O‘zbekistonlik ilk kosmonavt 2028 yilda fazoga uchirilishi mumkin

Bugun 12:152 daqiqa

O‘zbekistonda ilk milliy kosmonavtni saralash va tayyorlash uchun maxsus hukumat komissiyasi tuzilib, tanlov umumxalq dasturi shaklida o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekistonlik ilk kosmonavt 2028 yilda fazoga uchirilishi mumkin © sun'iy intelekt

«O‘zbekkosmos» agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimovning ma’lum qilishicha, parvoz 10–14 kun davom etadi. Hozirda inson ishtirokidagi kosmik parvozlarni amalga oshirayotgan uch davlat — AQSH, Rossiya va Xitoy bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur davlatlar hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan. O‘zbekistonlik kosmonavtning parvozi ilmiy dastur asosida tashkil qilinib, u fazodan muayyan tadqiqot natijalari bilan qaytishi rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun kosmonavtlarni saralash va tayyorlash bo‘yicha hukumat komissiyasi tuziladi. Tanlov umumxalq dasturi shaklida o‘tkazilishi mumkin.

Nomzodlar uchun quyidagi talablar belgilangan:

Yoshi 27 dan 40 yoshgacha bo‘lishi;
Oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
Bo‘yi 160 santimetrdan 190 santimetrgacha bo‘lishi;
Vazni 50 kilogrammdan 95 kilogrammgacha bo‘lishi;
Xorijiy tillarni bilishi.

Rejaga ko‘ra, qisqa muddatli kosmik parvoz doirasida tibbiyot, biologiya, genetika va boshqa ustuvor sohalarda ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilk bor o‘zbekistonlik kosmonavt kosmosga uchirilishi haqida ma’lum qilgan edi.

«Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik. O‘zbekiston kosmonavti bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi. Bu Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi deb ishonaman», — dedi prezident.

Teglar

Mavzuga oid