«Sifatli turistlar» siyosati: endi o‘zbekistonliklar Tailandda uzoq muddat qola olmaydi

Bugun 21:251 daqiqa

Tailand hukumati turistlar uchun vizasiz qolish muddatini 60 kundan 30 kunga tushirishga qaror qildi.

«Sifatli turistlar» siyosati: endi o‘zbekistonliklar Tailandda uzoq muddat qola olmaydi

Tailand Vazirlar mahkamasi 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun amal qilayotgan vizasiz rejim muddatini qisqartirishni ma’qulladi. Endi mamlakatga turist sifatida kiruvchilar 60 kun emas, 30 kun vizasiz qolishi mumkin. Bu haqda Tailand turizm va sport vaziri Surasak Pxancharoyenvorakul ma’lum qildi.

Uning aytishicha, vizalar siyosati bo‘yicha qo‘mita har bir davlat uchun tartiblarni alohida qayta ko‘rib chiqadi.

Rasmiylar xavfsizlik va iqtisodiy omillardan kelib chiqib, qaysi davlat fuqarolari uchun qaysi turdagi viza tartibi mos kelishini baholashini aytmoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat asosiy e’tiborni turistlar sonini ko‘paytirishga emas, balki «sifatli turistlar»ni jalb qilishga qaratmoqchi.

2024 yil iyulidan boshlab Tailand O‘zbekiston va yana 92 davlat fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz rejim joriy qilgan edi.

Yangi cheklov sababi

«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, Tailand hukumatining qarori mahalliy biznes vakillari bosimi ortidan qabul qilingan.

Tadbirkorlar ayrim xorijliklar turist maqomida mamlakatga kirib, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganini aytgan. Bu esa mahalliy iqtisodiyot va daromad manbalariga xavf tug‘dirayotgani ta’kidlangan.

Shu sababli hukumat migratsiya va turistik oqim ustidan nazoratni kuchaytirishga qaror qildi.

2026 yilning dastlabki uch oyida Tailand o‘zbekistonliklar eng ko‘p borgan davlatlardan biri bo‘lgan edi.

Teglar

Mavzuga oid