
S&P O‘zbekistonning suveren reytingini «BB»ga oshirdi
Xalqaro reyting agentligi S&P mamlakat reytingini yaxshilab, rekord darajadagi oltin-valuta zaxiralarini O‘zbekistonning moliyaviy barqarorligida hal qiluvchi omil sifatida qayd etdi.

S&P Global Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini «BB-»dan «BB» darajasiga oshirib, prognozni «barqaror» deb belgiladi.
Agentlik qarorini mamlakatda makroiqtisodiy siyosatni yuritishdagi yaxshilanishlar, xususan energiya tariflarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish va JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik jarayonlari bilan izohladi.
S&P ning qayd etishicha, 2025 yil oktabriga kelib Markaziy bank oltin-valuta zaxiralarining 59 mlrd dollardan oshishi reyting oshishiga muhim asos bo‘ldi. Zaxiralarning 80 foizi monetar oltindan iborat bo‘lib, o‘tgan yillardagi rekord darajadagi oltin narxlari mamlakat tashqi pozitsiyalarini sezilarli mustahkamladi.
Shu bilan birga, tashqi qarzning tezroq o‘sishi kuzatilishi kutilsa-da, uning miqdori «nazorat qilinayotgan» holatda ekani ta’kidlandi. Tashqi moliyalashtirish imkoniyatlari balandligi va qarz shartnomalarining uzoq muddatga mo‘ljallangani xavflarni qisman yumshatmoqda.
Biroq iqtisodiyotning oltin narxiga va pul o‘tkazmalariga kuchli bog‘liqligi, shuningdek Rossiya bilan savdo aloqalaridagi yuqori ulushi sabab xavflar saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, S&P 2025–2028 yillarda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 6,6 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qildi. Bu o‘sish xo‘jaliklarning iste’mol talabi, energetika va infratuzilma loyihalariga yirik investitsiyalar hamda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan choralar hisobiga yuzaga kelishi kutilmoqda.
Bir vaqtning o‘zida mehnat bozorida ish o‘rinlarining yetarlicha sur’atda oshmasligi tufayli migratsiyaning yuqori darajada saqlanishi davom etadi.
Agentlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarining jadal kengayayotganini, 2024 yil oxiriga kelishda ularning qiymati YAIMning 27 foiziga teng bo‘lganini qayd etdi.
S&P hukumatning likvid aktivlari 2017 yilga nisbatan sezilarli qisqarganini va fiskal natijalar tashqi zarbalarga ochiqligicha qolganini ham eslatdi. 2028 yilga kelib umumiy hukumat qarzi YAIMning 35 foizi atrofida bo‘lishi prognoz qilingan. Oltin narxining ehtimoliy pasayishi esa valuta zaxiralari uchun asosiy tavakkal sifatida ko‘rsatilgan.
Agentlik salbiy ssenariy sifatida tashqi va fiskal taqchillikning oshishi, shartli majburiyatlarning yuzaga kelishi va davlat korxonalarining katta ulushi tufayli risklar kuchayishi mumkinligini ta’kidladi. Ijobiy ssenariy esa budjet va joriy hisob taqchilligining iqtisodiy o‘sishga zarar yetkazmagan holda qisqarishiga bog‘liq bo‘ladi.





