«Mingo‘rik»dan «Abu Saxiy»gacha metro, Ustyurtga «British Petroleum» kirishi va O‘zbekiston bozoridan chiqishi qimmatga tushgan bank — 13-may dayjesti

Bugun 22:433 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Mingo‘rik»dan «Abu Saxiy»gacha metro, Ustyurtga «British Petroleum» kirishi va O‘zbekiston bozoridan chiqishi qimmatga tushgan bank — 13-may dayjesti

Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarni tekshirishni boshladi

Soliq qo‘mitasi ayrim tadbirkorlar tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni terminal o‘rniga kartadan-kartaga P2P o‘tkazmalari orqali qabul qilib, bu daromadlarni soliq hisobotlarida to‘liq aks ettirmayotganini ma’lum qildi. Qo‘mitaga ko‘ra, tekshiruvlar asosan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar va ularning rahbar xodimlari kartalaridagi savdo aylanmalariga qaratilgan.

Soliq organlari aniqlangan holatlar bo‘yicha tadbirkorlarga xabarnomalar yubormoqda. Qo‘mita tekshiruvlar fuqarolarga qarshi emas, balki yashirin aylanmalarni qisqartirish va iqtisodiy adolatni ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirkorlar savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirish va soliq hisobotlarida haqqoniy ko‘rsatishga chaqirildi.

«Hamkorbank» boshqaruv raisi Baxtiyorjon Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi

O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri — «Hamkorbank» boshqaruvida o‘zgarish yuz berdi. Polshalik bankir Rafal Yushchak bank boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U bu haqda o‘zining Facebook sahifasi orqali ma’lum qildi, ammo bank hozircha rasmiy bayonot bermagan. Yushchak moliya sohasida 26 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, «PKO BP», «Alfa Bank Ukraine» va «Getin Holding» kabi moliyaviy institutlarda rahbarlik qilgan.

Mazkur lavozimda bunga qadar Baxtiyorjon Jo‘rayev ishlab kelayotgandi. U 2021 yildan buyon «Hamkorbank» boshqaruv raisi sifatida faoliyat yuritgan. «Bankirlar uchun» Telegram kanali ma’lumotiga ko‘ra, Jo‘rayev o‘z xohishiga ko‘ra lavozimni tark etgan va bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan.

O‘zbekistondan ketgan Qozog‘iston banki 10 million dollardan ko‘proq zarar ko‘rdi

«Yevroosiyo banki» O‘zbekiston bozoridan chiqishi natijasida 5 mlrd tenge, ya’ni 10 million dollardan ortiq zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Bank hisobotiga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida O‘zbekiston Markaziy banki litsenziyani chaqirib olgan va bankni majburiy tugatish jarayoni boshlangan. Asosiy sabab sifatida ustav kapitali qonunchilikda belgilangan 500 mlrd so‘mlik minimal talabga yetmagani ko‘rsatilgan.

Bank O‘zbekistondagi faoliyatini zarar bilan yakunlagan: 2024 yilning to‘qqiz oyida 12,6 mlrd so‘m, 2025 yilning birinchi yarmida esa 51,6 mlrd so‘m zarar qayd etilgan. «Yevroosiyo banki» rasmiy bayonotida O‘zbekistondan chiqish qarori oldindan rejalashtirilgani va endi asosiy e’tibor Qozog‘iston bozorini rivojlantirishga qaratilgani ta’kidlangan.

«SOCAR» O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi: Ustyurt loyihasiga «British Petroleum» ham qo‘shildi

«SOCAR» O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning «SOCAR» rahbari Ravshan Najaf hamda «British Petroleum» rahbariyati bilan uchrashuvida ma’lum qilindi. Uchrashuvda Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasi va neft-gaz sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Loyihaga ilk bor «British Petroleum» ham qo‘shildi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bitim Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi. Loyihada «BP» ulushi 40 foizni, «SOCAR» va «O‘zbekneftgaz» ulushi esa 30 foizdan tashkil qiladi. Hozirda «SOCAR» operator sifatida seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda.

Toshkent metropolitenining «Mingo‘rik» bekati «Abu Saxiy» bozori bilan bog‘lanishi mumkin

Toshkent metropolitenining «Mingo‘rik» bekatidan «Chilonzor buyum bozori»gacha bo‘lgan yangi metro yo‘nalishini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga metropolitenda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va infratuzilmadan samarali foydalanish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar doirasida ma’lum qilindi.

Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejasi ko‘rib chiqilmoqda. Birinchi bosqichda «Mingo‘rik – Janubiy vokzal» yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa «Janubiy vokzal»dan «Chilonzor buyum bozori»gacha bo‘lgan qismni qurish imkoniyatlari o‘rganiladi. Yangi liniya shahar janubidagi transport yuklamasini kamaytirishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid