan yana bir muhim qaror — O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan elektron savdo platformalari faoliyatini taqiqlash bo‘ldi. Unga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab elektron tijorat operatori sifatida faqat O‘zbekiston rezidentlari — davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslar faoliyat yuritishi mumkinligi belgilandi.
Fevral
Fevral oyida ekologiya va texnologiya kesishgan nuqtada jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan qaror qabul qilindi. Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshirildi. Avtomobil ishlab chiqarilgan yiliga qarab ushbu to‘lov 45 million so‘mdan 78,5 million so‘mgacha etib belgilandi. Qaror jamoatchilik orasida norozilik va shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Shu oyda yana bir muhim qaror qabul qilinib, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda zararli ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish taqiqlandi. Rejaga ko‘ra, 168 ta sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chirilishi belgilandi.
Mart
Mart oyida “Temu” elektron savdo platformasining bloklanishi kun tartibining markazida bo‘ldi. Soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va mahalliy qonun talablariga rioya qilmagani sababli, 20-martdan boshlab “Temu” O‘zbekiston hududida bloklandi.
Shuningdek, bozorlarni hokimliklar tasarrufidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Bozorlarga egalik qilishda mahalliy hokimiyatlarning majburiy ishtiroki to‘g‘risidagi norma bekor qilindi.
Aprel
Aprel oyida aholi turmush darajasiga bevosita ta’sir qiluvchi qaror qabul qilinib, gaz va elektr energiyasi tariflarining har yili oshirilishi belgilandi. Elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan alohida tarif joriy etildi. 2026 yildan esa elektr va gaz tariflari har yili 1-maydan inflatsiya darajasini hisobga olgan holda, biroq 10 foizdan oshmagan miqdorda oshirilishi belgilandi. Ilgari tariflarni kamida uch yilga o‘zgarishsiz qoldirish rejalashtirilgan edi.
Shu oyda energetika sohasida yana bir muhim o‘zgarish yuz berdi. Jamoatchilik tanqidlariga qaramasdan, Jizzax viloyatida kichik atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Loyiha doirasida RITM-200N reaktorlariga ega AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari barpo etildi.
Iyun
Iyun oyidan boshlab O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar uchun “oltin viza” tizimi joriy etilishi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 200 ming AQSH dollari to‘lovi evaziga, ko‘chmas mulk xarid qilmasdan turib, 5 yil muddatga yashash guvohnomasini olish imkoniga ega bo‘ldi. Ushbu qaror investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan qadam sifatida baholandi.
Shuningdek, 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, 1-avgustdan esa ish haqi hamda stipendiyalar 10 foizga oshirilishi ma’lum qilindi. Avvalgi oshirish 2024 yil 1-sentabrda amalga oshirilgan bo‘lib, o‘shanda to‘lovlar 15 foizga ko‘tarilgan edi.
Iyul
Iyul oyida jamoatchilik diqqat markazida SeaBreeze loyihasi bilan bog‘liq masala bo‘ldi. Loyiha atrofida hukumat, tadbirkorlar va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida turli nuqtai nazarlar bildirildi. Ayrimlar loyihani iqtisodiy imkoniyat sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar ekologik va shaharsozlik jihatdan xavotirlarini bildirdi. Muhokamalar ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng rezonansga sabab bo‘ldi.
Avgust
Avgust oyida aholi va biznes uchun bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi qaror qabul qilinib, bazaviy hisoblash miqdori oshirildi. Ushbu o‘zgarish natijasida soliqlar, jarimalar, davlat xizmatlari hamda boj to‘lovlari miqdori avtomatik ravishda oshdi.
Sentyabr
Sentyabr oyida iqtisodiy va maishiy hayotga bevosita ta’sir qilgan bir qator qarorlar jamoatchilik muhokamalari markazida bo‘ldi. Xususan, AI-80 markali benzin savdosining to‘xtatilishi keng rezonansga sabab bo‘ldi. “O‘zbekneftgaz” AJ 2-sentabrdan boshlab mazkur yoqilg‘ini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu qaror avtomobil bozori va aholi orasida turli baholarga sabab bo‘ldi.
Shu oyda chiroyli avtoraqamlar savdosi tartibi ham o‘zgartirildi. Yangi tizimga ko‘ra, harfli kombinatsiyalar joriy etildi, auksion orqali sotish amaliyoti bekor qilindi hamda yagona onlayn baza orqali davlat raqamini tanlash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 6 tagacha harf yoki raqamdan iborat shaxsiy kombinatsiyalarni rasmiylashtirish imkoni paydo bo‘ldi.
Oktyabr
Oktyabr oyidan boshlab moped va skuter haydovchilari uchun yangi talablar kuchga kirdi. Unga muvofiq, moped va skuterlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, davlat raqami bilan ta’minlanishi hamda haydovchilarning haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi majburiy etildi. Ushbu qaror minglab kurerlar va boshqa foydalanuvchilar uchun qiyinchiliklar keltirib chiqardi.
Jamoatchilik tanqidlari va muhokamalaridan so‘ng, mazkur toifadagi transport vositalari uchun alohida “A1” toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etildi. Bu qaror muammoni qisman yumshatgan bo‘lsa-da, mavzu oy davomida jamoatchilik e’tiborida qoldi.
Noyabr
Noyabr oyida moliya sohasida uzoq yillardan beri muhokama qilib kelingan masala ijobiy hal etildi. Islomiy banklar faoliyatini joriy etishga oid qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilgacha kamida 10 ta islomiy bank tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, amaldagi tijorat banklarida “islomiy darcha” ochilishi nazarda tutildi. 7 yildan ortiq davom etgan muhokamalardan so‘ng ushbu qaror qabul qilinishi jamoatchilik va biznes doiralarida ijobiy munosabat bilan kutib olindi.
Dekabr
Yilning so‘nggi oyida aholi kundalik hayotiga daxldor qarorlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, retseptsiz dori vositalarini sotish tartibi hamda farmatsevtika bozoridagi nazorat masalalari jamoatchilik e’tiborida bo‘ldi.
Shuningdek, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish doirasida muhim qaror qabul qilinib, O‘zbekistonda yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy etib belgilandi. Ushbu yangilik raqamli to‘lov tizimlarini rivojlantirish yo‘lida yilning eng muhim iqtisodiy qarorlaridan biri sifatida baholandi.
Teglar






