Chegara nizolaridan umumiy platformagacha: Toshkentdagi anjumanda Markaziy Osiyo hamjamiyatining qaysi modellari muhokama qilindi?

Bugun 19:333 daqiqa

21-22-may kunlari Toshkentdagi Diplomat universitetida «Markaziy Osiyo hamjamiyatining konseptual asoslari va modeli» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Vaqt.uz muxbiriga ko‘ra, mintaqaning qator taniqli siyosatshunos, ekspert va diplomatik korpus vakillari qatnashayotgan bu tadbirda geosiyosiy to‘fonlar sharoitida mintaqa davlatlarining yaxlit kuchga aylanishi masalalari muhokama qilinmoqda.

Chegara nizolaridan umumiy platformagacha: Toshkentdagi anjumanda Markaziy Osiyo hamjamiyatining qaysi modellari muhokama qilindi?

Maslahat uchrashuvidan hamjamiyat sari: Endigi qadam nima?

«Bilim karvoni» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari, taniqli siyosatshunos Farhod Tolipov tadbir ahamiyati va mintaqaviy birdamlik masalasiga to‘xtalar ekan, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

«O‘tgan yili noyabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyo prezidentlarining yettinchi maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan muhim tashabbus ilgari surildi. Shu paytgacha format «maslahat uchrashuvlari» deb aytilgan bo‘lsa, uning o‘rniga «Markaziy Osiyo hamjamiyati» degan nom berish taklifi o‘rtaga tashlandi va buni barcha prezidentlar qo‘llab-quvvatladi».

Biroq, ekspertning fikricha, ushbu hamjamiyatning unsurlari, tamoyillari, ramkalari va mazmun-mohiyati nimalardan iborat bo‘lishi haqidagi savollar hozircha ochiq qolmoqda. Siyosatshunoslar uchun bu masalalarni konseptual darajada muhokama qilish vaqti keldi.

Farhod Tolipov so‘zini davom ettirarkan, navbatdagi sakkizinchi uchrashuv Turkmanistonda kutilayotganini va bu shunchaki nom o‘zgarishi emas, balki integratsiya tomon qo‘yilgan juda dadil va ambitsiyali qadam, «beshta davlatning xuddi bir oilaga aylanishi» ekanini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning rasmiy hujjatlarga ko‘chish imkoniyatlari haqida gapirganda, siyosatshunos Toshkent sammitida ikkita juda jiddiy hujjat — Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasi hamda xatarlar (risklar) katalogi qabul qilinganini ma’lum qildi. Ekspertlar endilikda ushbu hujjatlar mazmunini shaffoflik asosida atroflicha o‘rganib chiqish va jarayonga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qilgan.

Integratsiya g‘ovlari: Milliy millatchilik va etnotsentrizm tahdidi

Biroq integratsiya yo‘li faqat ijobiy imkoniyatlardan iborat emas. Uning ichki g‘ovlarini ochiq muhokama qilmay turib, oldinga qadam bosib bo‘lmaydi. Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov anjumandagi chiqishi davomida mintaqaviy birlik taqdiriga rahna soluvchi ichki omillarni, xususan, etnotsentrizm va milliy millatchilik muammolarini o‘rtaga tashladi.

Mintaqa davlatlari bu kabi xavflardan qanchalik uzoqlasha olgani haqidagi savolga javob berarkan, Rabbimov shunday dedi:

«Mening nazarimda, bu muammo Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi yo‘lidagi eng yirik xalaqit beruvchi, bezovta qiluvchi va jarayonni vaqti-vaqti bilan to‘liq pauzaga qo‘yish potensialiga ega bo‘lgan omillardan biridir».

Siyosatshunos o‘z fikrini asoslash uchun 2010 yildagi Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod voqealarini, Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi to‘qnashuvlarni hamda 2022 yildagi Qoraqalpog‘iston voqealariga ijtimoiy tarmoqlardagi millatchilik kayfiyatidagi munosabatlarni misol qilib keltirdi.

Rabbimovning fikricha, bu faqat bizning mintaqaga xos emas, balki global trenddir. G‘arbda, AQSH va Yevropa Ittifoqida (masalan, Brexit jarayoni, Fransiya, Italiya, Ispaniya va Vengriyadagi siyosiy vaziyatda) natsionalizm va ksenofobiya yetakchi kuchga aylanib bormoqda.

Bunday global muammolar fonida Markaziy Osiyoni birlashtira oladigan umumiy platformalar mavjudmi? Tahlilchiga ko‘ra, mintaqa davlatlari konstitutsiyalariga binoan dunyoviylik fundamental qadriyat hisoblanadi. Biroq, ushbu tizimdan voz kechmagan holda, ohista sotsiomadaniy platforma sifatida umumiy diniy o‘zlik va diniy birlik omilidan ham tinchlik hamda moslashish yo‘lida foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Anjumanning birinchi kunidagi qizg‘in bahslar bir haqiqatni tasdiqladi: Markaziy Osiyo hamjamiyatini qurish — shunchaki geosiyosiy xohish emas, balki bugungi global dunyoda mavjudlikni saqlab qolishning yagona chorasidir. Anjuman yakunida ishlab chiqiladigan konseptual modellar tegishli davlat tuzilmalari uchun amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu anjuman Diplomat universiteti, Barqaror rivojlanish markazi hamda «Bilim karvoni» nodavlat notijorat ilmiy muassasasining o‘zaro hamkorligida tashkil etilgan.

 

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 90

Barchasi

Mavzuga oid