Hokimlar qarorlari ortidan tadbirkor va aholi o‘rtasida nizo kelib chiqdi
Toshkent tumanidagi Qizg‘aldoq mahallasida aholi ekib parvarishlagan yashil hudud bahs markaziga aylandi. Fuqarolar bog‘ni saqlab qolishni istasa, tadbirkor yer maydoni unga qonuniy ajratilganini ta’kidlamoqda. Yer ajratish va unga kiritilgan o‘zgartishlar mahalladagi bahsni yanada kuchaytirgan.
Toshkent tumanidagi Qizg‘aldoq mahalla aholisi yashil hudud tadbirkor tomonidan egallab olinganidan qattiq norozi. Vaqt.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi.
Aytilishicha, hududda 2023-yildan beri bog‘ mavjud bo‘lib, 1 yil oldin tadbirkor mazkur joy unga tegishli ekanligini ma’lum qilgan. Tadbirkor aholiga ular tomonidan ekilgan daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirishi kerakligi, bu yerda o‘zi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini aytadi. Shundan keyin ikki tomon o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan.
Aniqlanishicha, Toshkent tumani sobiq hokimi Rustamovning 2021-yil 3-iyundagi qarori bilan Toshkent tumani, Qizg‘aldoq hududi Bog‘izilol mahallasida joylashgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ining muhofaza mintaqasida bo‘lgan tuman zaxirasidagi yer maydonini doimiy foydalanish huquqi bilan “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda manzarali ko‘֮chatlar yetishtirish” uchun “Modern Green Servise” MCHJga biriktirib berilgan.
Shu yerda yashovchi Erkin Tojiboyevga ko‘ra, aholi tomonidan hududda nafaqat bog‘, qolaversa, odamlar xordiq chiqaradigan maskan barpo etish reja qilingan.
Yana bir fuqaro mamlakatda yashillik kamayib ketayatgani, shu sababli mahalla ahli daraxtlar ekib, yashillikka o‘z hissasini qo‘shganida mojaro boshlanib ketganini aytadi.
Aholi vakillari, shuningdek, bog‘ hududi temir to‘siqlar bilan o‘rab olinganidan noroziligini bildirdi. Ularning aytishicha, yo‘llar kichik, atrof to‘la mashina. Yer uchastkalari oldida bolalar o‘ynashi uchun boshqa joy yo‘q. Shu sababli bog‘ ichida bolalar maydoni, sayr yo‘lagi va dam olish maskani barpo etishni reja qilishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, aholi va tadbirkor o‘rtasida daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha sud bo‘lib o‘tmoqda.
Fuqaro Hikmatilla Damirov qonun hujjatlaridan ham misol keldirib, yerdan foydalanishning o‘z qoidalarini borligini ta’kidladi. Jumladan, Yer kodeksiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida foydalanilmaganda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinishi kerakligini aytadi.
Aniqlanishicha, MCHJ nomiga 2,5 gektar yer maydonining chegaralari Toshkent tumani Qurilish bo‘limi boshlig‘i(tuman bosh arxitektori) Bazarbayev va Davlat kadastrlari palatasining Toshkent tumani filiali rahbari Qodirov tomonidan tasdiqlab berilgan, shu munosabat bilan Toshkent tumani, “Qizg‘aldoq” MFY, 6-kvartal ko‘chasi la, 1b-uy, 7-kvartal 1a,1b-uy manzili sifatida kadastr pasporti shakillantirib berilgan va yer maydoniga bo‘lgan doimiy foydalanish huquqi Davlat Reestridan Ko‘chirma bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berilgan. Toshkent tumani hokimi Ergashevning 2026-yil 22-yanvardagi qarori bilan Toshkent tumanining sobiq hokimi Rustamovning 3-iyundagi qaroriga o‘zgartirish kiritiladi. Unga ko‘ra, sobiq hokimning “Modern Green Servise” MCHJga yer maydoni biriktirib berish to‘g‘risidagi qarorining barcha bandlaridagi “Bog‘izilol” MFY so‘zlari “Qizg‘aldoq” MFY deb o‘qilishi belgilangan. Shu munosabat bilan MCHJga 4ta bo‘lak maydonlariga “UZKAD” axborot tizimi orqali kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan.
Biz surishtiruvimiz xolis bo‘lishi uchun har ikki tomonga quloq tutdik. MCHJning mas’ul vakiliga mikrofon tutdik.
“Bu yerdan yuqori kuchlanishli to‘k o‘tgan. Pavlovniya, chinor daraxtlari ekilgan-da bu yerga. Bunaqa daraxt xavfli ekan. Tok ustunlari tagida taqiqlangan ekan. Bu yerga, bizga qarorda ko‘rsatilgan pakana daraxtlar bor-ku, manzarali ko‘chatlar, baland bo‘lmaydi. Ular import qilib olib kelinadi, qanchadir miqdorda sal katta bo‘lgandan keyin olib chiqib sotiladi-da. U mana shundan baland bo‘lmaydi, u manzarali daraxtlar. O‘sha narsaga ruxsat berilgan bizning qarorda. Bizning qilmoqchi bo‘lgan ishimiz ham o‘sha. O‘sha pakana daraxtlarni olib kelib, yetishtirib, ozgina katta bo‘lgandan keyin sotish. Hozir o‘zi bu ekilgan daraxtlarning o‘zi noqonuniy bo‘lib turibdi. Birinchi noqonuniyligini aytaman: 10-50-sonli qaror bo‘yicha, bu yerga pavlovniya, chinor, mevali baland bo‘ladigan daraxt ekish qonunan mumkin emas ekan. Biz ham ochib ko‘rdik-da keyin. Ikkinchidan, biz bu yerga soliq to‘layapmiz-da, lekin tadbirkorchilik qila olmayapmiz. Uni birovga, soliq idorasiga soliq chiqqandan keyin u odamlarga tushuntira olmaymiz. Soliq idorasiga, “Mana, biz bu yerdan foydalanmayapmiz, solig‘ini to‘lamaymiz”, desak, u baribir MIBga chiqarib yuboradi. Biz majburmiz soliq to‘lashga. Lekin hozir bu yerga noqonuniy ekilgan daraxtlar, ekologiya buni o‘zi aytdi ham. Ekologiya “bu yerga, jamiyatning joyiga daraxtlar ekib qo‘yilgan, platformaga o‘tib ketib qolgan” dedi-da. Lekin hozir shu yerda bitta tushunmovchilik bo‘lyapti. O‘sha bo‘yicha biz hozir tegishli tashkilotlarga murojaat qilyapmiz. Ekologiya aytdiki, “Bu daraxtlar 2023-yilda ekilgan”, deyishyapti-da. 2023-yilda narigi yoqda qisman ekilgan edi. Bu yoqqa asosan 2025-yilda ekilgan-da. Eko-platformaga ham, bu birkalar, mana shu eko-platformadan o‘tkazdik, deb eshitganimiz, bizga 2025-yilda aytishdi “o‘tkazildi” deb. Lekin ekologiyaning gapi bo‘yicha, 2023-yilda o‘tgan, deyapti. Savol: 2025-yilda ekilgan daraxtlar qanaqa qilib 2023-yilda eko-platformadan o‘tgan bo‘lishi mumkin? Biz hozirgi holatda ekologiyadan norozimiz. Shu bo‘yicha aniq ma’lumot berishini so‘raymiz. Biz u bo‘yicha hozir murojaat ham qilmoqchimiz. Chunki bizga eko-platformaga kiritilmagan, degan xat ham bergan. Uni ilova ham qila olaman. Ozginadan keyin odamlar aytyaptiki, birkalar ilishyapti-da, eko-platformaga kirgan, deyishyapti. Qanaqa tushunish kerak buni?”, deydi MCHJ ish boshqaruvchi Abduvosil To‘lqinov
Toshkent tumani hokimligi tomonidan chiqarilgan qarorlar tadbirkor va aholining «jiqqa musht» bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Yer ajratish va unga kiritilgan o‘zgartishlar mahalladagi bahsni yanada kuchaytirgan. Vaqt.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator va montajchi: Mirvohid Mirrahimov
Teglar





