Dubayda urush sabab oltin katta chegirmada sotilmoqda
Yaqin Sharqdagi keskinlik ortidan Dubayda logistika uzilib, treyderlar oltinni jahon narxiga nisbatan katta chegirma bilan taklif qilmoqda.

«Bloomberg» nashrining ma’lum qilishicha, Dubaydagi oltin savdosi izdan chiqdi. Natijada treyderlar qimmatbaho metallni jahon bozori narxiga nisbatan katta chegirmalar bilan sotishga majbur bo‘lmoqda.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, ayrim holatlarda oltin har bir unsiyasi uchun London etalon narxiga nisbatan 30 dollargacha arzon taklif etilyapti. Bu holat, asosan, yetkazib berishdagi uzilishlar va transport xarajatlarining keskin oshishi bilan bog‘liq.
Dubay jahondagi eng muhim oltin savdo markazlaridan biri hisoblanadi. U yerda qimmatbaho metall qayta ishlanadi va asosan Osiyo bozorlariga eksport qilinadi. Shuningdek, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Afrika davlatlaridan keladigan oltin yuklari ham ko‘p hollarda aynan shu shahar orqali tranzit qilinadi. 2024 yilda Birlashgan Arab Amirliklari 1392 tonna, qiymati 100 milliard dollardan ortiq oltin import qilgan.
Quruqlik orqali tranzit
Biroq AQSH–Isroil va Eron o‘rtasidagi urush yetti kundan buyon davom etayotgani hamda havo hududining yopilishi logistika tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Oddatda oltin yo‘lovchi samolyotlarining yuk bo‘limlarida tashiladi. Qatnovlar cheklangani sababli ko‘plab yuklar aeroportlarda qolib ketgan.
Treyderlar va logistika kompaniyalari esa qimmatbaho yuklarni quruqlik orqali Saudiya Arabistoni yoki Ummon aeroportlariga tashishdan bosh tortmoqda. Bunga chegaradan o‘tishdagi murakkabliklar va xavfsizlik xavflari sabab bo‘lyapti.
Hindistonga ta’siri
Bu holat Dubaydan oltin olib keladigan eng yirik bozorlardan biri — Hindistonga ham ta’sir qildi. Ayrim partiyalar kechikib yoki to‘xtab qolgani sababli mamlakatda qisqa muddatli taqchillik sezilmoqda.
«Hozircha zaxiralar yetarli, ammo agar bu holat yana bir necha oy davom etsa, muammo jiddiylashadi», dedi Metals Focus maslahatchisi Chirag Shet.
Xomashyo bozoriga ta’siri
Urush nafaqat tayyor mahsulot, balki xomashyo xarajatlarini ham keskin oshirdi. Hindistonning eng yirik zavodi MMTC-PAMP rahbari Samit Guhaning so‘zlariga ko‘ra, zavod xomashyosining 10 foizi Yaqin Sharqdagi konlardan kelardi va hozirda bu zanjir uzilgan. Boshqa hududlardan keltiriladigan xomashyo uchun logistika xarajatlari urush boshlanganidan beri 60–70 foizga oshib ketgan.
Shunga qaramay, jahon bozorida oltin narxi yil boshidan buyon sezilarli o‘sdi. 2026 yil boshidan beri qimmatbaho metall qariyb beshdan bir qismga qimmatlab, bir unsiyasi 5000 dollar atrofida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5-mart holatiga ko‘ra, oltin bir troya unsiyasi uchun 5130 dollar atrofida sotildi. Kumush narxi esa kun davomida tebranib, yakunda 1 foizlik pasayish bilan 82,5 dollar darajasida qayd etildi. Tahlilchilarning fikricha, oltin narxi 5400 dollardan yuqoriga ko‘tarilishi uchun hozircha yetarlicha talab mavjud emas, chunki obligatsiyalar bozori investorlar uchun jozibadorroq bo‘lib qolmoqda.



