Byurokratiyani qisqartirish O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shimcha 13 mlrd dollar olib kelishi mumkin
O‘zbekistonda davlat xizmatlarini soddalashtirish va ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etish uchun «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi amalga oshiriladi.
© Foto: Prezident matbuot xizmatiPrezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda aholi va tadbirkorlar uchun xizmatlarni tezkor, shaffof va qulay qilishga qaratilgan yangi islohotlar muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlar uchun qulay, tezkor va shaffof qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlat xizmatlari ko‘lami 10 barobar ko‘payib, 61 milliondan oshdi. Ularning 80 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda. Birgina 2025 yilning o‘zida tadbirkorlikka oid 2 mingdan ortiq majburiy talab bekor qilindi.
Shu bilan birga, sohada ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar hali ham saqlanib qolmoqda. Bugungi kunda davlat organlarida 5 ming 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 ming 41 ta davlat xizmati mavjud.
– Bunday ko‘p funksiya va talablar tizimni samarasiz, qimmat va ba’zan adolatsiz qilib qo‘yishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish va soddalashtirish – eng to‘g‘ri yo‘l, – dedi Mirziyoyev.
«Nol byurokratiya» dasturi ishga tushiriladi
Ma’lum qilinishicha, Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi boshlangan. Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga, biznes uchun majburiy talablarni esa 20 foizga qisqartirish rejalashtirilgan. Elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish ham maqsad qilingan.
Taqdimotda davlat xizmatlarini «servis davlat» modeli asosida tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor davlat xizmatini birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay ko‘rsatishga qaratiladi.
Xususan, 783 ta davlat xizmatiga «nol byurokratiya» tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga o‘tkaziladi.
Natijada aholining turli idoralarga kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 milliard so‘mgacha transport xarajati tejaladi.
Xizmatlar avtomatlashtiriladi
Yana 80 turdagi xizmatni ko‘rsatish muddati 2-3 karra qisqartirilib, o‘rtacha muddat 13 kundan 6 kunga tushiriladi. 10 ta xizmat to‘liq avtomatlashtiriladi. 25 ta xizmat bo‘yicha to‘lovlarning kamaytirilishi natijasida aholi ixtiyorida yiliga 851 milliard so‘mgacha mablag‘ qoladi.
Shuningdek, 10 ta xizmatni xususiy sektorga o‘tkazish, 15 ta ma’lumot va hujjatni raqamlashtirish belgilanmoqda. Bu orqali 270 dan ortiq xizmatda ushbu ma’lumot va hujjatlarni qayta so‘rash amaliyoti bekor qilinadi.
Majburiy talablarni qayta ko‘rib chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, bozorlar faoliyatiga doir 20 ga yaqin hujjatda 500 dan ziyod talab tarqoq holda yuritilmoqda. Ularni tizimlashtirish orqali talablarning 30 foizdan ortig‘ini maqbullashtirish mumkinligi qayd etildi.
Iqtisodiyotga milliardlab samara kutilmoqda
Sanitariya talablariga muvofiqlik dalolatnomasi va ko‘rikdan o‘tadigan xodimlar ro‘yxatini elektron tizim orqali shakllantirish imkoniyati ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu orqali yiliga 1 milliard so‘m budjet mablag‘ini tejash, xodimlarning 24 ming ish soatini amaliy faoliyatga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ma’muriy yukni qisqartirish iqtisodiyotga yiliga 1,5 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri samara beradi. Tartibga solish sifatini yaxshilash qo‘shimcha 800 million dollar xorijiy investitsiya jalb etishga xizmat qiladi.
Davlat va biznes o‘rtasidagi jarayonlarni soddalashtirish hisobiga mehnat unumdorligi yiliga 750 million dollarga oshadi. Umumiy hisobda byurokratiyani qisqartirish choralari 2026-2030 yillarda iqtisodiyotni qo‘shimcha 13 milliard dollarga o‘stirish imkonini beradi.
Taqdimotda reestr.gov.uz yagona platformasi orqali davlat funksiyalari, majburiy talablar va davlat xizmatlari reyestrlarini yuritish, idoralar faoliyatini «Bureaucracy radar» asosida baholash, sun’iy intellekt orqali tahlil qilish va «Biznes kalkulator» orqali tadbirkorlar xarajatini hisoblash tizimini joriy etish taklif qilindi.
Prezident davlat xizmatlari inson qadri, tadbirkorlar uchun qulay muhit va davlat boshqaruvi samaradorligi bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Har bir vazirlik va idora o‘z funksiyalarini qayta ko‘rib chiqishi, ortiqcha talab va hujjatlarni bekor qilishi, xizmatlarni raqamlashtirishni jadallashtirishi zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish, unda har bir vazirlik va idora kesimida raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilash topshirildi.
Shuningdek, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va barcha idoralar faoliyatida “nol byurokratiya” tamoyilini izchil joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.





