Suriyadagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdid soladimi?

Bugun 16:453 daqiqa

Suriyadagi keskin o‘zgarishlar fonida o‘zbek va markaziy osiyolik jihodchilarning mintaqa chegaralari tomon surilishi haqidagi xabarlar yana kun tartibiga chiqdi. «Tolibon» bergan va’dalar O‘zbekiston tinchligini kafolatlay oladimi? Vaqt.uz muxbiri Suriya va Afg‘onistondagi yangi geosiyosiy voqelikning O‘zbekiston milliy xavfsizligiga ta’siri borasida taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikrlari bilan qiziqdi.

Suriyadagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdid soladimi? © vaqt.uz

Suriyada Bashar Asad rejimi qulashi ortidan u yerdagi jangari guruhlar, xususan, markaziy osiyolik va o‘zbek kontingentining Afg‘oniston tomon surilish ehtimoli haqidagi xavotirlar kuchaymoqda. Vaqt.uz muxbiri Yaqin Sharqdagi bu yangi geosiyosiy vaziyat fonida O‘zbekiston o‘zining milliy xavfsizligini ta’minlash uchun qanday pragmatik pozitsiyani egallashi va Toshkent tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan qanday preventiv (oldini oluvchi) choralar ko‘rilishi lozimligi borasida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikrlari bilan qiziqdi.

Afg‘onistondagi barqarorlik va «Tolibon» kafolati

Siyosatshunosning eslatishicha, Afg‘onistonda uzoq muddat — 2001 yildan 2021 yilgacha ham fuqarolar urushi, ham AQSH boshchiligidagi koalitsiyaning «Tolibon» harakatiga qarshi harbiy harakatlari bois beqaror davlat bo‘lib qoldi. Biroq, hokimiyatga «Tolibon» kelgach, o‘z hamkorlari va ittifoqchilari oldiga bir shart qo‘ygan.

«Tolibon boshqalarga: sizlar Afg‘oniston hududida bizga bay’at (qasamyod) bergansiz. Biz esa Markaziy Osiyo davlatlariga Afg‘oniston ichidan turib tashqi dunyoga hech qanday tahdid bo‘lmasligi borasida va’da berganmiz. Shuning uchun bundan buyon nimaiki ish qilmoqchi bo‘lsangiz, faqat bizning ruxsatimiz bilan qilasiz», degan majburiyat юклатiлдi.

Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda «Tolibon» nazorat qilayotgan Afg‘onistondan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid bo‘lmasligi kerak va bunga tegishli kafolatlar berilgan. Agar Suriyadan kimdir Afg‘onistonga kirishga urinsa, «Tolibon» vaziyatni to‘liq nazorat qila oladi», – dedi Rabbimov.

Suriyadagi yangi hukumat va ISHID potensiali

Tahlilchiga ko‘ra, bugun Suriyada ham transformatsiya jarayoni бошланган.

«Bashar Asad davrida u yerda hokimiyat vakuumi mavjud edi. Muhammad al-Bashir (al-Jolaniy) hukumati kelganidan keyin esa Suriyaning barcha hududlarini, jumladan, kurdlar nazoratidagi yerlarni ham bosqichma-bosqich to‘liq davlat nazoratiga olish siyosati yuritilmoqda. U yerdagi yirik jangari guruhlar tarkibida etnik o‘zbeklar yoki markaziy osiyoliklar borligi kundek ravshan. Fikrimcha, uлар Afg‘onistonda yoki Suriyada avvalgidek muvaffaqiyatga erisha oladigan potensialga ega emas. Shu bois Suriyadagi vaziyat bosqichma-bosqich barqarorlashib boradi», — dedi Rabbimov.

O‘zbekistonning repressiyadan xoli yangi pozitsiyasi

Kamoliddin Rabbimov intervyu davomida geosiyosiy o‘zgarishlar fonida O‘zbekiston pozitsiyasiga ham to‘xtalar ekan, hukumat shu paytgacha «Mehr-1» va «Mehr-2» kabi insonparvarlik operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Ya’ni o‘sha jangarilarning oilalari, ayollari va farzandlarini O‘zbekistonga qaytarib, ularni jamiyatga integratsiya qildi.

«Shu bois бuгuнгi O‘zbekiston avvalgi davrlardagidek diniy guruhlarga nisbatan faqat repressiv siyosat yuritish yo‘lidan bormayapti. Agar ular tinchlik sharoitida yashashni va jamiyatga moslashishni qabul qilsalar, O‘zbekistonning eshiklari ular uchun ochiq ekani haqida aniq signallar berilgan», deya xulosa qildi Kamoliddin Rabbimov.

Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan joriy yil boshida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Afg‘onistonda turli xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqador 20 mingdan 23 ming nafargacha jangari mavjud bo‘lishi mumkin. Ularning yarmidan ko‘pi xorijlik jangarilar sifatida baholangan. Hisobotda aytilishicha, taxminan 3 ming nafar jangari ISHIDning Xuroson bo‘limi tarkibiga kiradi. «Tehrik-i Tolibon Pokiston» (TTP) esa 5–7 ming nafar jangaridan iborat deb baholanmoqda. «Al-Qoida»ning Afg‘onistondagi ishtiroki 1,5 ming nafardan ortiq jangari bilan baholangan. «Turkiston islom partiyasi» (TIP), shuningdek, «Sharqiy Turkiston islom harakati» (SHTIH) nomi bilan ham tanilgan tuzilma tarkibida 1,2 ming nafargacha jangari borligi aytilmoqda. «O‘zbekiston islom harakati» (O‘IH) tarkibida 500 nafargacha jangari borligi xabar qilingan. Tojikistonlik «Jamoat Ansorulloh» (JA) guruhi esa 250 nafardan ortiq a’zoga ega deb baholangan.

O‘z navbatida qirg‘izistonlik tahlilchi Uran Botobekov AQSH Ichki xavfsizlik departamentining vazifalarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan notijorat tashkilot sahifasida e’lon qilingan maqolasida Rossiya bu tahdidni mintaqaviy xavf sifatida ko‘rsatishga urinyapti deya baholagan.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 88

Barchasi

Mavzuga oid