Soliqchilar marketpleys tranzaksiyalarini kuzatadi

Bugun 13:052 daqiqa

O‘zbekistonda marketpleyslar va internet platformalar orqali amalga oshirilayotgan onlayn tranzaksiyalar ustidan soliq nazorati kuchaytirilmoqda.

Soliqchilar marketpleys tranzaksiyalarini kuzatadi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Soliq qo‘mitasi elektron tijorat operatorlari va ularning ishtirokchilari amalga oshirayotgan tovar aylanmasi hamda tranzaksiyalar haqidagi shaxsi ochiqlanmagan ma’lumotlarni taqdim etish tartibini ishlab chiqdi. Bu haqda 18-may kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida Soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi Yigitali Narziyev ma’lum qildi.

Majlis davomida elektron tijorat sohasini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilinib, senatorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonun loyihasi Soliq kodeksi hamda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda marketpleyslar orqali tovar sotuvchi xorijiy yuridik shaxslarni soliqqa tortish, ularni hisobga qo‘yish va soliq hisobotlarini topshirish tartibi aniqlashtirilmoqda.

Soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi Yigitali Narziyev aytishicha, elektron tijorat ishtirokchilari amalga oshirgan tovar aylanmasi va tranzaksiyalar haqidagi shaxsi ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni uzatish tartibi ishlab chiqilgan. Hozirda hujjat Vazirlar Mahkamasida kelishuv jarayonidan o‘tmoqda.

Senator Malika Qodirxonova onlayn platformalardagi barcha tranzaksiyalar bo‘yicha ma’lumotlar avtomatik ravishda soliq organlariga uzatiladimi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Uning ta’kidlashicha, bunday tizim bo‘lmasa, soliq organlari pul oqimlarini to‘liq nazorat qila olmaydi.

Yigitali Narziyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartib asosida tijorat banklari va moliya tashkilotlari norezident kompaniyalar nomiga o‘tkazilgan mablag‘lar haqidagi axborotni taqdim etadi. Shuningdek, xorijiy platformalarni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish va soliq majburiyatlari bajarilmagan holatda ularning internetdagi faoliyatini cheklash mexanizmi ham joriy etiladi.

Ma’lum qilinishicha, hujjatlar qabul qilingach, barcha ma’lumotlar axborot almashinuvi tizimi orqali avtomatik tarzda Soliq qo‘mitasiga kelib tushadi va soliqlar elektron hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Soliq qo‘mitasi QQS to‘g‘ri hisoblanishi va xorijiy kompaniyalarning O‘zbekistondagi real daromadini tekshirish maqsadida banklardan 2023–2025 yillarda fuqarolar tomonidan 83 ta xorijiy internet-kompaniya foydasiga amalga oshirilgan barcha to‘lovlar bo‘yicha ma’lumot so‘ragan edi.

Teglar

Mavzuga oid