Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlashni bekor qilish rejalashtirilmoqda

«Daladan dasturxongacha» tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlashni bekor qilish rejalashtirilmoqda © Foto: president.uz

12-may kuni Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston 2030 yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan.

Yig‘ilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Uchta idora negizida yangi qo‘mita tuziladi

Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjud. Shu bilan birga, mahsulotni «yetishtirishdan iste’molchigacha» kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.

Eksport sohasida ham muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, O‘zbekiston mahsulotlarida pestitsid qoldiqlari aniqlangani sababli Yevropa Ittifoqi tomonidan 25 ta ogohlantirish berilgan. Bu esa tashqi bozorlarda tovarlar raqobatbardoshligini oshirish uchun xavfsizlik nazorati tizimini qayta ko‘rib chiqishni talab etadi.

Amalda nazorat organlari asosan tayyor mahsulotni tekshirish bilan cheklanib qolgan, ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichlarida xalqaro xavfsizlik standartlarini joriy etishga esa yetarlicha e’tibor berilmagan.

Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilandi.

Shu maqsadda «daladan dasturxongacha» tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. Yangi organ O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida shakllantiriladi.

Majburiy sertifikatlash bekor qilinadi

Yangi tizimda biznes uchun to‘siqlar yaratayotgan eskirgan tekshiruvlardan voz kechish rejalashtirilgan. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning o‘rniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.

Hozirda bunday yondashuv mamlakat bo‘ylab mavjud 80 mingta obyektdan atigi 1,6 mingtasida (taxminan 2 foizida) qo‘llanilmoqda. Endilikda xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim yaratiladi.

Teglar

Mavzuga oid