Dunyo iqtisodiyoti karaxt holatda: ulkan inqiroz yaqinlashmoqda

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat global iqtisodiyot uchun hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, neft ta’minotidagi uzilishlar davom etsa, bu 1973-yildagi energetik inqirozdan ham og‘irroq shokni keltirib chiqarish ehtimoli bor.

Dunyo iqtisodiyoti karaxt holatda: ulkan inqiroz yaqinlashmoqda

AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotlari haddan tashqari qizib ketgan neft bozorida narxlarning keskin pasayishiga sabab bo‘ldi: kotirovkalar bir barrel uchun 120 dollardan 90 dollargacha tushdi.

Tahlilchilarning fikricha bu barqarorlik aldamchi bo‘lishi mumkin. Agar Yaqin Sharqdagi ixtilof cho‘zilib ketsa, sayyorani so‘nggi 50 yil ichida kuzatilmagan iqtisodiy shok kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp Eron bilan to‘qnashuv «uzoq davom etmasligi» va «eng qisqa muddatlarda yakunlanishi»ga qat’iy ishonch bildirgan edi. Oq uy favqulodda chora sifatida bir qator davlatlarga nisbatan embargoni vaqtincha bekor qilish hamda tankerlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tkazish uchun AQSH Harbiy-dengiz kuchlarini safarbar etishini e’lon qildi.

«Katta yettilik» (G7) davlatlari ham strategik zaxiralarni ochishga tayyor ekanliklarini bildirib, ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

Global bozor bunga darhol munosabat bildirdi — ertalab rekordlarni yangilayotgan neft narxlari shiddat bilan pastga qarab sho‘ng‘idi.

1

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tuguni

Vashingtonning rasmiy bayonotlariga qaramay, jahon energiya tranzitining asosiy arteriyasi bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozi amalda yopiqligicha qolmoqda. Harbiy ekspertlar AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining kemalar xavfsizligini to‘liq kafolatlash imkoniyatiga shubha bilan qaramoqda. Eng tor joylarida kengligi atigi 33 kilometrni, uzunligi esa 195 kilometrni tashkil etuvchi bo‘g‘oz haddan tashqari zaif nuqta hisoblanadi. Hatto Amerika fregatlari himoyasi ostida ham tankerlar Eron uchuvchisiz uchish apparatlari, kamikadze-katerlari va mina to‘siqlari uchun nishon bo‘lib qolmoqda.

Vaziyat kritik nuqtaga yaqinlashmoqda. Saudiya Arabistoni mahsulotlarni jo‘natish imkoniyati yo‘qligi sababli omborlar to‘lib ketganidan ogohlantirdi. «Aramco» neft giganti qazib olish ishlarining butunlay to‘xtab qolish xavfi mavjudligini ta’kidladi. Kompaniya vakillariga ko‘ra, bu holat «jahon sivilizatsiyasi uchun halokatli oqibatlar» keltirib chiqarishi mumkin.

Inqiroz statistikasi

Vashington institutida o‘tkazilgan eshituvlarda ishtirok etgan ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, vaziyat nihoyatda xavfli tus olgan:

  • Inqirozdan oldin: Fors ko‘rfazidan kunlik neft yetkazib berish hajmi 19 million barrelni tashkil etardi.

  • Hozirgi holat: Ushbu ko‘rsatkich 3 million barrelgacha tushib ketgan.

«S&P Global Energy» yetakchi tahlilchisi Loren Xoltmayyer mintaqa infratuzilmasiga haddan tashqari katta zarar yetkazilganini ta’kidlamoqda.

Saudiya Arabistoni (jumladan, Ras-Tanura xabi), Qatar, Iroq va Bahrayndagi obyektlar talafot ko‘rgan. Amirliklarning Fujayra porti va Eronning neft omborlariga berilgan zarbalar bir hafta ichida to‘ldirib bo‘lmaydigan taqchillikni yuzaga keltirgan. Hatto bo‘g‘oz ertaga ochilgan taqdirda ham, bozorni barqarorlashtirish uchun oylab vaqt talab etiladi.

2

Amerika nefti najot bo‘la oladimi?

«Kpler» kompaniyasining yetakchi tahlilchisi Mett Smitning ta’kidlashicha, Vashingtonning jahon narxlariga ta’sir qilish vositalari yetarli emas. Amerika nefti Yaqin Sharq xom ashyosining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi — Yevropa va Osiyodagi ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlari texnologik jihatdan aynan Ko‘rfazning «og‘ir» navlariga moslashtirilgan.

E’tiborli jihati, mazkur geosiyosiy vaziyatdan Amerika neft kompaniyalari va Rossiya eng ko‘p manfaat ko‘rishi mumkin. Chunki Rossiya nefti «OPEK»ning taqchil xom ashyosiga eng yaqin va munosib muqobil variant hisoblanadi.

Prognozlar: yetmishinchi yillardagidan ham yomonroq

«Business Insider» nashri va Nobel mukofoti laureati Pol Krugman joriy vaziyatni 1973 yildagi tarixiy neft shoki bilan qiyoslamoqda. Biroq mutaxassislarning fikricha, hozirgi inqiroz o‘z ko‘lami va global iqtisodiyotga ko‘rsatadigan ta’siri jihatidan ancha kengroq bo‘lishi mumkin.

  • Gaz zarbasi: Qatar dunyodagi suyultirilgan tabiiy gaz eksportining 20 foizini ta’minlaydi. Yetkazib berish yo‘nalishlari Osiyoga burilgani sababli Yevropada narxlar allaqachon ikki baravar oshdi.

  • Iste’mol shoki: «Moody’s Analytics» bosh iqtisodchisi Mark Zandi AQSHda benzin narxi bir gallon uchun 4 dollargacha ko‘tarilishini bashorat qilmoqda. Bu esa kam ta’minlangan oilalar hamyoniga qattiq zarba beradi.

3

Siyosiy boshi berk ko‘cha

Trampning qat’iy pozitsiyasi va Eronda urush tarafdorlari bo‘lgan kuchlarning hokimiyatga kelishi bozor ishtirokchilarini diplomatik murosaga bo‘lgan so‘nggi umidlardan ham mahrum etmoqda.

«Bu tarixdagi eng yirik ta’minot uzilishi bo‘lib, avvalgi barcha aksilrekordlardan ikki barobar ko‘pdir», — deydi «Rapidan Energy» prezidenti Bob MakNelli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonamizning asosiy muammosi — bunday keng ko‘lamli zarbani yumshata oladigan bo‘sh zaxira quvvatlarining mavjud emasligidadir.

Теглар

Мавзуга оид