Xitoyning Yaqin Sharqdagi nozik o‘yini: Pekin urushdan qanday manfaat ko‘rmoqda?
Vashington harbiy kuch va sanksiyalarga tayanayotgan bir paytda, Pekin o‘zining moliyaviy qudrati va diplomatik aloqalarini ishga solmoqda.
© Eduardo Munoz/ReutersShu hafta Xitoy raisi Si Jinping Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga chaqirar ekan, Pekinning AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushiga nisbatan pragmatik yondashuvi yaqqol ko‘zga tashlandi. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan telefon orqali muloqotda Si Jinping Xitoy «tinchlikni tiklashga xizmat qiladigan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini va nizolarni siyosiy hamda diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori» ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Suhbatning Xitoy tomonidan e’lon qilingan matniga ko‘ra, Si Jinping: «Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi odatiy qatnovni saqlab qolish kerak, chunki bu mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning umumiy manfaatlariga mos keladi», — degan.
Bayonotda urushning asosiy ishtirokchilaridan birortasining nomi aniq tilga olinmagan. Vaholanki, AQSH va Eron qarama-qarshiligi oqibatida so‘nggi yetti hafta ichida ushbu strategik suv yo‘lidagi harakat butunlay to‘xtadi. 28-fevral kuni urush boshlanganidan so‘ng, Eron bo‘g‘ozni savdo kemalari uchun yopib qo‘ygan bo‘lsa, AQSH 13-aprel kuni Eronning barcha portlarini qamal qildi.
Si Jinpingning vazmin bayonotlari AQSH prezidenti Donald Trampning fikrlariga keskin qarama-qarshi. Tramp ayni o‘sha kuni ijtimoiy tarmoqlarda:
«Men urushda KATTA ustunlik bilan g‘alaba qozonyapman, ishlar juda yaxshi ketmoqda», — deya bayonot bergan va Vashington Tehron bilan «KELISHUV»ga erishmagunicha dengiz qamali davom etishini ta’kidlagan edi.
Tahlilchilarning qayd etishicha, bu holat Xitoyning AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushidan o‘zini dunyodagi ikki superdavlatning eng mas’uliyatlisi sifatida ko‘rsatish yo‘lida qanday foydalanayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, Pekin voqealar markazida turishdan ko‘ra, ko‘proq sahna ortida qolishni ma’qul ko‘rishini namoyon etmoqda.
«Xitoy qandaydir keskin harakatlar qilish orqali emas, balki shunchaki kuzatish, vaziyatdan kelib chiqib imkoniyatlardan foydalanish va muammolarni hal qilishni amerikaliklarning o‘ziga tashlab qo‘yish orqali manfaat ko‘rmoqda», — deydi Abba Eban nomidagi Diplomatiya va xalqaro munosabatlar institutining Osiyo-Isroil siyosati dasturi rahbari Gedaliya Afterman.
Pekin boshqa davlatlarning ichki ishlariga «aralashmaslik» bo‘yicha uzoq yillik siyosati va Erondagi urushning barcha ishtirokchilari bilan o‘rnatgan amaliy aloqalari tufayli o‘zini aql-idrok ovozi sifatida namoyon qila oldi.
AQSH-Xitoy iqtisodiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eronning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi va Eron neftining 90 foizgacha qismini sotib oladi. Shuningdek, 2021 yilda Tehron bilan 25 yillik «keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim»ni imzolagan. Shu bilan birga, Pekin so‘nggi o‘n yilni Fors ko‘rfazi mamlakatlari, jumladan, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bilan yaqinroq aloqalarni o‘rnatishga sarfladi hamda AQSH va Isroilning asosiy savdo sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda.
«Xitoy AQSH, Isroil, Eron va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab kelmoqda. Bu davlatlar o‘zaro dushman bo‘lsa-da, ularning barchasi bizning do‘stlarimizdir», — deydi Jejiang Xalqaro tadqiqotlar universiteti qoshidagi O‘rta Yer dengizi mintaqasi instituti dekani Ma Syaolin.
Pekinning aralashmaslik tamoyiliga sodiqligi, katta ehtimol bilan, shu oy boshida BMT Xavfsizlik Kengashining Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun a’zo davlatlarni «mudofaa xarakteridagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga» chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qo‘yishining asosiy sababi bo‘lgan. Xitoy bunga qadar Suriya va Myanma kabi so‘nggi mojarolarga aralashish bo‘yicha shunga o‘xshash urinishlarga ham veto qo‘ygan edi.
Taybeydagi Strategik tadqiqotlar jamiyatining ilmiy xodimi Chang Chingning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning Yaqin Sharqdagi strategik maqsadidan, jumladan, tuzumni o‘zgartirishga qaratilgan harakatlaridan farqli o‘laroq, Pekinning mintaqadagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari hamon iqtisodiy manfaatlar bo‘lib qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, tinchlik biznes uchun foydali, urush esa aksincha.
«Ular tinchlik va barqarorlik tarafdori. Mojaroda kim g‘alaba qozonishi ularni unchalik ham qiziqtirmaydi. Xitoyning maqsadi — Yaqin Sharqda, xususan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida tinchlik muhitini tiklash», — deydi u.
Pekinda joylashgan «Hutong Research» tadqiqot markazining asoschilaridan biri Feng Chuchengning fikricha, urushning yanada kuchayishi Xitoyning iqtisodiy va energetik xavfsizligiga shu qadar katta xavf tug‘dirishi mumkinki, bu Pekinni mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishga majbur qilishi hech gap emas (mamlakat xom neft importining 40 foizdan ortig‘i Yaqin Sharqqa to‘g‘ri kelishi hisobga olinsa). «Biroq, Pekin nuqtai nazaridan bunday aralashuv uning Eron va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi nozik muvozanatni saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarish xavfini tug‘diradi», — deydi u o‘z tadqiqotida.
Ayni paytda Pekin urushni tinch yo‘l bilan hal qilish jarayonini muvofiqlashtirishga yordam berish maqsadida «barchaning do‘sti» sifatidagi mavqeyidan foydalanishga urinmoqda. Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning bosh diplomati Van Yi 28-fevraldan to 8-apreldagi Eron va AQSH o‘rtasidagi otashkesimga qadar 26-marta telefon orqali muloqot qilgan. Uning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Jay Jun esa asosiy ishtirokchilar bilan yigirmaga yaqin uchrashuv o‘tkazgan.
Rais Si Jinping o‘tgan hafta Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi bilan muloqot qilishdan oldin, Abu-Dabi valiahd shahzodasi shayx Xolid bin Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Faol diplomatik harakatlariga qaramay, Pekin 2023 yilda Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishdagi rolidan farqli o‘laroq, shu oy boshida AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan ikki haftalik otashkesimga vositachilik qilishdagi ishtirokini pasaytirib ko‘rsatishga uringani qiziq holat.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, buning sababi Xitoyning murakkab tinchlik kelishuviga o‘ralashib qolishdan o‘zini olib qochishni istashi bilan bog‘liq. Singapurdagi S. Rajaratnam nomidagi Xalqaro tadqiqotlar maktabining katta ilmiy xodimi Dryu Tompsonning aytishicha: «Ular tinchlik jarayoni uchun kafolat bermagan holda tinchlikparvar bo‘lishga harakat qilmoqda. Asosiy gap shundaki, Yaqin Sharq Xitoyning asosiy manfaatlaridan ancha uzoqda joylashgan, shu bois uning bunga sarflashi mumkin bo‘lgan siyosiy sarmoyasi cheklangan».
Shunday bo‘lsa-da, uning sa’y-harakatlari e’tibordan chetda qolmaydi, deydi Jejiang Xalqaro tadqiqotlar universiteti vakili Ma.
«Menimcha, kim barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlayotganini, kim esa xalqaro huquq va boshqaruv tizimini buzayotganini dunyo yaxshi biladi», — dedi u «Al Jazeera» nashriga.
G‘arb ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Xitoy sahna ortida vaziyatni o‘z tomoniga ag‘darishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Shu oy boshida «CNN» telekanali G‘arb razvedkasi vakillariga tayanib, Xitoy Eronga ko‘chma zenit-raketa majmualari (MANPADS) partiyasini yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berdi. «CNN» xabaridan so‘ng, joriy oyda «Financial Times» nashri ham o‘z surishtiruvini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Eron 2024 yilda Xitoydan josuslik yo‘ldoshini sotib olgan va undan Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalarini nishonga olish uchun foydalangan.
Pekindagi Singxua universiteti qoshidagi Xalqaro xavfsizlik va strategiya markazining ilmiy xodimi Jodi Ven «Al Jazeera»ga bergan intervyusida, may oyida Si Jinping va Tramp o‘rtasida rejalashtirilgan uchrashuv oldidan Pekin bunchalik «ehtiyotsizlik»ka yo‘l qo‘yadi deb o‘ylamasligini aytdi. «Xitoy hukumati uchun Xitoy-Eron munosabatlari qanchalik muhim bo‘lsa, Xitoy-AQSH munosabatlari ham shunchalik ahamiyatlidir», — dedi Ven.
Si Jinping Tramp bilan savdo kelishuvi va AQSH bojlarini muhokama qilishdan umidvor. Tramp esa Eronga qurol yetkazib beruvchi davlatlarga 50 foizlik boj joriy qilish bilan tahdid qilgan. Shuningdek, Pekin Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi bilan erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni yakunlashga harakat qilar ekan, ikkinchi Xitoy-Arab sammitiga ham hozirlik ko‘rmoqda.





