Qaysi banklar xodimlariga ko‘proq pul beradi?

Bugun 18:352 daqiqa

«Agrobank» xodimlarga pul sarflashda yetakchi bo‘lsada, foyda olish bo‘yicha 23 o‘rinda turibdi. Davlat banklari xususiy banklarga nisbatan ishchilariga ko‘proq to‘lamoqda.

Qaysi banklar xodimlariga ko‘proq pul beradi? © Vaqt.uz

O‘zbekistondagi banklar 2026-yilning I choragida xodimlariga ish haqi va boshqa xarajatlar uchun 4 trln 438 mlrd so‘m sarfladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,8 foizga ko‘proq.

Mamlakatdagi faqatgina 3 ta bankda xodimlar uchun xarajatlar 2025 yil I choragi bilan solishtirilganda kamaygan — «Kapitalbank», «Infinbank» va «Avobank».

«Kapitalbank» o‘tgan yili xodimlariga 275,9 mlrd so‘m sarflagan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2,2 foizga pasayib, 269,8 mlrd so‘mni tashkil qildi.

«Infinbank» xodimlar xarajatlarini eng keskin qisqartirgan banklardan biri bo‘ldi — ko‘rsatkich 16,3 foizga kamayib, 78,4 mlrd so‘mga tushdi. «Avobank»da esa pasayish 7 foizni tashkil qildi va xarajatlar 14,6 mlrd so‘m bo‘ldi.

Bank xodimlari uchun maosh va boshqa xarajatlar sarfini eng ko‘p oshirgan bank «Hayot bank» bo‘ldi — +85,3 foiz. Uch oyda bank o‘z ishchilariga 41,7 mlrd so‘m to‘lagan.

Keyingi o‘rinlarda 70 foiz bilan «Uzum bank» (34,7 mlrd so‘m sarflagan), 49,3 foiz bilan «Anorbank» (85,7 mlrd so‘m) va 48,7 foiz bilan «MKBank» (188 mlrd so‘m) bormoqda.

Eng ko‘p pul berayotgan banklar

Xodimlari uchun ish haqi va boshqa xarajatlar uchun eng ko‘p pul ajratgan bank — «Agrobank» bo‘lib turibdi. I chorakda bank ishchilariga 522,2 mlrd so‘m (+36,2 foiz) to‘lab berilgan.

1

Kuchli uchlikdan 373,2 mlrd so‘m bilan «Milliy bank», 371,1 mlrd so‘m bilan «Ipoteka bank» joy oldi. Bu ikkita bankda o‘sish ko‘rsatkichi mos ravishda 31,1 foiz va 33,4 foizni tashkil qilgan.

9 ta davlat bankidan 5 tasi TOP-10 likdan o‘rin oldi. Bu davlat banklarida xodimlarga ko‘proq maosh va boshqa to‘lovlar to‘lanayotganini bildiradi.

Banklar foydasi qanday bo‘lyapti?

I chorakda O‘zbekiston banklari 5,5 trln so‘m sof foyda oldi. Bu 2025-yil mos davriga nisbatan 2,2 trln so‘mga yoki 61,6 foizga ko‘proq.

2

«Agrobank» xodimlarga pul sarflashda yetakchi bo‘lsada, foyda olish bo‘yicha atigi 23 o‘rinni egalladi. Bank xodimlariga 522,2 mlrd so‘m pul berib, 35,9 mlrd so‘m sof foyda olgan.

«Ipoteka bank» esa sarflaganiga nisbatan ancha ko‘proq foyda olishga erishdi — 846,4 mlrd so‘m.

Aksariyat banklar xodimlar soni ko‘pligi uchun ham boshqa banklarga nisbatan ko‘proq pul sarflagan bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Qaysi banklar xodimlariga ko‘proq pul beradi? | Vaqt.uz