
Xitoy AQSH qarzlarini pullamoqda, butun dunyo xaridor
Pekin 9 oydirki AQSH davlat qarzi obligatsiyalaridan voz kechmoq, ammo global sarmoyachilar rekord hajmda xaridni davom ettiryapti.

Xitoy AQSH moliyaviy tizimiga bo‘lgan bog‘liqlikni izchil qisqartirishda davom etmoqda. 2025 yil noyabrida Pekin AQSH g‘aznachilik obligatsiyalarini (Treasuries) yana 5,39 mlrd dollarga sotib yubordi va shu bilan to‘qqizinchi oy ketma-ket netto-sotuvni qayd etdi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar qo‘lidagi AQSH davlat qarzi umumiy hajmi tarixiy maksimum —9,36 trln dollarga yetdi. Bu ma’lumotlar «Barronʼs» nashri tomonidan AQSH Moliya vazirligi statistikasiga tayanilgan holda keltirilmoqda.
Rasmiy raqamlar global bozorda qarama-qarshi tendensiyalar shakllanayotganini ko‘rsatadi. Xitoy hanuz AQSH qarzining uchinchi yirik egasi bo‘lib qolmoqda, biroq mart oyidan buyon obligatsiyalarni muntazam sotmoqda. Oktyabrda qariyb 15 mlrd, sentabrda esa 10 mlrd dollarga yaqin qog‘ozlardan chiqildi. Mutaxassislar bu harakatni geosiyosiy keskinlik va strategik xatarlarni kamaytirishga qaratilgan qaror sifatida baholamoqda.
Boshqa yirik o‘yinchilarda esa turli manzara kuzatilmoqda. AQSH qarzining eng katta egasi hisoblangan Yaponiya (1,2 trln dollarlik portfel) noyabrda 3,2 mlrd dollarlik sof sotuvni amalga oshirdi. Bu apreldan beri birinchi marta qayd etilgan pasayish bo‘ldi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya AQSHning ikkinchi yirik kreditori sifatida pozitsiyasini saqlab qolmoqda.
Tahlilchilar Xitoy harakatlarini savdo mojarolari xavfi bilan bog‘lamoqda. Prezident Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan yangi boj choralari — Eron bilan savdo qiluvchilarga 25 foiz va Rossiya neft hamda uranini xarid qiluvchilarga 500 foizlik tariflar Pekin uchun moliyaviy himoya strategiyasini tezlashtirgan omil bo‘ldi. Shu kontekstda Hindiston ham olti oydirki AQSH obligatsiyalarini sotmoqda.
Shunga qaramay, hajmi 30,3 trln dollarga yetgan AQSH davlat qarzi bozori barqaror qolmoqda. Xitoy va ayrim boshqa davlatlarning sotuvlari boshqa mamlakatlar tomonidan to‘liq qoplanmoqda. Bu esa global sarmoya uchun AQSH qarzi hanuz asosiy «xavfsiz go‘sha» bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.





