«Bank siriga rioya qilinishi kerak». Iqtisodchilar P2P nazoratidagi bo‘shliqlardan ogohlantirmoqda

Bugun 16:157 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda P2P o‘tkazmalari sabab soliq tekshiruvlariga chaqiruvlar haqidagi xabarlar ortidan iqtisodchilar va jamoatchilik faollari bank siri, huquqiy asoslar va tekshiruv mezonlari bo‘yicha ochiq qolgan savollarga e’tibor qaratmoqda.

«Bank siriga rioya qilinishi kerak». Iqtisodchilar P2P nazoratidagi bo‘shliqlardan ogohlantirmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda karta orqali amalga oshirilgan ko‘p sonli P2P o‘tkazmalari va yirik yillik aylanmalar sabab ayrim fuqarolar soliq organlariga chaqirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Unda aytilishicha, soliq organlari 2020 yil 30-oktabrdan boshlab amalga oshirilgan tranzaksiyalarni tekshirish huquqiga ega ekanini bildirmoqda. Agar karta orqali o‘tkazmalar soni juda ko‘p bo‘lsa, fuqarolardan tushuntirish xati talab qilinishi mumkin.

Masalan, tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir fuqaroda so‘nggi uch yil ichida 2,5 mingdan ortiq P2P tranzaksiyasi aniqlangan. Unga har oyda amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni va umumiy summalar ko‘rsatilgan hujjat taqdim etilgani aytilmoqda.

Shuningdek, karta aylanmasi bir yilda 500 mln so‘mdan oshgan ayrim fuqarolar ham soliq organlariga chaqirilgani haqida xabarlar bor. Ayrim izohlarda bunday aylanmalar noqonuniy savdo faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

«Hozircha tekshiruvlar yakunlari, jarimalar yoki boshqa choralar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Tekshiruvlar endi boshlangan ko‘rinadi», — deyiladi xabarda.


Ogohlantirish xatlari


photo_2026-05-15_15-16-33

Manba: Spot.uz


Ijtimoiy tarmoqlarda soliq organlari tomonidan tadbirkorlarga yuborilgan
ogohlantirish xatlari nusxalari ham tarqaldi. Xatlarda P2P — karta orqali karta hisobiga amalga oshirilgan savdo tushumlari tahlil qilingani aytilgan.

Tarqalgan hujjatlardan birida 2025 yilning 11 oyi davomida jami 68 mln so‘mga yaqin 217 ta P2P tranzaksiya qayd etilgani, biroq ushbu tushumlar soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagani qayd etilgan. Shu asosda 8 mln so‘mdan ortiq QQS hisoblangani ko‘rsatilgan.

Yana bir ogohlantirish xatida esa soliqlarni qo‘shimcha hisoblash bilan birga, tadbirkorga yashirilgan soliq bazasi summasining 20 foizi miqdorida jarima qo‘llanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Soliq organlari izoh va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish uchun o‘n kun muddat bergan.

Ikkala holatda ham
Soliq kodeksining 223-moddasi — soliq bazasini yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish normalariga havola qilingan. Mazkur modda asosida yashirilgan soliq summasi bo‘yicha soliqlar qayta hisoblanishi va qo‘shimcha ravishda 20 foizgacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Tekshiruvlar biznes vakillari kartalaridagi savdo pullariga qaratilgan — Soliq qo‘mitasi

Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi. Qayd etilishicha, tekshiruvlar oddiy fuqarolarning shaxsiy pul o‘tkazmalariga emas, asosan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar va ularning rahbar xodimlari kartalaridagi pul aylanmalariga qaratilgan.

Qo‘mitaga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar savdo operatsiyalarini P2P — karta orqali karta hisobiga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirmoqda. Ba’zi holatlarda esa ushbu mablag‘lar soliq hisobotlarida ko‘rsatilmayapti.

Shu sabab soliq organlari korxona rahbarlari va mas’ul xodimlarning plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘larni tahlil qilmoqda. Agar yashirilgan daromad aniqlansa, soliq hisobotlariga tegishli tuzatishlar kiritilishi va xabarnomalar yuborilishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi bu jarayon jazolash uchun emas, balki yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, budjet tushumlarini oshirish va qonuniy ishlayotgan tadbirkorlar uchun teng sharoit yaratishga qaratilganini bildirdi.

Bundan tashqari, iqtisodchi va jamoatchilik faollari ham holat yuzasidan fikrlarini bildirishdi.

«P2P nazorati bank siri talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak» — Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham P2P nazoratlari atrofidagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirib, Soliq qo‘mitasi tayanayotgan PF–6098-sonli farmonda aynan P2P operatsiyalarini tekshirish tartibi aniq belgilab qo‘yilmaganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, mazkur farmonning asosiy maqsadi yashirin iqtisodiyot darajasini kamaytirish, biznes uchun teng raqobat muhitini yaratish, soliq tizimini soddalashtirish va naqdsiz to‘lovlarni kengaytirishdan iborat bo‘lgan.

«Farmon bilan P2P operatsiyalari bo‘yicha nazorat choralari va amaliy harakatlar belgilab berilmagan», — deb yozmoqda Bakirov o‘z blogda.

Iqtisodchi, shuningdek, aynan shu farmon asosida pandemiyadan keyingi davrda umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik bizneslarga P2P orqali to‘lov qabul qilishga ruxsat berilganini eslatdi. Ya’ni o‘sha paytda kafe va restoranlar uchun karta orqali to‘lovlar biznesni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida ko‘rilgan.

Bakirovning fikricha, hozir boshlanayotgan P2P nazoratlarining huquqiy tomonida hali ko‘plab ochiq masalalar mavjud.

«Nima bo‘lgandayam, P2P nazorati bo‘yicha boshlangan harakatlarning huquqiy tomonida hali bo‘shliqlar juda ko‘p (yaxshiyam sud bor). 15 kun avvalgi katta anjumanda aytilganidek, “P2P borasida nima yechimga kelsak ham, bu bank siri talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak”», — dedi u.

«Ortiqcha raqamlashtirish biznesni kulrang iqtisodiyotga olib ketishi mumkin» — Shuhrat Qurbonov

Iqtisodchi Shuhrat Qurbonovning fikricha, soliq organlari barcha P2P o‘tkazmalarni emas, aynan kartaga kelib tushayotgan mablag‘larni tahlil qilayotgani ijobiy holat.

Qurbonov avvalroq Qozog‘istonda qo‘llanilgan tajribani misol qilib keltirdi. Unga ko‘ra, agar bir kishining kartasiga ketma-ket uch oy davomida 100 xil odamdan 1 mln tengedan ortiq mablag‘ tushsa, bu savdo tushumi bo‘lishi mumkin deb qaraladi. Shundan keyin fuqaro ushbu mablag‘ biznes daromadi emasligini isbotlashi yoki soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

«Quvonarlisi, hamma P2P o‘tkazmalarni emas, aynan tushumlarni ko‘rayotganini tushunishibdi. Qozog‘istonda ham kartaga 100 xil odamdan ma’lum limitdan ortiq pul tushsa, bu savdo tushumi sifatida ko‘riladi», — dedi u.

Iqtisodchi O‘zbekistonda esa tekshiruv mezonlari hali aniq emasligini qayd etdi. Uning aytishicha, aynan kimlar tekshiruvga tushayotgani ochiqlanmagan — barcha kartalarmi, faqat biznes egalari yoki eng ko‘p pul tushumi bo‘lgan fuqarolarmi.

«Matnda “yuridik shaxslarning rahbar xodimlari” deyiladi. Lekin mezon qanday ishlayotgani tushunarsiz — barcha kartalar ko‘rilyaptimi yoki faqat biznesga aloqador shaxslar tekshirilyaptimi?» — deya savol qo‘ydi Qurbonov.

Uning ta’kidlashicha, soliqlarni barcha to‘lashi kerak. Biroq davlat nega bizneslar pulni kompaniya hisobiga emas, shaxsiy kartalarga olishni afzal ko‘rayotganini ham o‘rganishi lozim.

«Odam ertalab uydan chiqayotib davlatni aldayman, soliq to‘lamayman deb o‘ylamaydi. Balki tizimning o‘zi biznesni shunga majbur qilayotgandir», — dedi iqtisodchi.

Qurbonov ortiqcha raqamlashtirish biznesning «oq» hisobdan chiqib, «kulrang» yoki «qora» iqtisodiyotga o‘tishiga olib kelishi mumkinligidan ham ogohlantirdi.

Shuningdek, u bunday tekshiruvlarni qonunchilik darajasida aniq belgilash kerakligini ta’kidladi. Chunki hozircha bank siri bilan bog‘liq ma’lumotlar qayerdan olinayotgani va ular qay darajada qonuniy asosda olinayotgani bo‘yicha savollar mavjud.

«Endi tekshiruvlar boshlangan ekan, ularni qonunchilikda ham aniq mustahkamlash kerak. Hozircha bu ma’lumotlar qayerdan olinayotgani va qanchalik qonuniy ekani bo‘yicha savollar bor», — dedi u.

Iqtisodchi yakunda P2P tizimi naqd pulga nisbatan baribir shaffofroq ekanini qayd etdi.

«P2P baribir naqd puldan yaxshiroq. Chunki zarurat tug‘ilganda pulning harakatini kuzatish va tekshirish imkonini beradi», — deya xulosa qildi Qurbonov.


«Direktor kartasiga tushgan har qanday pulni korxona daromadi deb bo‘lmaydi»

«RASTAMOJKA» kanalida P2P o‘tkazmalarni avtomatik tarzda korxona tushumi sifatida baholash huquqiy jihatdan bahsli ekani haqida yozildi.

Unda qayd etilishicha, ayrim tadbirkorlarga soliq organlari tomonidan direktor yoki rahbar xodimlarning shaxsiy bank kartalariga kelib tushgan P2P o‘tkazmalar bo‘yicha Excel shaklida ma’lumot taqdim etish talabi yuborilmoqda.

Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra yuridik shaxs va jismoniy shaxs ikki alohida huquq subyekti ekani eslatilgan. Korxona o‘zining hisob raqamlari va moliyaviy majburiyatlariga ega bo‘lsa, direktorning shaxsiy kartasi uning shaxsiy moliyaviy vositasi sanaladi.

«Faqat karta aylanishining o‘zi daromad ekanini anglatmaydi. Chunki jismoniy shaxs kartasi orqali qarz qaytarilishi, oilaviy o‘tkazmalar, do‘stlar o‘rtasidagi hisob-kitoblar yoki boshqa shaxsiy operatsiyalar ham amalga oshirilishi mumkin. Direktorning shaxsiy kartasiga kelgan har qanday mablag‘ni hech qanday dalilsiz korxona daromadi deb qabul qilish huquqiy jihatdan bahsli hisoblanadi».

Postda eng xavfli jihatlardan biri — bunday yondashuv tadbirkorlik muhitida «hamma aybdor» degan prezumpsiyani shakllantirishi mumkinligi ekani ta’kidlangan.

«Agar shaxsiy karta aylanishining o‘ziyoq shubha uchun asos bo‘lsa, ertaga direktorning oila a’zolari yoki yaqinlarining operatsiyalari ham tekshiruv obyektiga aylanishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Bu esa xususiy mulk daxlsizligi, bank sirlari va huquqiy aniqlik prinsiplariga zid keladi».

Shuningdek, soliq organlari biror P2P o‘tkazmani korxona daromadi deb hisoblamoqchi bo‘lsa, avvalo ushbu mablag‘ aynan tovar yoki xizmat uchun olinganini, operatsiya biznes faoliyati bilan bog‘liqligini va mablag‘ yashirilgan tushum ekanini aniq isbotlashi kerakligi qayd etilgan.

«Ko‘plab tadbirkorlar huquqiy pozitsiyasini to‘liq bilmagani sabab asossiz talablar, tushuntirish xatlari yoki ehtimoliy jarimalardan cho‘chib rozi bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Agar aniq huquqiy mexanizm ishlab chiqilmasa, har qanday faol bank kartasi kelajakda potensial soliq obyektiga aylanishi xavfi paydo bo‘ladi», — deyiladi kanalda.

Umuman olganda, P2P o‘tkazmalari bo‘yicha boshlangan tekshiruvlar soliq tizimi, raqamli to‘lovlar va fuqarolarning moliyaviy erkinligi kesishgan nuqtadagi eng bahsli mavzulardan biriga aylandi. Davlat yashirin iqtisodiyot va soliqdan qochish holatlarini qisqartirishni maqsad qilgan bo‘lsa, ekspertlar va jamoatchilik vakillari bu jarayon aniq huquqiy chegaralar, shaffof mezonlar va bank siri talablari asosida olib borilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda asosiy savollar ochiq qolmoqda: qaysi holatda P2P o‘tkazma haqiqatan ham biznes daromadi hisoblanadi, shaxsiy karta aylanmasini tekshirishning huquqiy asosi qanday va soliq organlarining vakolatlari qayerda tugaydi? Chunki aniq qoidalar shakllantirilmas ekan, bu masala faqat soliq nazorati emas, balki davlat va biznes o‘rtasidagi ishonch, xususiy moliyaviy daxlsizlik va raqamli iqtisodiyot kelajagi haqidagi bahslarga ham aylanishi mumkin.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 124

Barchasi

Mavzuga oid