Omonatga qo‘yilgan 500 ming dollarni o‘zlashtirgan bankirlar qo‘lga olindi
Toshkent shahridagi tijorat bankida yuz bergan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
© pixel shotToshkent shahri Uchtepa tumanida tijorat banki xodimlari mijozning 500 ming dollarlik omonat pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Tekshiruv jarayonida tijorat bankining mas’ul shaxslari fuqaro I.M.ning bank omonatiga qo‘yilgan 500 ming AQSH dollarini soxta hujjatlar asosida qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, mablag‘lar o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Tergov organlari bu harakatlarni moliyaviy firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘lamoqda.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi — hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni qalbakilashtirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda ish doirasida tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqeaga aloqador shaxslarni aniqlash va yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda 1 mrld so‘mdan ortiq omonat pullarini o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.





