Yevropa neft gigantlari inqiroz ortidan milliardlab daromad ko‘rdi

Bugun 15:091 daqiqa

Eron atrofidagi keskinlik va neft bozoridagi beqarorlik Yevropa neft kompaniyalariga milliardlab dollar qo‘shimcha daromad keltirdi.

Yevropa neft gigantlari inqiroz ortidan milliardlab daromad ko‘rdi © Foto: Cresco Capital

Yaqin Sharqdagi keskinlik va Eron atrofida yuzaga kelgan xavfli vaziyat Yevropa neft kompaniyalari uchun milliardlab dollarlik qo‘shimcha daromad manbaiga aylandi. «Financial Times» xabariga ko‘ra, “Shell”, “BP” va “TotalEnergies” kabi kompaniyalar neft narxlarining keskin tebranishi hamda logistika zanjirlaridagi izdan chiqishlar orqali katta foyda ko‘rgan.

Nashrning yozishicha, asosiy foyda neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi treyding bo‘linmalari orqali olingan. Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati cheklanishi ortidan global neft ta’minotida xavotir kuchayib, narxlar keskin oshgan. Bu esa kompaniyalarga yetkazib berish yo‘nalishlarini o‘zgartirish va turli bozorlardagi narx tafovutidan daromad olish imkonini bergan.

Inqiroz davrida Brent markali neft narxi bir barrel uchun 144 dollardan oshib ketgan. Natijada xalqaro treyderlar uchun qisqa muddatli operatsiyalar va muqobil logistika orqali yuqori marja bilan ishlash imkoniyati paydo bo‘lgan.

Tahlilchilar hisob-kitobiga ko‘ra, eng katta qo‘shimcha daromadni “BP” olgan bo‘lishi mumkin.

Kompaniyaning savdo bo‘linmasi taxminan 1,75 milliard dollar ishlab topgani aytilmoqda. “Shell” qariyb 1,6 milliard dollar, “TotalEnergies” esa 800 million dollar atrofida foyda ko‘rgan. Yevropa kompaniyalarining kuchli treyding tizimi ularga AQSHning “ExxonMobil” va “Chevron” kabi asosan neft qazib olishga tayanuvchi korporatsiyalariga nisbatan ustunlik bergan. Bozordagi keskin o‘zgarishlardan tez foydalanish qobiliyati Yevropa gigantlarining asosiy afzalligi sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid