Soliqdan norozi san’atkorlar: san’atga bosimmi yoki majburiyat?
San’atkorlarning soliq to‘lashi haqidagi muhokamalar hanuz to‘xtagani yo‘q. Vaqt.uz san’atkor va rasmiylarning munosabati, shuningdek, dunyodagi tizim qanday ishlashini tahlil qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda san’atkorlarning har bir to‘y uchun soliq to‘lash masalasi turli bahs va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. San’atkorlarning aksariyati bunga qarshi ekanligini bildirsa, jamoatchilik ular ham el qatori soliq to‘lashi shartligini aytmoqda.
San’atkorlar nima deydi?

San’atkorlar orasida, avvalo, xonanda Samandar Hamroqulov yengillik so‘rab murojaat qildi. U san’atkorlarning pul topish manbai faqat to‘y ekanini ta’kidlab, ularning aksariyati yillab qarz to‘lashi, krediti borligini aytib o‘tdi:
«Bunaqa soliqni qo‘yayotgan paytda har tomonlama hisobga olish kerak-da. Bechora san’atkorlarni haydab yurgan yaltiroq mashinalari — kredit. Ko‘pchiligining qarzi juda ko‘p. Shuning uchun men shaxsan iltimos qilardim, san’atkorlarga ozgina yengillik qilib berilsa, yaxshi ijod mahsullari bo‘lardi… San’atkorlar insonlarni tarbiya qiladi», — deydi u.
«Avval qo‘shiqlarim uchun haqni yig‘ib beringlar, keyin soliq haqida gapiringlar» — Yulduz Usmonova

Xonanda Yulduz Usmonova esa konserti oldidan bergan intervyusida san’atkorlarning soliq to‘lash masalasini keskin tanqid qildi. Uning aytishicha, san’atkorlar daromadining asosiy manbai to‘y va konsertlar bo‘lib, ularning aksariyati kredit va katta xarajatlar ostida ishlaydi. Sahna ko‘rinishi, qo‘shiq yaratish, libos, kosmetolog, jamoa — bularning barchasi doimiy mablag‘ talab qiladi.
«Agar san’atkorlar isrofgarchilik bo‘lsa, unda bizni umuman chaqirmanglar. Voz kechinglar bizdan. Qo‘yinglar, san’atkorlarni qirib yuboringlar. O‘zlaringiz o‘tkazaveringlar, xatmi Qur’on qilib, aqiqa qilib. Nima bo‘ladi? Kim ishlaydi?» — deya keskin fikr bildirdi u.
Yulduz Usmonovaning ta’kidlashicha, san’atkorlar jamiyatda muhim o‘rin tutadi va ular «xalqning yuzi» hisoblanadi. Shu sababli ularning tashqi ko‘rinishi, sahnadagi chiqishlari va umumiy imiji katta mablag‘ va mehnat talab qiladi. Biroq bu mehnat ko‘pincha yetarli darajada qadrlanmaydi.
U, shuningdek, mualliflik huquqlari masalasini ham ko‘tardi. Uning aytishicha, o‘zining qo‘shiqlari yillar davomida turli tadbirlarda, to‘ylarda ijro etilib kelinmoqda, biroq buning uchun deyarli hech qanday haq olinmagan.
«Avval qo‘shiqlarim uchun haqni yig‘ib beringlar, keyin soliq haqida gapiringlar», — dedi Yulduz Usmonova.
San’atkor bugungi kunda sohada ishlash yanada murakkablashganini, oldingidek homiylar kamayganini ham qayd etdi. Endilikda har qanday hamkorlik aniq manfaat asosida qurilayotgani, hatto kichik yordam ham keyinchalik majburiyatga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Yulduz Usmonova, shuningdek, san’atkorlar mehnati ortida katta ruhiy va jismoniy bosim borligini aytib, ularning kundalik mehnati ko‘rinmayotganini urg‘u berdi. Uning fikricha, mavjud yondashuv davom etsa, yangi ijodiy mahsulotlar kamayadi va san’at esa «o‘ladi».
U yakunda mas’ullarga murojaat qilib, san’atni qo‘llab-quvvatlash, mualliflik huquqlarini himoya qilish va soliq siyosatini soha xususiyatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
«Soliq sabab endi oqibat yo‘qoladi» — Zohida Umarova

Xonanda Zohida Umarova yangi tartiblar fonida san’atkorlar hayoti va jamiyatdagi munosabatlar keskin o‘zgarib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi. U bu jarayon nafaqat iqtisodiy, balki insoniy qadriyatlarga ham ta’sir qilayotganini ta’kidladi.
«Voy, bola-chaqamizni qanaqa qilib boqamiz, dedim. Navaralarimizni qanaqa qilib boqamiz? Kim beradi, kim olib beradi?» — deydi u.
Xonandaning fikricha, yangi tartiblar sabab odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat ham susayishi mumkin. Chunki ilgari san’atkorlar yaqinlari yoki tanishlari to‘yiga beg‘araz xizmat qilib kelgan bo‘lsa, endi bu ham qiyinlashadi.
«Demak, o‘rtamizda oqibat yo‘qoladi. Mehr yo‘qoladi. San’atkor birovning to‘yiga borib, «men senga xizmat qilaman», deyolmay qoladi. Chunki yonidan pul to‘lashga majbur bo‘ladi», — deya ta’kidladi Umarova.
U, shuningdek, yangi tartibdagi nazorat mexanizmlariga ham e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, qoidalarga amal qilinmasa, xizmat qiymatining 20 foizi miqdorida jarima qo‘llanilishi, hatto huquqbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantirilishi mumkin.
Uning fikricha, bu holat davom etsa, san’atkorlar boshqa yo‘l izlay boshlaydi: «Yoshlar ham o‘ylab qoladi: bu yerda ishlash qiyin, ketaman, deydi», — dedi Umarova. Xonanda bosim kuchayishi ijodga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlab, yengilliklar zarurligini bildirdi.
«Umrim boricha bu xalq uchun xizmat qilaman. Kerak bo‘lsa, tekinga xizmat qilaman», — deya so‘zini yakunladi Zohida Umarova.
«Soliq bo‘lsa, narx ham oshadi. O‘zingizga minus» — Zuhra Soliyeva

Aktrisa Zuhra Soliyeva yangi tartib loyihasi yuzasidan fikr bildirib, uni inkor etmasligini, biroq chuqurroq o‘rganib joriy etish zarurligini ta’kidladi.
«San’atkor ham shu yurtning fuqarosi. Davlat lozim topsa, to‘laymiz. Lekin bu masala chuqur o‘rganilishi kerak», — dedi u.
Shu bilan birga, aktrisa jamiyatdagi munosabatdan xavotir bildirdi.
««Ajab bo‘pti, to‘langlar», «San’atkor ham odammi?» degan gaplar juda ranjitdi. San’atkorga nisbatan ichki agressiya bor. Baribir san’atkor soliqni narxga qo‘shadi: bugun 2000 bo‘lsa bo‘lsa, ertaga 6000 dollar bo‘ladi. «Men soliq to‘layapman», deb narx oshadi. Bu esa o‘zlaringizga minus», — deya ta’kidladi Zuhra Soliyeva.
«Soliq to‘lashga roziman, ammo keyin «O‘zbekkonsert» bizni tinch qo‘ysin» — Jahongir Otajonov

Otajonov O‘zbekiston farzandi o‘laroq daromad solig‘ini o‘z davlatiga, ya’ni uyiga to‘lashini, bu masalada qiynalmasligini aytdi.
«Bir san’atkor fuqaro sifatida shu mamlakat yo‘llarida yuribmiz, maza qilib yashayapmiz, hayotimdan mamnunman. Bular uchun topgan pulimning bir qismini to‘lashim kerak bo‘lsa, bosh ustiga. Lekin keyin meni hech kim bezovta qilmasin, soliq to‘lovchi sifatida mustaqil inson bo‘lay».
Qoshiqchining aytishicha, san’atkorlarni majburan turli tadbirlarga jalb qilish amaliyoti tugashi kerak.
«Kimdir yuqoridan aytdi, falon joyga bor, deyishmasin. Nega men birovning to‘yiga bepul borishim kerak? Pulini bersin — borib qo‘shiq aytaman, solig‘ini ham to‘layman», — deya ta’kidladi xonanda.
Uning qayd etishicha, xonandalar daromadidan soliq olish tizimi ishga tushgach, «O‘zbekkonsert» tashkiloti va litsenziya tizimi tugatilishi kerak.
«Bu holat bo‘yicha menda savollar bor. Xo‘p, bizga soliq belgilanyapti. «O‘zbekkonsert» nima bo‘ladi? San’atkorlar mustaqil ijodkor sifatida bu tashkilot bilan aloqa qilmasligining iloji bormi? «O‘zbekkonsert»dan qutulishimiz mumkinmi? Bir musiqachi sifatida «O‘zbekkonsert»ning menga keragini his qilmayman, hech qanday. Faqat ba’zan xizmatlarga taklif etishadi. Lekin u bizga xalaqit qilishi mumkin, o‘sha paytda borolmasak, qanaqadir muammo kelib chiqishi mumkin. Buni hammamiz juda yaxshi bilamiz, bunday muammolarni ochiq aytish kerak», — deydi u.
«Bu gaplarimni «O‘zbekkonsert»dagilar noto‘g‘ri tushunar, bu ularning muammosi. Men har doim rost gapiradigan insonman. Mayli, biz soliq to‘laylik, lekin «O‘zbekkonsert» bilan hamkorlik qilmaylik. Bu tashkilot tomonidan o‘z haq-huquqim himoya qilingan, deb hisoblamayman. To‘g‘ri, ular hozirgi paytda meni hech qanday majburiy bir ishga jalb etishmadi. Oldin esa bor edi, qaysidir to‘yga bormasangiz, litsenziyadan mahrum qilishardi. Hatto jinoiy javobgarlikka tortilgan paytlarim ham bo‘lgan. Hozirgi vaqtda «O‘zbekkonsert» biz bilan yaxshi munosabat qiladi. Lekin ushbu tashkilotga nisbatan menda psixologik travma qolgan», — deya qo‘shimcha qildi Jahongir Otajonov.
U yakunda ochiq pozitsiyasini bildirdi: «Mayli, soliq to‘laymiz. Lekin buning evaziga bizni tinch qo‘yishsin», — dedi u.
«San’atkorlar shunchalik bechora bo‘lib qoldinglarmi?» — Davron Ergashev

Taklif qilinayotgan loyihaga qarshi san’at vakillari ko‘p bo‘lishiga qaramay, bu tartibni qo‘llab-quvvatlovchilar ham topilmoqda.
Xonanda Davron Ergashev san’atkorlar xalqning aksariyat qismidan ko‘p daromad qilishini ta’kidlab, soliq to‘lashga ijobiy qarashini bildirib o‘tdi.
«Xalqimiz orasida ancha-muncha insonlardan yaxshi topamiz, xudoga shukur. To‘ylarga borsak xalqimiz bizni chiroyli kutib olishadi, aytgan pulimizdan ortig‘ini ham berishadi kerak bo‘lsa. Ularga katta rahmat deyman. Nega bu mavzu muhokama bo‘lyapti? San’atkorlar shunchalik bechora bo‘lib qoldinglarmi? Soliq to‘larkanmiz, u qilarkanmiz, bu qilarkanmiz. Voy to‘laymizda, hamma to‘lyapti-ku», — deydi xonanda.
Davron Ergashev so‘zining davomida san’at vakillarining ijtimoiy tarmoqlardagi bunday chiqishlari uyat ekanini, ularga kredit ni hech kim majburlab oldirmaganini aytib o‘tdi.
Madaniyat vazirligi ham e’tiroz bildirdi
Vazirlik ushbu hujjatni ko‘rib chiqib, ayrim bandlari yuzasidan e’tirozlar kiritilganini ma’lum qildi.
Aytilishicha, hozirgi kunda konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar amaldagi qonunchilik asosida soliq to‘lab kelmoqda. Xususan, ular har oyda kamida bir baravar bazaviy hisoblash miqdori (hozirda 412 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi, shuningdek, yillik daromadidan 12 foiz daromad solig‘i undiriladi.
Shu bois vazirlik ayrim muhokamalarda uchrayotgan «san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi» degan fikrlar haqiqatga to‘liq mos kelmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, davlat tadbirlariga jalb etiladigan ijodkorlar va ijrochilarning xizmat haqlari ham qonuniy tartibda to‘lanishi qayd etildi.
Madaniyat vazirligi loyiha yuzasidan yengilliklar kiritish, soliq stavkalarini toifalar kesimida adolatli belgilash, soha vakillari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda normalarni aniqlashtirish bo‘yicha takliflar bildirganini ma’lum qildi.
Vazirlik ushbu masalada jamoatchilik fikri muhim ekanini ta’kidlab, yakuniy qaror qonuniylik, adolat va amaliy samaradorlik tamoyillari asosida qabul qilinishi lozimligini qayd etdi.
Soliq qo‘mitasi nima deydi?
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev blogerlar daromadlarini soliqqa tortish yuzasidan 27-mart kuni Kun.uz’ga izoh bergan.
Uning aytishicha, hozircha bu borada xavotirga o‘rin yo‘q, chunki yangi tizim hali dastlabki bosqichda turibdi va yakuniy qaror qabul qilinmagan.
«Bunda hozir hech qanaqa vahima qiladigan masala yo‘q. Biror yangi tartibni bitta davlat tajribasi bilan amaliyotga kiritib bo‘lmaydi. Biz hali bu yo‘lda dastlabki bosqichdamiz, hali birinchi qadamni qo‘yish uchun oyoqni endi ko‘tarish jarayonida bo‘lsak kerak. Hali boshqa davlatlarni ko‘ramiz. Rossiyada qanaqa yo‘lga qo‘yilgan, nechog‘li darajada yaxshi, o‘rganamiz. Ammo bu yetarli emas», — dedi u.
Abdiyevga ko‘ra, Rossiya tajribasi o‘rganilgan bo‘lsa-da, bu yakuniy model sifatida ko‘rilmayapti. Uning qo‘shimcha qilishicha, Soliq qo‘mitasi boshqa davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlaridagi amaliyotni ham tahlil qilmoqda. Ayrim davlatlarda bu tizim muvaffaqiyatli joriy qilingan.
«Gollandiyada yoki Yevropaning ayrim davlatlarida yaxshi joriy qilingan va amaliyotga kirib ketgan. Jamoatchilik ham juda oson qabul qilgan. Shu bilan birga, barcha tajribalar ham ijobiy natija bermagan. Ayrim mamlakatlarda bunday tartiblar salbiy oqibatlarga olib kelgani uchun bekor qilingan. Qaysidir davlatlarda bu tajriba kiritilganidan keyin bekor bo‘lgan. Negativ munosabatlarga olib kelgani uchun undan voz kechilgan», — dedi qo‘mita rasmiysi.
Jahongir Abdiyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston turli tajribalarni solishtirib, ijobiy jihatlarni olish va xatolardan qochish yo‘lini tanlamoqchi: «Demak, biz ham qilganimizda kimningdir yaxshi tomonini olishimiz kerak, yomon tomonini esa takrorlamasligimiz kerak», – dedi u.
Shuningdek, u bu yo‘nalishda hozircha aniq reja mavjud emasligini ochiq aytdi.
O‘zi soliq qancha bo‘ladi?
San’at vakillari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi qolganlarnikidek 12 foiz ko‘rinishida bo‘lmaydi. Hukumat bu uchun ham tizim taklif qilmoqda.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar «bir xizmat – bir to‘lov» miqdorlari hududlarga qarab farq qiladi va san’atkorlar reyting toifalariga bo‘linadi.
I reyting guruhi san’atkorlari qishloq joylarda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari — 412 ming so‘m soliq to‘lasa, shahar joylarda BHMning 3 baravari miqdorida — 1 mln 236 ming so‘m budjetga to‘lov qiladi.
Bu chet el valutasida 100 dollarga ham bormaydi. Bu miqdor ayyuhannos solayotgan, xizmatlari 1000 dollardan kam emas san’atkorlar uchun «cho‘t» emas.
III reyting guruhi vakillari esa qishloq joylarda BHMning 0,25 baravarida, 103 ming so‘m miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Bunda to‘lovlar bepul asosda xizmat ko‘rsatilgan taqdirda ham undiriladi. Biroq, Madaniyat vazirligi tomonidan davlat tadbirlariga bepul jalb qilingan hollar bundan mustasno.
Taklif qilinayotgan tizimda hududlardagi iqtisodiy holat va san’at vakillarining reytingi, bu orqali topadigan daromadi inobatga olingan.
Hamma kabi 12 foizli daromad solig‘i 2029-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi. Ungacha san’at vakillarida moslashish uchun bir necha yil vaqt bo‘ladi.
Dunyoda san’atkorlar qancha soliq to‘laydi?
Butun dunyoda san’at sohasidagilar eng ko‘p soliq to‘lovchilardan biri hisoblanadi. Ular qimmat libos, sahna xarajatlari yoki kreditlarni bahona qilib soliqdan qochmaydi.
Jumladan, AQSHda san’atkorning daromadiga qarab soliq miqdori ham oshaveradi. Eng yuqori daromad topuvchi yulduzlar uchun stavka 37 foizni tashkil qiladi. Hammasi shu bilan tugamaydi. Aksariyat shtatlarning o‘z ichki daromad solig‘i bor. Masalan, shou-biznesning markazi bo‘lgan Kaliforniya shtatida, ya’ni «Hollywood»da qo‘shimcha soliq 13,3 foizgacha yetadi. Natijada, yulduz xonanda jami daromadining deyarli yarmini davlat budjetiga o‘tkazadi. O‘z navbatida, AQSHda chiqish qilgan xorijlik san’atkorlardan ham tushumning 30 foizi ushlab qolinadi.
Yevropa Ittifoqida ular daromadiga nisbatan 30 foizgacha, ayrim hollarda 40 foizdan ko‘proq soliqqa tortilishi mumkin. Xususan, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyada ko‘p daromad topadigan san’atkorlar uchun daromad solig‘i stavkasi 45 foizgacha yetadi. Germaniyada bunga qo‘shimcha ravishda 5,5 foizlik «birdamlik ustamasi» ham bor.
Deylik, qaysidir san’atkor konsertdan 100 ming yevro topadigan bo‘lsa, buning taxminan 40 ming dollarini (Fransiya, Ispaniya kabi) davlatga topshiradi.
Rossiyada esa daromad solig‘i besh bosqichli progressiv shkalada hisoblanadi va san’atkorlar eng ko‘p soliq to‘lovchilar hisoblanadi.
Ko‘p ham uzoqqa ketmasdan, qo‘shni Qozog‘istonni misol keltirsak ham bo‘ladi. U yerda ham allaqachon san’atkorlarni soliqqa tortish boshlab yuborilgan. 2026-yil 31-martgacha qozog‘istonlik san’at vakillari o‘tgan yil davomida olgan daromadlarini deklaratsiya qildi. Ular bundan 10 foiz miqdorida daromad solig‘i to‘laydi.
San’atkorlar soliq to‘lashi kerakmi?
San’atkorlar atrofidagi bahslar bir narsani aniq ko‘rsatdi: muammo soliqning o‘zida emas, unga bo‘lgan munosabatda. Kimdir «umr bo‘yi tekinga xizmat qilaman» deydi, lekin soliq masalasiga kelganda ohang o‘zgaradi. Yana kimdir «soliq bo‘lsa, narx oshadi» deya yukni baribir xalqqa yuklashni taklif qilmoqda. «San’atni o‘ldiringlar» kabi keskin fikrlar ham yangradi. Ammo shu yerda savol bor: muammo haqiqatan tizimdami yoki unga bo‘lgan yondashuvdami?
Aslida talab juda oddiy. Hech kim san’atkorning mol-mulkiga, mashinasiga yoki o‘tgan daromadiga tegayotgani yo‘q. Gap faqat kelajakda topiladigan daromadning bir qismini boshqalar qatori davlatga ajratish haqida ketmoqda. Ya’ni daromad bo‘lmasa — soliq ham yo‘q.
«San’at qiyin» — bu inkor etilmaydi. Lekin qaysi kasb oson? Oyligi 3 million so‘mga ham yetmaydigan odam ham 12 foiz soliqni indamay to‘layapti. U kredit yoki xarajatlarini bahona qilib tizimdan chiqib ketmaydi.
Qizig‘i, qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda ham, san’atkorlarga birdaniga 12 foizlik daromad solig‘i solinmaydi. Ular uchun daromad hajmiga bog‘langan soliq tizimi faqatgina 2029 yildan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Ungacha yangi tizimga moslashish uchun vaqt ham, imkoniyat ham bor.
Albatta, boshqa kasblarda bo‘lgani kabi san’atkorlikning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor, buni hech kim inkor etmaydi. Ammo bu jihat jamiyat va davlat oldidagi mas’uliyatni chetlab o‘tishga eksklyuziv huquq bermasligi kerak. Soliq to‘lash barcha fuqarolar uchun qonuniy majburiyat.
Alohida qayd etish lozimki, xonandalarga hech kim minib yurgan mashinasi, yashayotgan dang‘illama uyi yoki boshqa mol-mulkiga qo‘shimcha soliq solmayapti yoki o‘tib ketgan davr uchun majburiyat yuklamayapti. Ulardan kelajakda topadigan daromadning bir qismini el qatori soliq uchun ajratish talab qilinyapti xolos. Ya’ni to‘yga chiqmayotgan, daromad olmayotgan xonandadan o‘z-o‘zidan hech qanday soliq undirilmaydi.
Boz ustiga, qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda ham, san’atkorlarga birdaniga 12 foizlik daromad solig‘i solinmaydi. Ular uchun daromad hajmiga bog‘langan soliq tizimi faqatgina 2029-yildan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Bungacha yangi tizimga moslashish uchun vaqt va imkoniyat beriladi.
Aslida san’atkorlarning soliq to‘lash masalasini allaqachon yo‘lga qo‘yish kerak edi. Bu muhokama qilinadigan emas, yo‘lga qo‘yilishi zarur bo‘lgan tizim. Yangi tartib kimnidir jazolash uchun emas, balki sohani tartibga solish va adolatni ta’minlash uchun navbatdagi qadam sifatida baholanishi lozim. Agar san’atkor «xalqning yuzi» bo‘lsa, unda mas’uliyatda ham boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Soliqdan norozi san’atkorlar: muammo nimada?
San’atkorlarning soliq to‘lashi haqidagi muhokamalar hanuz to‘xtagani yo‘q. Vaqt.uz san’atkor va rasmiylarning munosabati, shuningdek, dunyodagi tizim qanday ishlashini tahlil qildi.
Teglar






